СДЕЛАЙТЕ СВОИ УРОКИ ЕЩЁ ЭФФЕКТИВНЕЕ, А ЖИЗНЬ СВОБОДНЕЕ

Благодаря готовым учебным материалам для работы в классе и дистанционно

Скидки до 50 % на комплекты
только до

Готовые ключевые этапы урока всегда будут у вас под рукой

Организационный момент

Проверка знаний

Объяснение материала

Закрепление изученного

Итоги урока

Болалар шеъриятида хажвий образ ярятиш

Категория: Литература

Нажмите, чтобы узнать подробности

Просмотр содержимого документа
«Bolalar she?riyatid»



Bolalar she’riyatida hajviy obraz yaratish (80-yillar she’riyati misolida)

mavzusida yozgan

BITIRUV MALAKAVIY ISHI


MUNDARIJA

1.Tushuntirish qismi - Kirish. ……………………………………………………...3

ASOSIY QISM

I BOB. 80-YILLAR O’ZBEK BOLALAR SHE’RIYATINING O’ZIGA

XOS XUSUSIYATLARI

1.1. 80-yillar o’zbek bolalar she’riyatida realistik hajviy obraz yaratish

usullari......................................................................................……………...........12

I.2. Bolalar she’riyatida satira va yumor…………………………………….........19

II BOB. O’ZBEK BOLALAR SHE’RIYATIDAGI MAJOZIY OBRAZ YARATISHDAGI O’ZIGA XOSLIKLAR



2.1. Hajviylikning shakliy izlanishlardagi badiiy-estetik ahamiyati …………...36

2.2. Hajviy she’riyatda majoziylik va majoziy obraz….………………….……...49

XULOSA


Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati…………………………………......................61













Kirish

Mavzuning dolzarbligi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng respublika madaniy hayotida o’ziga xos ma’naviy muhit maydonga keldi. Bu jarayonda ijod ahlining o’tkir so’zi alohida ahamiyat kasb etishi haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov: “Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va ma’naviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochish bilan birga, biz ilgari ko’rmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatning ertangi kunini o’ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonatga, mehr-oqibatga qaratilgan haroratli so’zi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda1”, - deb ta’kidlaydi. Farzandlarimizning “bizdan ko’ra bilimli, aqlli, dono va albatta, baxtli bo’lishlari kerak”ligi ham shunchaki shoir bo’lmay, davlatimiz rahbarining yosh avlodga chinakam g’amxo’rligi nishonasidir.

Xalqimiz azal-azaldan farzandlarining har tomonlama sog’lom, yetuk insonlar bo’lib yetishishlarini ko’zlabish yuritgan. Bu borada turli tarbiya vositalaridan, shu jumladan, so’z san’atidan ham samarali foydalangan. O’zbekiston mustaqillikka erishgach, ijod erkinligi uchun keng imkoniyatlar paydo bo’ldi; yozuvchi va shoirlar ijodiy biografiyasiga yangi sahifalar ochildi. Hozirda yaratilayotgan badiiy asarlar mohiyat e’tibori bilan sho’ro davridagi ijod namunalaridan farqlanishi tabiiy. Ayni paytda, adabiyotshunoslik ilmi ham adabiyotimiz tarixi, hozirgi adabiy jarayonni tadqiq etishda milliy g’oya, milliy qadriyatlar, jahon ilm-fanidagi ilg’or metodlarga tayanib ish ko’ra boshladi.

Ma’lumki, XX asrning 80-90-yillari, ya’ni istiqlol arafasida yozilgan badiiy asarlarda o’ziga xos adabiy-estetik pafos mujassam. Xususan, bu davr o’zbek bolalar she’riyatida hajviy obrazlar galeriyasini kuzatish mumkin. Zero, hajviy asarlar mohiyatan ko’zguga o’xshaydi: unda har bir kishi muayyan ma’noda o’zini ko’radi, xarakteridagi ba’zi salbiy jihatlarini tezroq bartaraf etishga kirishadi. Shuningdek, yosh kitobxon hajviy asarlar orqali ezgulik bilan yovuzlikni, go’zallik bilan xunuklikni, diyonat bilan imonsizlikni, to’g’rilik bilan egrilikni bir-biridan ajrata olish imkoniyatiga yanada ko’proq ega bo’ladi. Binobarin, hajviy asar tabiatiga xos bo’lgan kulgi orqali fosh qilish san’ati bolalarga do’q-po’pisa yoki nasihatdan ko’ra kuchliroq ta’sir ko’rsatadi. Bolalar bunday asarlarni o’qish bilan o’zlaridagi mavjud illatlardan ogoh bo’ladi va turli nojo’ya xatti-harakatlardan tiyiladi. Adabiyotshunoslikda hajviy asarlar doimo jiddiy e’tibor qaratib kelinishining asosiy sabablaridan biri ham shundadir. Ayniqsa, barkamol avlod masalasiga davlat miqyosidagi vazifa sifatida qaralayotgan bugungi kunda ma’naviy madaniyatimiz va umumiy taraqqiyotimizga to’sqinlik qilayotgan illatlarni badiiy so’z vositasida fosh etish san’atini ilmiy asosda o’rganish har doimgidan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, muayyan bir davr bolalar adabiyotining o’ziga xos - individual xususiyatlariga ilmiy-nazariy baho berish hamda adabiy jamoatchilikda aniq va teran tasavvur paydo qilish ham mazkur bitiruv malakaviy ishning dolzarbligini ko’rsatadi.

Mavzuning o’rganilganlik darajasi. O’zbek bolalar she’riyatida hajviylik muammosi tadqiqiga bag’ishlangan bir qator monografik tadqiqot va risolalar ham kam emas. Ularda o’zbek bolalar she’riyatida qahramon, badiiy til va uslub, satira va yumor masalalari ijodkor mahorati nuqtai nazaridan u yoki bu darajada o’rganilganini kuzatish mumkin. Bu tadqiqot, monografiya va risolalarda, garchi badiiy ijodga davr bilan bog’liq bir yoqlama yondashish holatlari mavjud bo’lsa-da, kichkintoylar adabiyotining badiiy o’ziga xosligi, tasvirning shartliligi, adabiy tanqidning ushbu muammoga munosabati xususida e’tiborli kuzatishlar o’z aksini topgan.

Jumladan, Z.Odilovaning ”O’zbek bolalar she’riyatida yumor va satira (60-70- yillar)” nomli tadqiqotida o’tgan asrning 60-70- yillari bolalar she’riyati materiallari asosida satira va yumordan foydalanish mahorati hamda yumorning bolalar she’riyatida tutgan o’rni masalalari o’rganilgan. Tadqiqotchi Quddus Muhammadiy, Shukur Sa’dulla, Zafar Diyor, Qudrat Hikmat, Po’lat Mo’min kabi bolalar shoirlari yaratgan hajviy she’rlarni tadqiq etib, satira va yumorning tarbiyaviy o’rni, kulgi asosida fosh qilish va obraz muammolariga umumiy munosabat bildiradi.

Yuqorida qayd etilgan izlanishlar asosan o’tgan asrning 60-70-yillari materiallari asosida olib borilgan bo’lsa, D.Rajabov va K.Turdievaning tadqiqotlarida 80-90-yillar bolalar adabiyotidagi badiiy mahorat va lirik qahramon yaratish muammosi tadqiq etilgan.

Biroq bu tadqiqotlarda hajviy she’rlar alohida poetik hodisa sifatida maxsus o’rganilmagan. Vaholanki, shu davr bolalar she’riyatida T.Adashboyev, A.Obidjon, Q.O’tayev, R.Tolipov, A.Ko’chimov, H.Imonberdiyev, K.Turdiyeva, D.Rajabov, A.Akbar kabi iste’dodli shoirlar ijodining kattagina qismini hajviy asarlar tashkil etadi. Ularda kichkintoylar xulq-atvoridagi kamchiliklardan tortib yangilanayotgan jamiyatimiz taraqqiyotiga to’siq bo’layotgan illatlargacha qalamga olinadi. Shuningdek, istiqlol davri bolalar she’riyatida hajviy obraz yaratish muammosi ham haligacha tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolib kelmoqda. Matbuotda chop etilayotgan ayrim maqolalardagina bu masala xususida ba’zi fikr-mulohazalar o’rtaga tashlangan, xolos.

Shu bois, ushbu bitiruv malakaviy ishimizda o’tgan asrning 80-90-yillari o’zbek bolalar she’riyatidagi hajviy obraz yaratish muammosi badiiy mahorat nuqtayi nazaridan ilk bor tadqiq etilmoqda.

Bitiruv malakaviy ishining ilmiy-tadqiqot rejalari bilan bilan bog’liqligi. Mazkur tadqiqot Qarshi davlat universiteti O’zbek adabiyoti kafedrasining ”Hozirgi o’zbek adabiyoti muammolari” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishlari rejasi doirasida bajarildi.

Tadqiqotning maqsadi. Bitiruv malakaviy ishning asosiy maqsadi XX asrning 80-90-yillari o’zbek bolalar she’riyatida hajviylikning o’ziga xos tabiati hamda ijodkorlarning hajviy obraz yaratish mahoratini tadqiq etishdan iboratdir.

Tadqiqot vazifalari. Tadqiqot maqsadidan kelib chiqib, quyidagi vazifalarni amalga oshirish ko’zda tutilgan:

  • o’zbek bolalar she’riyatida hajviyotning o’ziga xos xususiyatlarini aniqlash;

  • o’zbek bolalar she’riyatida konsepsiyaning yangilanishi asosida hajviyaning yangicha mohiyat kasb etganini ko’rsatish;

  • hajviy obraz yaratish usullari va yo’nalishlarini belgilash;

  • hajviy obraz yaratishdagi poetik mahorat qirralarini ochib berish;

  • hajviy obrazlar talqinidagi mushtaraklik va o’ziga xosliklarni tadqiq etish;

  • hajviy obrazlar yaratishda kulgi hosil qiluvchi badiiy unsurlarni aniqlash;

  • hajviy she’rlarning bolalar estetik didini shakllantirishdagi o’rnini belgilash.

Tadqiqot obyekti va predmeti. Bitiruv malakaviy ishda Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon, Qambar O’tayev, Rauf Tolipov, Abusaid Ko’chimov, Hamza Imonberdiyev, Dilshod Rajabov, Kavsar Turdiyeva, Abdurahmon Akbar kabi istedodli shoirlarning o’tgan asrning 80-90-yillarda yaratgan hajviy va yumoristik asarlari tadqiqot uchun asosiy manba qilib olindi. Shuningdek, ishda bir qator yosh ijodkorlarning hajviy asarlari ham o’rni-o’rni bilan tahlilga tortildi.

Tadqiqotning metodologik asosi va metodlari. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning milliy mafkura va ma’naviy qadriyatlar haqidagi qarashlari, adabiyotshunos olimlarning nazariy mulohazalari, XX asr o’zbek bolalar adabiyoti va uning muammolari hamda hajviylik masalalariga bag’ishlangan tadqiqotlar, milliy istiqlol mafkurasiga uyg’un ilmiy-nazariy qarashlar mazkur bitiruv malakaviy ishning metologik asosini tashkil etadi. Ishda M.Qo’shjonov, O.Sharafiddinov, A.Rasulov, P.Shermuhammedov, D.Quronov, S.Mamajonov, H.Egamov, O.Safarov, S.Matchonov, I.G’afurov, S.Irisxo’jayeva, Q.Qahramonov, R.Barakayev kabi olimlarning tadqiqotlaridagi ilmiy-nazariy qarashlarga suyanildi.

Bitiruv malakaviy ishda badiiy asarni tadqiq etishda analitik va qiyosiy tahlil metodlaridan foydalanildi.

Bitiruv malakaviy ishning ilmiy yangiligi. Bitiruv malakaviy ishda o’tgan asrning 80-90-yillari o’zbek bolalar she’riyatida hajviy obraz yaratish muammolari birinchi marta maxsus o’rganilmoqda. Ushbu tadqiqotda bolalar adabiyotidagi hajviy she’rlarning badiiy-estetik qimmati mustaqillik mafkurasi tamoyillari asosida poetik mahorat nuqtai nazaridan yaxlit hodisa sifatida tadqiq etildi.

Ishning ilmiy yangiligi quyidagilar bilan belgilanadi:

  • so’nggi davr o’zbek bolalar she’riyatida hajviy obraz yaratish muammolari ilk bor tadqiq etilib, uning o’ziga xos xususiyatlari ochib berildi;

  • hajviy manzara va obraz yaratishda kulgining tabiati hamda kulgi hosil qiluvchi badiiy tasvir vositalari tadqiq etildi.

Tadqiqot natijalarining ilmiy va amaliy ahamiyati. Ishda XX asrning 80-90-yillari o’zbek bolalar she’riyatining o’ziga xos xususiyatlari va ijodkorlarning hajviy obraz yaratish mahorati tadqiq etildi. Shu bois, mazkur tadqiqotning nazariy umumlashmalari o’zbek bolalar adabiyotining taraqqiyot bosqichlarini belgilashga asos bo’ladigan badiiy-estetik qonuniyatlarni ochishga hamda bolalar she’riyatining poetik tabiatini keng ko’lamda tadqiq etishga xizmat qilishi ishning ilmiy-nazariy ahamiyatini belgilaydi.

Tadqiqotning ilmiy xulosalari va materiallaridan o’zbek bolalar adabiyotini badiiy mahorat nuqtayi nazaridan o’rganishda, oliy o’quv yurtlari, kollej va akademik litseylarda bolalar adabiyoti bo’yicha dars mashg’ulotlari, maxsus kurs va seminarlar olib borishda, bolalar adabiyotiga doir darslik, o’quv qo’llanmalari va majmualar tuzishda keng foydalanish mumkinligi uning uning amaliy ahamiyatini ko’rsatadi.

Bitiruv malakaviy ishning tuzlishi va hajmi. Tadqiqot kirish, ikki asosiy bob, to’rt fasl, xulosa hamda foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat.









I bob. 80-yillar o’zbek bolalar she’riyatning o’ziga xos xususiyatlari.

Ma’lumki, bolalar adabiyotidagi axloqiylik so’qmoqlari nihoyatda turli-tuman va o’ziga xos turfa xususiyatlarga ega bo’lsa-da, hayratlanarli jihati shundaki, ularning barchasi shoirni hajviyot yo’liga olib chiqadi. Chunki biz murojaat qilayotgan kitobxon yoxud tinglovchining o’zi ham tabiatan shunday. Bolalar tabiatida uchraydigan sho’xlik, o’yinqaroqlik, maqtanchoqlik, dangasalik, yolg’onchilik, chaqimchilik, ochofatlik kabi xususiyatlar hajviy asarlar uchun asosiy tasvir unsurlari sanalishi bois o’zbek bolalar she’riyatining kattagina qismini hajviy asarlar tashkil qiladi.

Tabiiyki, bolalar adabiyoti tarixidan mustahkam o’rin oladigan asarlarni chin iste’dod egalari yaratadi. Shu ma’noda professor A.Rasulov yozadi: ”Kulish, kuldirish hajviyaning yetakchi belgisi. Iste’dodli kishilargina kuldiradiradilar, kuydiradilar, lozim bo’lsa yig’latadilar. Mohir san’atkorlar satira, hajviyani to’laqonli timsol orqali kitobxonga havola etadilar2”.

O’tgan asrning 80-90-yillari bolalar she’riyati bir qator jihatlari bilan avvalgilaridan farqlanadi. Bu davr she’riyatida umumshe’riyatga xos bo’lgan sifat o’zgarishlari xarakterlidir. Ma’lumki, bu davr o’zbek adabiyotida muhim o’tish davri- yangicha badiiy tafakkur va poetik izlanishlar davri hisoblanadi. Bu adabiyotda inson ruhiyati, uning ma’naviy olamini o’ziga xos poetik izlanishlar – yangicha poetik obrazlar, ramz va timsollar vositasida ifodalashga e’tibor kuchaya boshladi. Ijodkor konsepsiyasi, voqelik va badiiy so’zga munosabat o’zgardi. Badiiy so’z insonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotda yuz bera boshlagan demokratik o’zgarishlar odamlar ong-shuurida, tafakkurida aks –sado berdi. Bu kayfiyat ularning milliy o’zligini anglashga, sho’ro davriga xos bo’lgan manqurtlik psixologiyasidan qutulishga bo’lgan intilishlarini kuchaytirdi. Natijada sho’ro davri hayotiga xos illatlar ro’y-rost fosh etila boshlandi. Bu hol shu davr adabiyotida o’z ifodasini topib, yangilanayotgan badiiy tafakkur sho’ro davri psixologiyasiga xos fojealarni haqqoniy aks ettira boshladi. Bolalar she’riyatida ham sho’ro davridagidek, ”aldagani bola yaxshi” qabilidagi asarlar emas, balki ijtimoiy-ma’naviy fojelikka sabab bo’lgan inqirozlarning badiiy lavhalari aks etgan asarlar yaratila boshlandi.

H.Imonberdiyevning bir qator she’rlar shu jihatdan ibratlidir. Shoir ”O’q” va ”Ohu” nomli she’rlarida yovuzlikni qoralab, uning oxir-oqibat halokatga mahkum ekanini qalamga oladi. Ma’lumki, o’q salbiy mazmunga ega bo’lib, ko’pchilik tasavvurida raqibni mahv etish uchun qo’llaniladi. Biroq u aslida ezgu maqsadlarga ham, yovuz maqsadlarga ham xizmat qilishi mumkin. ”O’q” she’ridagi ”o’q” majoziy obraz bo’lib, garchi u yovuz maqsadda ishlatilsa-da, yovuzlikning o’zini mahv etishi mumkinligi badiiy lavhalarda gavdalantirilgan.

Yovuz kimsa kamondan o’q uzadi. U qora ajal timsolida nishon izlab uchib borarkan, yo’lda ona jayronga ro’baru keladi. Ona jayron uyda bolalari kutayotganini aytib, o’ziga tegmasligini so’rab yolvoradi. O’q nishondan voz kechib, jayronning yonidan o’tib ketadi. Yo’lida duch kelgan chinor ham bag’ridagi inlarda polaponlar borligini aytib faryod soladi. Shunda o’q bu nishondan ham voz kechib, Yerga – ona zaminga yuzlanadi. Ona zamin esa shusiz ham yurak-bag’ri o’chmas dog’, yuz minglab yara-chaqasi borligini aytib, unga tanbeh beradi. Chorasiz qolib holdan toygan o’q yana otilgan joyiga qaytib keladi. She’r quyidagicha ibratli xulosa bilan yakunlanadi:

Xuddi shu payt shum kishi

Boshqa o’qni joylardi.

Alam-la qayrab tishin,

Kimlarnidir poylardi.

U quloq ham qoqmadi

Ajalning sharpasiga.

Uchib kelib sanchildi

O’q shundoq orqasiga...3

Geometriya fanida o’z o’qi atrofida parallel ravishda harakatlanayotgan predmet oxir-oqibat harakat boshlangan joyga qaytib kelishi haqidagi qonun bor. Shoir o’z she’rini maktab o’quvchisi, ya’ni yosh bola yaxshi biladigan ushbu qonunga muvofiq tarzda yaratgan. Demak, kamon o’qining Yer atrofini bir marta aylanib, yana o’zi otilgan joyga qaytib kelishi va yovuz niyatli odamning orqasiga sanchilishi ham ramziy yo’sinda ishonarli tarzda tasvirlangan. Asarni o’qigan yosh kitobxon esa: ”Birovga choh qazisang, unga o’zing tushasan” degan o’zbek xalq maqolini eslaydi va uning naqadar to’g’riligiga yana bir bor imon keltiradi.

Kuzatishlarga qaraganda, bolalar uchun yaratilgan she’riy asarlarning aksariyati bola tabiatini ochishga va odob-ahloq mavzisiga bag’ishlanadi. Buning asosiy sababi ushbu asarlar kichkintoylarning ”bu nima”, ”nima yaxshi-yu, nima yomon” tarzidagi to’xtovsiz savollariga o’ziga xos javob tarzida yaratilishidadir. Ayni shu holat bolalarga bag’ishlab yaratilgan ko’plab dostonlarga ham xos xususiyat hisoblanadi.

O’zbek bolalar adabiyotida bevosita bolalar she’riyatida poetik vositalar orqali satirik obraz yaratish mahorati masalasiga bag’ishlangan, o’zbek bolalar adabiyotida bevosita bolalar hayotidan olib yozilgan satirik she’rlar, aslida, unchalik ko’p emas. Jumladan, Quddus Muhammadiyning ”Dum”, ”Tugmacha”, G’afur G’ulomning ”Nortojining kurak tishi”, Po’lat Mo’minning ”Salimjon – nimjon” kabi she’rlarini satirik asarlar sifatida baholash mumkin. Ulardagi satirik qahramonlar o’zining yolg’onchiligi, tuhmatchiligi, yalqovligi, dangasaligi, tozalikka rioya qilmasligi, darslarni o’zlashtirmasligi kabi illatlari bilan ma’lum va mashhur. Mazkur she’rlarda hajviy obrazlarning satirik qiyofasi kulgu vositasida fosh etiladi va, ayni paytda, ularning ushbu illatlardan tezda forig’ bo’lishi g’oyasi ham ilgari suriladi. Bu o’rinda shuni ham qayd etish kerakki, bu tipdagi she’rlarda bolalarning satirik qiyofasini chizishda ijodkorlar majoziy detal va tasvirlardan samarali foydalanganlar.

O’tgan asrning 80-90-yillari o’zbek bolalar she’riyatida bevosita bolalarning satirik obrazi yaratilgan she’rlarning kam uchrashini, ular ko’proq majoziy va allegorik obrazlar shaklida namoyon bo’lishini kuzatish mumkin. Bevosita bolalar hayotidan olib yozilgan she’rlarda esa satirik qahramonlar chaqimchilik, o’yinqaroqlik, vijdonsizlik kabi illatlari bilan ajralib turadi. Bular salbiy hodisa sifatida beg’ubor kulgu va ramziy detallar orqali ochib beriladi. Bolalar adabiyotida ushbu illatlarni qoralagan she’rlar ko’p. Shu bilan birga, bunday she’rlarda ijtimoiy-ma’naviy motivlar kuchayganini ham qayd etish joiz. Jumladan, R.Tolipovning ”Bitta yomon”, ”Bir majlis”, A.Ko’chimovning ”O’rtalik”, ”Mish-mishvoy”, ”Men g’iybatchi emasman”, ”Xiyla”, R.Nazarning ”Dahshat”, ”Zoologiya muallimining hikoyasi”, ”Ta’til”, ”Uyquchining armoni”, ”Bahs”, ”Hamyon”, ”Ota-onalar majlisi”, ”Kutubxonachi minbari”, ”Tartib”, ”Qirdagi lolalar”, ”Jur’atsiz o’g’lon”, U.Shukurovning ”Bir a’lochi, bir yalqov”, H.Imonberdiyevning ”Alixo’ja – Xo’jaali”, ”Hamyon”, ”Turdi, o’g’ri va Ketmonvoy”, ”Tabiatning xatosi”, ”Shirinliklar oroli”, ”Urishqoqlar”, ”Olabo’ji”, ”Temir tirnoq” kabi she’rlari shu jihatdan xarakterlidir.





















I.1. 80-yillar o’zbek bolalar she’riyatida realistik hajviy obraz yaratish usullari


O’zbek bolalar adabiyotida bolalarning sevimli qahramoniga aylanib ketgan yumoristik obrazlar ko’plab yaratilgan. Xususan, Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat, Shukur Sa’dulla, Po’lat Mo’min singari shoirlar o’z davrida yaratgan ko’plab yumoristik obrazlar bolalarning ma’naviy mulkiga aylandi. Bu asarlar haqida S.Mamajonov, P.Shermuhammedov, B.Imomov, M.Yunusov, O.Safarov, X.Egamov, S.Irisxo’jayeva, H.Qayumov, R.Xo’jayeva kabi adabiyotshunoslar o’z fikrlarini bildirishgan. Jumladan, ”Yumor Sh.Sa’dulla hajviyotining yetakchi xususiyati hisoblanadi. Uning yumoristik kulgusi – beg’araz, u bolalar xarakteridagi noshudlik, injiqlik, surbetlik, ivirsiqlik, dangasalikdan kuladi4”, - deb yozadi O.Safarov. M.Yunusovning fikiricha, ”Quddus Muhammadiy nima haqida yozmasin, uning sehrli qalami ostida hamma narsa jonlanadi, odamlarga o’xshab harakat qiladi va gapiradi. Bahor tilga kirib: ”Bormaysanmi dalaga, Bahor sayli – lolaga?” deydi. Ko’z, quloq, burun, qo’l, oyoq kabi a’zolar yig’ilishib, o’zlarini ozoda saqlamaydigan ”Dangasa, yalqov, sayoq”lardan shikoyat qiladilar. Harflar yozda bo’sh qolib, yuragi qizib, o’yinga tushib ketadilar (”Harflar o’yini”). Kolxoz bog’idagi turli –tuman mevalar suhbatlashib, o’z fazilatlarini namoyish etadilar (”Daraxtlar suhbati”) va hokazo. Agar bu narsalar odam tili bilan so’zlab, odamlar qiyofasiga kirmaganda, albatta, qiziqarli va uzoq esda saqlanadigan bo’lmasdi5”.

80-90-yillar o’zbek bolalar adabiyotidagi yumoristik she’rlar o’zining keng qamrovliligi, badiiy mazmundan tashqari ijtimoiy mazmunni ham ifodalashi bilan ajralib turadi. Bu davr she’riyatida mavjud an’ananing muvaffaqiyatli tarzda davom ettirilgani bilan birga ijodiy boyitilganini ham kuzatish mumkin.

T.Adashboyev, A.Obidjon, Q.O’tayev, R.Tolibov, A,Ko’chimov, H.Imonberdiyev, K.Turdiyeva, D.Rajab, A.Akbar kabi ko’plab ijodkorlar yumoristik obrazlar galeriyasini yaratdilar. Jumladan, T.Adashboyevning she’r va ertaklari qanday mavzuda bo’lishidan qat’iy nazar, bolalik olamining betakror kashfiyotlariga aylana borganligi bilan e’tiborga sazovordir. O’sha jihatlarni professor A.Rasulov shoir ijodi xususida yozgan ”Bolalikning beg’ubor osmoni” maqolasida: ”Uning she’rlarida bola tabiatiga o’xshash samimiylik, botiniy po’rtana, vulqoniy shiddat bor. U bola ko’zi bilan, ko’rganini quvonib tasvirlaydi”6, deb alohida ta’kidlaydi. Shoirning yumoristik she’rlarida ham bolalarga bo’lgan juda katta mehr-muhabbat, samimiyat yaqqol seziladi. Uning bolalar olamini bevosita yumoristik ruhda aks ettiruvchi ”Hali yosh-da”, ”Muharramning mashg’uloti”, ”Burni qonab”, ”Ahil do’stlar”, ”Dilmurodning vaqti yo’q”, ”Oshxo’rak”,”O’n ikki varaq daftar”, ”To’rt amaldan – bir amal”, ”Alg’ov – dalg’ov aralash”, shuningdek, maktublar turkumiga kiruvchi bir qator she’rlari, ”Uch bo’taloq va sirli qovoq” kabi ertaklarida ushbu samimiyat nafasi ufurib turadi. Ularda bolalar tabiatidagi uchraydigan ayrim qusurlar o’ziga xos poetik bo’yoqlarda kulgi vositasida fosh etiladi. Shoir bolalar tabiatidagi u yoki bu nuqsonni real manzaralarda tasvirlar ekan, ko’pincha uning qanday oqibatlarga olib kelishini sharhlab o’tirmaydi, balki qissadan hissa chiqarishni tasvirlar ekan, balki qissadan hissa chiqarishni kitobxonning o’ziga qoldiradi.

Darhaqiqat, T.Adashboyev bolalar ruhiyatiga xos zukkolik va topqirlik, xayolparastlik va boy fantaziyani, orzu-umid va intilishlarini mohirlik bilan yumoristik pafosda ifodalay oladi. Zero, faqat bolalargina kun botish manzaralarini:

- Dada, quyosh dumalab,

Tog’ boshiga yetibdi.

Yiqilibdi shekilli,

Burni qonab ketibdi, -

deya tasavvur qilishi va ifoda etishi mumkin.

Umuman olganda esa, 80-90-yillar bolalar she’riyatida yumoristik obraz yaratishda muayyan yutuqlar qo’lga kiritildi. Bolalarning ma’naviy olamini yuksaltiradigan, estetik didini shakllantirishga xizmat qiladigan ko’plab asarlar yozildi. Ijodkorlar, eng avvalo, kundalik turmushdagi ba’zi bir illatlarni kulgi vositasida tasvirlab, ularning mazmun-mohiyatiga urg’u berdilar. Bunda bolalar she’riyatiga mish-mish, g’iybat, chaqimchilik, ochofatlik, dangasalik kabi ko’plab salbiy odatlar asos bo’lib xizmat qildi. Ayni paytda, o’zbek bolalar satirik she’riyatida hajv tig’ini ijtimoiy-ma’naviy hayotdagi muammolarga qaratish orqali ijodkorlar satirik obraz qiyofasini, uning yashash falsafasi mohiyatini ochishga harakat qilganlarki, bu xususiyat o’ziga xos estetik tamoyilga aylangan.

Shoirlar illatlarni fosh etishda realistik tasvir hamda ramziy-majoziy obrazlarga murojaat qilib, hayotdagi illatlarning tub mohiyatini ochishga intildilar. Bu tipdagi she’rlarda real hayot manzaralari bilan poetik ko’chimlar o’zaro uyg’unlashib, betakror badiiy topilmalar yaratildi.

Ijodkorlar bolalar adabiyotining o’ziga xos tabiatidagi kelib chiqqan holda ko’proq ularning o’zini o’zi fosh etishi hamda kulgiga qo’yishi usulidan keng foydalanishdi. Bu xususiyat esa badiiy asrlarning ta’sirchanligini oshirgan.

Hajviy asarlarda xalq og’zaki badiiy ijodi an’analaridan foydalangan holda sodda, samimiy, serma’no fikrlarni sodda qofiyalarga solib, realistik hajviy obraz yaratishga erishildi. Bunday estetik tamoyil ham ushbu davr o’zbek bolalar she’riyati ravnaqiga ijobiy ta’sir ko’rsatgan.

Bu davrdagi satirik va yumoristik she’rlarda shoirlar o’zlari tasvirlayotgan manzaraga go’yo ”betaraf” turib, qahramon xatti-harakatlari tasviri vositasida kulgi hosil qilishga erishganlar. Kulguli holatga tushib qolgan qahramon kichik kitobxonni o’ylashga, fikr yuritishga undaydi.

O’zbek bolalar adabiyoti tarixida majoziy obrazlarning ko’plab namunalari yaratilgan. Jumladan, Quddus Muhammadiyning ”Qo’ng’izoy bilan Sichqonvoy”, Qudrat Hikmatning ”Ilon shoh haqida ertak”, Shukur Sa’dullaning ”Och bo’ri, sho’x qo’zi va qirchang’i”, Adham Rahmatning ”Qaldirg’och, ilon va beshiktebratar haqida ertak”, Po’lat Mo’minning ”Qovoqvoy va Chinoqvoy”, ”Suqatoy – konfetvoy” kabi xalq og’zaki ijodi namunalari asosida yaratilgan qator asarlarida satirik obrazlarning yuksak namunalarini uchratish mumkin.

Z.Odilovaning ”O’zbek bolalar she’riyatida satira va yumor (60-70-yillar)” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida o’sha davr she’riyatidagi satirik va yumoristik ruh asosan bolalar tabiatidagi kir-chir yurish, yaxshi o’qimaslik, odobsizlik kabi nuqsonlar bilan bog’lab tasvirlangani va bunday talqin aslida ham hayotiy asosga ekani haqida fikr yuritiladi. Ayni paytda, o’sha davr bolalar she’riyatining darajasi va tarixiy-ijtimoiy muhit bundan ortiqcha talablarga javob berishga qodir emas edi.

XX asrning 80-yillari o’rtalaridagi ijtimoiy muhitda ro’y bergan o’zgarishlar badiiy adabiyotda, jumladan bolalar adabiyotida ham yangicha poetik tafakkurni maydonga keltirdi. Bolalar she’riyatnining ilk bora ijtimoiylashuv, majoziy tarzda namoyon keltirdi. Bolalar she’riyatida ilk bora ijtimoiylashuv, majoziy tarzda namoyon bo’ldi. Bolalar she’riyatining yetakchi namoyondalaridan biri Anvar Obidjonning ”Kumush uy” turkumidagi bir qator she’rlari fikrimiz dalilidir. Chunki ”aslida ”Kumush uy”ning o’zi ham Vatan ramzi. Zero, Ipak qurti qurgan, eshigi-derazasi yo’q kumush uy aslida xalqimizni yetmish yil tentiragan kelajagi qorong’u, xayoliy sotsialistik tuzum timsoli”. Ushbu fikrni yanada davom ettiradigan bo’lsak, sho’rolar qurgan usti yaltiroq, ichi qaltiroq ”kumush uy” uni ipak qurti singari butun dunyodan ajratib qo’ydi. Shoir shu qisqagina majoziy she’rida xalqimizning sho’ro istibdodi davridagi hayotini pardalarga o’ragan holda zaharhanda kulgi bilan tasvirlagan. Biroq sh’er yosh kitobxon ruhini aslo cho’ktirmaydi. Chunki bahorda ipak qurti kapalakka aylanib, urug’ qo’yib, pillani teshib chiqib ketadi. Ushbu satirik she’r, bir jihatdan shoirning o’z davri ijtimoiy muhitiga munosabatini ramziy yo’sinda aks ettirsa, ikkinchi tomondan, ushbu tuyg’u yosh kitobxon qalbiga ham ko’chib o’tadi.

Asosan sho’ro tuzumini madh etish ruhi ustivorlik qilgan o’zbek bolalar she’riyatida XX asrning 80-yillari ikkinchi yarmida yuzaga kelgan yuqoridagi kabi she’rlar ijodkorlarning yosh avlod ma’naviyatini shakllantirish, ularni ozod, hur insonlar qilib tarbiyalashga yangicha munosabatlarining misoli sifatida e’tiborga sazovordir.

Kuzatishlardan ma’lum bo’ladiki, so’nggi davr bolalar she’riyatida hajviy obraz yaratish quyidagi usullar bilan amalga oshirilgan:

  1. Bolalarning bevosita hajviy qiyofalarini chizish orqali ular harakterida uchrab turadigan chaqimchilik, g’iybatchilik, dangasalik, yolg’onchilik kabi illatlar hajv tig’iga olinadi.

  2. Bolalarning hajviy obrazini yaratish orqali hayotdagi muhim ijtimoiy-ma’naviy, axloqiy muammolar, illatlar hajviy yo’sinda fosh etiladi va shu tariqa kichik kitobxonda hajviy obrazga, uning yashash falsafasiga munosabat shakllantiriladi.

  3. Bolalarning ma’naviy-axloqiy olamini, ular tabiatidagi ba’zi nuqsonlarni fosh etishda majoziy obraz va detallardan, shartli tasvirdan keng foydalanildi. Bunda realistik tasvirni poetik ko’chimlar teranlashtirgani ko’zga tashlanadi.

  4. Ijodkorlar hayvonlar, parranda va darrandalarning allegorik obrazlari orqali muhim ijtimoiy hamda ma’naviy muammolarga e’tiborni qaratib, ularni keltirib chiqargan sabablarning ildizini ochib berishdi. Bunday ijodiy izlanishlar o’zbek bolalar adabiyotining yetakchi tamoyillaridan sanalib, iste’dodli ijodkorlarning hayot hodisalari, inson shaxsi va ruhiyatiga chuqurroq kirib borganidan dalolat beradi.

80-yillar bolalar she’riyatida quvnoq yumor vositasida majoziy obraz yaratishga alohida e’tibor berilganini ko’rish mumkin. Shoirlar satirik obraz yaratishdagi kabi yumoristik obraz yaratishda ham majoz va poetik ko’chimlardan unumli foydalanishdi. Biroq ijodkorlar satirik obraz yaratishda, ko’rib o’tilganidek, ko’proq xalq orasida satirik timsol darajasiga ko’tarilgan bo’ri, tulki, kalamush, qarg’a, chumchuq kabi hayvonlar, parranda-yu darrandalar obrazidan foydalanishsa, yumoristik obraz yaratishda turli xil jonivorlardan tashqari dov-daraxtlar, o’simliklar olami, har xil predmet va hodisalarga ham murojaat qilishadi. Ularning majoziylashgan yumoristik qiyofasini yaratishda poetik ko’chim, majoziy va ramziy tasvirlarga katta e’tibor qaratishadi.

Ayniqsa, Anvar Obidjon, Dilshod Rajab, Abdurahmon Akbar, Rustam Nazar kabi shoirlarning bu boradagi izlanishlari xarakterlidir. Anvar Obidjonning ”Juda qiziq voqea” nomli she’riy to’plami boshdan-oyoq shu tipdagi yumoristik she’rlardan tashkil topgan. Shoirning o’zi ham kitob muqaddimasida: ”... bolalarning dunyosi, ona tabiat nafasi, turli buyum va jonzotlarning sirli olami haqida iloji boricha quvnoqroq tarzda so’z yuritishga harakat qildim”, deya e’tirof etadi. To’plamdagi ”Xabar sotuvchi” she’rini o’qigandayoq bu holni yaqqol his etish mumkin. Mazkur she’r xalq og’zaki ijodi, xususan, xalq dostonlaridagi shahar kezib, turli-tuman mollarni sotib yuruvchi attorlarning qo’shiqlari usulida yozilgan bo’lib, quvnoq yumorga boydir.

Yangi gaplar sotaman,

Eski gaplar ham.

Bolajonlar, kepqoling,

Qoldi juda kam.

Surishtirmang narxini,

Shardan ham arzon.

Xo’rozqandga – rost xabar,

Pishloqqa – yolg’on.

Shu tariqa quvnoqlik bilan boshlangan she’rda turli-tuman hayvonlaru parrandalar, jonivorlar haqidagi ”eski-yangi gap”lar ”arzon baho”ga sotilishi ta’sirchan manzaralarda tasvirlanadi. Bunda ”yangi gap”ning kepaksiz ungayu eskisining puch yong’og’i sovunga ”almashishi”dan tortib, kaptarning tushida burgutni yeb qo’yishigacha, tulkivoyning bitta xo’rozni tutib kelib bo’riga hiringlashiyu, hazilni uncha xush ko’rmaydigan bo’rining avval xo’rozni, keyin tulkining o’zini yeyishigacha, uch yil bir sinfda o’qigan eshakning ayiqni ”savodsiz” deb haqorat qilishigacha, xullas, ko’plab majoziy obrazlarning xilma-xil yumoristik ruh bilan yo’g’rilgan qiyofalarini ko’ramiz.

So’nggi davr bolalar she’riyatida yumoristik obraz yaratishda, asosan, ikki yo’nalish ustuvorlik qiladi. Birinchi yo’nalishni bevosita bolalarning yumoristik obrazlari yaratilgan she’rlar tashkil etadi. Bu tipdagi she’rlarda shoirlar bolalar tabiatida uchrab turadigan ayrim sho’xlik va o’yinqaroqliklarni, dangasalik va to’polonchlik odatlarini quvnoq qahqaha bilan fosh etadilar. Shu jihatdan T.Adashboyev, Anvar Obidjon, Dilshod Rajab kabi shoirlar yaratgan qahramonlar alohida ahamiyatga ega. Ularning asarlarida obraz ruhiyatidagi yetakchi xususiyatlar yumoristik kulgu vositasida ta’sirchan qilib tasvirlanadi.

Ikkinchi yo’nalishni majoziy she’rlar tashkil etadi. Bunda turli narsa-predmetlar, hayvonlar, parrandayu darrandalarning majoziy xarakterdagi yumoristik obrazlari yaratilganini kuzatish mumkin. Bu obrazlar faqat tashqi shakl-shamoyili bilan emas, balki poetik mazmuniga ko’ra ham mukammal darajaga ko’tarilgandir. Bu tipdagi obrazlarni yaratishda mavjud ijodiy an’ana va vorisiylik katta ahamiyat kasb etadi.




















I. 2 . Bolalar she’riyatida satira va yumor

Bolalar adabiyotining o`ziga xos tabiati, uning ma`rifiy, badiiy-estetik qimmati doimo ijodkorlarning ham, tanqidchiarning ham diqqat markazida bo`lib kelgan. ”O`zbekiston adabiyoti va san`ati” haftaligida uyushtirilgan ”Mustaqillik davri bolalar adabiyoti: tahlil va talqinlar’ nomli davra suhbatida ham bu masala yuzasidan turli fikr-mulohazalar aytildi. Jumladan, davra ishtrokchisi, prof.

S. Matchonov bolalar adabiyotining tarbiyaviy hususiyatlariga to`xtalib, bu hil turli davrlarda turlicha izohlanib, davrdagi yetakchi g`oyalarga hizmat qilib kelganligini ta`kidlaydi. Olim fikriga ko`ra, XX asr boshlarida Hamza, Avloniy kabi mutafakkirlar asarlari mohiyatida marifatparvarlik g`oyalari namoyon bo`lgan bo`lsa sho`ro davrida ko`proq sho`ro mafkurasi tashviq qilingan. Istiqlol davrigagina kelib yaratilayotgan qahramonlar ”...faqat a`lo xulqi va o`qishi bilangina emas, balki olamni anglash yo`lidagi intilishlari, hayot va tabiatga faol munosabati bilan ham ajralib turadi”.

Davra ishtrokchilaridan Q. Qahramonov esa bugungi globallashuv davrida bolalar adabiyotiga faqat tarbiya vositasi sifatida yondashib bo`lmasligini, balki undan bolalarning o`ziga xos ruhiy olamini izlash zarurligini ta`kidlab, shunday yozadi: ”Bolalar adabiyoti ham, avvalo, san`at hodisasi sifatida insonni badiiy kashf etishi zarur. Uning tasvir obyekti insondir. Demak, bolalik olamini kashf etolmagan asar har qanday tarbiyaviy maqsadni ko`zlamasin, o`z maqsadiga erisha olmaydi”.

Shoir va munaqqid D. Rajabov ”Badiiyat – ma`rifatdir” nomli maqolasida bolalar adabiyotining tarbiyaviy xususiyati va badiiyligi to`g`risida quyidagi fikr-mulohazani bayon etdi: ”Satira va yumor esa ushbu ta`sir quvvatini oshiruvchi eng asosiy qurollardan biridir. Bolalar adabiyotida satira va yumorning asosiy o`rinlardan birini egallashining boisi ham shundadir. Ayniqsa, so’nggi davr bolalar she`riyatini kuzatgan-da, satira va yumor asarning ham badiiy mukammaligini ta`minlashga, ham tarbiyaviy ta`sir kuchini oshirishga birday xizmat qilganligini ko`rish mumkin”. T. Adashboyev ”Alg`ov-dalg`ov aralash”, H. Imonberdiyevning ”Harflar jangi” kabi asarlari ayni jihatdan xarakterlidir. T.Adashboyev she`rida lirik qahramon ”Alifbe”dan o`rin olib, o`z burchini halol o`tab kelayotgan har bir harf, tinish belgilar adashib ketishsa nima bo`lardi, degan vahimali tassavvurlarga beriladi. She`rda ”B” harfi bilan bog`liq bo`lgan voqea shunday ta`svirlanadi:

”B” adashsa:

Basharti ”B” bo`lmasa,

Bug`doy non yopilmaydi.

Bag`dodga, Buxoroga

Bilet ham sotilmaydi.

She`rda shu tariqa ”V”, ”G”, “Q”, “I”, “K” kabi ko`plab harflar bilan bog`liq she`riy tasavvurlar hikoya qilinadi. Shoirning mahorati shundaki, har bir she`rdagi shu xil adashishlar oqibatida quvnoq kulgi yuzaga keladi.

She`r bolalarning tasavvur olamini kengaytiradi. Bolalar unda tasvirlanayotgan harflarni alg`ov-dalg`ov holatini tasavvur qilishar ekan, quvnoq yumordan, boy poetik mazmundan estetik zavq, didaktik mazmundan ma`rifiy saboq olishadi. Negaki, shoir she`rida har bir harfni poetiklashtirar ekan, albatta bolalarning ma`rifiy ehtiyojlarini ham nazarda tutadi.

H. Imonberdiyevning ”Harflar jangi” she`rida ham shunga o`xshash manzarani kuzatish mumkin. Unda tasvirlanishicha, tinch-ahil yashayotgan o`ttiz besh harf kutilmaganda nifoq tushadi. Buning asosiy sababi esa harflar muzqamoq uchun navbatga turishganda ”U” oyim bilan uning o`g`li ”U”chaning orasiga ”R”bekning bemavrid suqilishidir. Shoir ushbu vaziyatni jonlashtirib, quvnoq yumor bilan quydagicha majoziy tarzda tasvirlaydi:

”U” oyim bosiq edi,

”R”ga ”uyat-e”, dedi.

Shu on “R”: - ayatingni

Bor, pishirib ye, - dedi.

Shoir harflarning ushbu mojarosi manzarasini tasvirlar ekan, dialog san`atidan foydalanib, bolalarning kundalik hayotda har kuni duch keladigan, ehtimol o`zi ham faol ishtrok etadigan jonli, tanish jarayonni harflar vositasida suvratlantirib, quvnoq kulgu yaratadi. Bunda har bir harfning janjalga munosabati ularning shakliga mos holatlari bilan kugili tarzda jonlantirilishi bolalarning zavqini oshirib, quvnoq qahqahasiga sabab bo`ladi.

Shoir harflar jangi tasviri vositasida bolalarga o`zlarining kundalik hayoti to`palonlari, urush-janjallar manzarasini shunday ustalik bilan kugili tasvirlaydiki, natijada kitobxon ularning harflar ekanligini ham bir zum unitib, o`zini shu jarayonni ishtrokchisiga aylanib qolganday his etadi:

Jahldor “Q” bir tepib,

“O”ni to`pday uchirdi.

Yosh ketti deb “S” “O”ni

Alfavitdan o`chirdi.

She`rda harflar jangini barham topishi ham g`aroyib, ham ma`rifiy usulda o`z yechimini topadi. Bu ham shoirning poetik topqirligidan nishona.

Ma`lumki, H. Imonberdiyev yaratgan qahramonlar sirtdan qaraganda jinday ayyor, shirinlikka o`ch, hayolparast, sal e`tiborsizlik qilsangiz chap berib chuv tushirib ketadigan ustomon, quvnoq bolalardir. Lekin ushbu xususiyatlari ba`zanularning o`ziga pand berib, quvnoq kulguga sabab bo`ladi. Mazkur tipdagi she`rlarning tarbiyaviy ahamyati haqida gap ketganda bir masalaga diqqatni qaratish zarur. Shoir shu tipdagi barcha she`rlarida o`quvchiga pand nasihat qilmaydi, oshkora sezilib turadigan ma`rifiy-didaktik g`oyalarni yalang`och tarzda ifoda etmaydi. Aksincha, bolalarning kundalik turmushiga xos bo`lgan oddiy voqea-hodisani, so`z, jumlani, poetiklashtirb, badiiy obraz darajasiga ko`tarib, unga yomoristik ruh va kulgi baxsh etadi. Ana shu yumoristik ruh va kulgi she`rning tarbiyaviy qiymatini belgilaydi.

Yosh kitobxonlarning ma`naviy dunyosini boyitishda, estetik didini shakllantirishda Anvar Obidjon ijodining tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda kattadir. Shoirning ”Juda qiziq voqea” kitobiga kiruvchi bir qator she`rlari o`zining ixchamligi, badiiy mukammalligi, yumorga boyligi bilan ajralib turadi. Shoir ”Kulchalar” turkumidagi debocha vazifasini o`tovchi ”Kezaman, yozaman...” she`rida ramziy tarzda ta`kidlaganidek mazkur she`rlarida bolalar hayotida uchrab turadigan, birqarashda nazarga tushmaydigan, lekin asli bolalik olamini, uning tuyg`ularini, hayot tarzini, voqelikka bo`lgan munosabatini noziklik bilan ilg`ay olganligini eng muhim, uni yosh kitobxon o`stiradigan tarzda quvnoq ohanglarda tasvirlay olganligini ko`rish mumkin.

Shoir oddiygina xodisadan ham poetik mazmun topa oladi. Masalan, kichkintoylarga ”kimning qizisan?” – deb savol bersalar, ”Otamning qiziman”, - deb javob berishadi. Familiyasini so`rasangiz, soddalik bilan otasining kasbi bilan bog`lab javob berishadi. Shoir shu kabi xuddi qo`shiq qilganday o`ynoqi satrlarga tizadi. ”Otasining qizi” she`rida Jamilaxondan familiyasini so`raganda u shunday javob beradi:

O`ylanib der

Jamila:

- Bog`bon qizi –

Familiyam.

Anvar Obidjon faqat bolalarning xarakterini ochishga xarakat qilgan she`rlaridagina emas, balki predmetlar, narsa hodisalarga bag`ishlangan, she`rlarida ham shunday mahorat bilan qalam teratadi.

Shoir har bir predmetning o`ziga xos xususiyatini tasvirlash orqali uning boshqalardan farqlanib turuvchi badiiy obrazini yaratadi. Ushbu tanlab olingan xususiyat she`rga hajviy ruh va kulgi baxsh etadi. Ayni jihatdan, ayniqsa, ”Siz eshitmagan qo`shiqlar” turkumiga kiruvchi asarlari xarakterli. Shoir mazkur turkumda predmetlar, parranda-yu, darrandalar, narsa-hodisalarni har xil juft va taqlidiy so`zlardan mohirlik bilan foydalanib, o`z tillariga mos ravishda kuylatadi.
Bolalar esini tanigandan boshlab, tevarak-atrofdagimuhitga qiziqib qaraydi, olam jumboqlarini, sirlarini, umuman hayot haqiqatini bilishga intiladi. Bu intilish esa bora-bora taqlidchilikni tug`diradi. Darhaqiqat, yaxshilikka, yangilikka taqlid qilish bolalarning azaliy odati. Shu ma`noda bolalarni olam jumboqlari bilan tanishtirishga qodir lirik qahramon yaratish – boshqa janrlar kabi bolalar she`riyatining, shu jumladan satirik va yumoristik she`riyatining ham oddiy talabidir.

Bolalar adabiyotining o’ziga xos tabiati, uning ma’rifiy, badiiy-estetik qimmati doimo ijodkorlarning ham, tanqidchilarning ham diqqat markazida bo’lib kelgan. Bolalar she’riyatida ilm-ma’rifatni targ’ib qiluvchi alifbo, harflar, tinish belgilari, husnixat kabi mavzularda ko’plab she’rlar yaratilgan. Jumladan, Quddus Muhammadiyning ”Dum”, ”Tugmacha”, ”Temirlar o’yini”, Sulton Jo’raning ”Tinish belgilarining majlisi”, Po’lat Mo’minning ”Salimjon-nimjon”, ”Parpining harfi” kabi she’rlari fikrimiz dalilidir. Tadqiqot uchun obyekt qilib olingan davr she’riyatida ham bu an’ana davom etdi. Masalan, T.Adashboyevning lirik qahramoni ”Alifbe” dan o’rin olib, o’z burchini halol o’tab kelayotgan har bir harf, tinish belgilari adashib ketishsa nima bo’lardi, degan vahimali tasavvurlarga beriladi. She’rda ”A” harfi bilan bog’liq voqea shunday tasvirlanadi:

Agarda ”A” adashsa,

Andijon, Asakani,

Ariqni, anhorlarni

Atardik ne deb qani?

Shu tariqa boshqa shu kabi ko’plab harflar bilan bog’liq she’riy tasavvurlar hikoya qilinadi. Shoirning mahorati shundaki, har bir harfdagi shu xil adashishlar oqibatini quvnoq kulgi bilan yakunlaydi.

She’r bolalarning tasavvur olamini kengaytiradi. Bolalar unda tasvirlanayotgan harflarning alg’ov-dalg’ov holatini mushohada qilishar ekan, quvnoq yumordan, boy poetik mazmundan estetik zavq, didaktik mazmundan ma’rifiy saboq olishadi. Binobarin, bolalarga mo’ljallangan hajviy she’rlarning ma’rifiy qimmati faqat savodxonlik ruhida tarbiyalashdan iborat bo’lmay, ayni paytda, ular bolaning tabiatga, atrof-muhitga madaniy munosabatda bo’lish malakasini shakllantirishga xizmat qiladi.

Yosh kitobxon nazarida ijodkor – sehrgardir. Agar sehrgar cholning qo’lidagi sehrli tayoqchasi hayratomuz mo’jizalar yaratsa, ijodkorning sehrli qalamidan ham ana shunday mo’jizalar yaraladi. Shu sababli ham haqiqiy shoir qalamidan yaralgan oddiygina so’zlar yosh kitobxon ko’z o’ngida sehrli tosh singari turfa qirralari bilan namoyon bo’ladi. Oddiy so’zlarning sehrli so’zlarga aylanishida esa, bizningcha, eng katta imkoniyat hajviy asarlardir. Bolalar adabiyoti she’riyatini tarozining ikki pallasiga bo’lsak, bir pallasini hajviy she’rlar egallashi, ehtimol aslida shundandir?! Chunki haqiqiy hajv dastavval, kitobxonning dilini ravshan, tilini burro qiladi. Bunday asar kitobxonni dastro’molga piqillashga emas, balki bor ovozi bilan qah-qah otib kulishga majbur qiladi. Hamza Imonberdiyevning ”Darsda” she’ri so’z o’yini va nozik qochiriqdan yaralgan yumor asosiga qurilgani bilan yosh kitobxon diqqatini tortadi:

Yalanglikda gullarga

Dars o’tardi ”Qariqiz”:

”Chalg’imay u –bularga

Quloq bering baringiz”.

”Qirqquloq” quloqlarin

Ding etgan tinglashga dars.

Biroq-chi, o’rtoqlari

Holi-joniga qo’ymas.

Tinglaydi bir qulog’i

”Qo’g’a” partadoshini,

Yana bir o’rtog’i

Go’zal ”Kakku yoshini”

- Qo’ng’iroqqa qancha bor?

So’raydi ”Qashqa beda”.

”Tuyoq o’t” so’rar takror:

Olib keldingmi keda?

Muallim so’zin, xullas,

Tinglashga esa bundoq,

Sinfdoshlardan ortmas

Qirqtadan bitta quloq.

She’rda o’t-alaflar nomidan tabiiy qochiriq, so’z o’yini keltirib chiqarilgan: chunonchi, yoshi ulug’ ”Qariqiz” muallima, dars tinglashi kerak bo’lgan ”Qirqquloq”ning qirq qulog’i ham band, uni alaxsitayotgan ”Qo’g’a” ichi po’k, vaysaqi, ”Kakku yoshi” ham ismi jismiga mos ravishda jag’i tinmas, ”Tuyoq o’t” esa tuyog’iga keda qidiryapti. Xullas, bu quvnoq kulgu uyg’otadigan tabiiy yumor, uning ”qalampiri” ham joyida, gap egasini topadi.

”Chopqir mingoyoq” she’ri ham nomlanishidan kelib chiqadigan tabiiy qochiriq va so’z o’yini asosida yaratilgan:

Jonivorlar ichida

Chopqiri

Qaysi biri?

To’rt oyoqli otmikan,

Yo qoplon,

Yoki arslon?

Sanjar aytar – Qayoqda.

Albatta, Mingoyoq-da!

Hamza Imonberdiyevning ilk she’riy to’plami bo’lmish ”Quvnoqlar quvonchi” kitobidagi ushbu jajji she’rda tabiatdagi turli mavjudotlarning nomlanishidan yosh bolaning samimiy sodda nigohi vositasida tabiiy yumor keltirib chiqariladi. Darhaqiqat, ikki oyoqli insondan ko’ra to’rt oyoqli ot yoki qoplon tezroq yugurar ekan, o’z nomi bilan ming oyoqli mingoyoq ularning hammasini oyog’ini changida qoldirib ketishi tabiiy emasmi? Demak, Hamza Imonberdiyev ijodida olamni o’zicha qayta kashf qilayotgan bolakaylarning o’ziga xos dunyoqarashi asosida kulgu yaratish shoirning ilk she’rlaridan boshlanar ekan deyish mumkin.







II bob. O’zbek bolalar she’riyatidagi majoziy obraz yaratishdagi o’ziga xosliklar

80- yillar o’zbek bolalar she’riyatidagi hajviy-yumoristik va majoziy she’riyat taraqqiyotida bugungi bolalar adabiyotimizning tom ma’nodagi yetakchi namoyondasi Anvar Obidjon asarlari alohida o’rin tutadi. Shoir ”Bulbulning cho’pchaklari”, ”Kumush uy”, ”Gurungdagi gaplar”, ”G’alati maktublar”, ”Ajoyibxona”, ”Ignalarim chiroyli”, ”Mening kolleksiyam”, ”O’zimizning ansambl”, ”Shirin so’ylar jajjivoylar”, ”Kalamushlar kemasi” kabi turkumlarga kirgan ko’plab she’rlarda hajv va majozning ajoyib namunalarini yaratadi. Bu she’rlarda goh turli jonzotlar tilidan majoziy yo’lda, goh bolakaylarning o’ziga xos shirin tillaridan ba’zan be’g’ubor kulgu yaratilsa, ba’zan kitobxonlarni o’ylatib qo’yadigan, kechagi kunimizning g’am-anduhli manzaralarini ko’z oldiga keltirib, erk, istiqlol tuyg’ularni majoz pardasi ostida yaratishi bilan xarakterlidir.

”Bulbulning cho’pchaklari” turkumidagi ”Ajoyibxonaga marhamat” she’riga jon baxsh etib turadigan holat har bir jonzotning tashqi ko’rinishiga muvofiq keladigan o’xshatish bilan tasvirlanishida aks etadi:

Ana qo’pol Begemot, burni qumg’onni ko’ring,

Chaynab yotar tekin o’t, Jiraf narvonni ko’ring.

Yegan kabi qalampir beti bujmoq, qarang bir,

Og’zida yo’q tish ”kampir” – Baqa shodonni ko’ring.

Shoxda karnay chaladi, to’ni ola-buladir,

Nomi Hakka xoladir, gapi yolg’onni ko’ring.

O’tdan gulni ajratmas, ko’proq hashak yesa bas,

Esi kirsa ajabmas, Xo’tik nodonni ko’ring.

Kamzulchasi ja tarang, kiyim boshi rango-rang,

Tumshug’i o’tkir, zarang, Jiblajibonni ko’ring.

Sher narigi xonada, Shoqol nega panada,

Kuch bo’lmasa tanada,zo’rdan gumonni ko’ring

Bo’rsiq so’rar barmog’in, Savsar qashlar qulog’in,

Qoplon charxlar tirnog’in, nafsi yomonni ko’ring...

Bulbul to’kin yoz chog’i ochdi jonzotlar bog’i,

Qushlarning yo’q sanog’i, har xil hayvonni ko’ring.

”Burni qumg’on” Begemot, Jiraf ”narvon”, qalampir yegan kishi kabi beti bujmayib ketgan, og’zida tishi yo’q ”kampir” - Baqa, tani olabula, yolg’onchi Hakka xola, o’t bilan gulning farqiga bormaydigan, ko’ziga uchragan narsani xashak sifatida yeyaveradigan nodon Xo’tik, kiyim-boshi rango-rang, o’tkir tumshug’i zarangday qattiq Jiblajibon, narigi xonada yurgan hayvonlar shohi – Sherning qadam tovushidanoq panaga urib ketgan qo’rqoq Shoqol, tirnog’ini charxlayotgan yirtqich Qoplon singari turfa jonivorlarning har biri o’z qiyofasi bilan yosh kitobxon ko’z o’ngida yorqin namoyon bo’lishining asosiy sababi, yuqorida ta’kidlanganiday, ularning bosh tashqi xususiyati tesha tegmagan o’xshatishlarda tabiiy aks ettirilganidadir. Inchunun, Anvar Obidjon she’rlarini yosh kitobxongan manzur qiladigan asosiy sifatlardan biri ham ana shunda.

Yuqorida 80-yillar bolalar she’riyatida ramzlar, timsollar kuchaygani va uning ba’zi sabablari haqida fikr yuritdik. Anvar Obidjon she’rlari ayniqsa shu borada alohida ahamiyatga molikdir. Uning she’rlarida istibdod tig’i ostida bo’yni egilgan, lekin doimo erk his-tuyg’ulari qalbini tark etmagan xalqimiz timsoli ramzlarga o’ralgan holda tasvirlanadi. ”Kumush uy” turkumidagi ”Yaylovni sog’ingan qo’y” she’ri ana shunday asarlardandir. Avvalo, turkum nomiga e’tibor beraylik. Aslida ”Kumush uy” ning o’zi ham Vatan ramzi, ”Yaylovni sog’ingan qo’y” esa istibdod zanjirlari ostida ezilgan, qorni to’q bo’lsada, qadri yo’q, boshi egiklar timsoli:

Ishlar qalay, -

Desam, Qo’y

Javob berdi

Surib o’y:

- Kamchilik yo’q

Oziqdan...

Bezor bo’ldim

Qoziqdan. (24).

Shuni aytish kerakki, iste’dodli shoir va tadqiqotchi D.Rajabov 80-yillar o’zbek bolalar she’riyatining o’ziga xosliklari tadqiqiga bag’ishlangan nomzodlik dissertatsiyasida Anvar Obidjonning ushbu she’rini ilk bora majoziy asar sifatida tahlil qilgandir,

”Aka –uka” she’rida mustaqil Vatan kelajagi bo’lmish o’sib kelayotgan yosh avlod ramziy yo’sinda kechagi kunimizdagi qo’li bog’liq, ko’zi bog’liq, istibdoddan yurak oldirib qo’ygan katta avlodga taqqoslanadi. Akaning pastga, jarlikka ”taka-puka termilishi” bejiz emas, chunki jarlik aslida tubanlik ramzi, ikkinchidan esa uning ko’z oldida xalqimizning istiqlol yo’lida qurbon bo’lgan minglab farzandlari taqdiri turibdi:

Jar bo’yida turishar

Aka-uka.

Aka pastga termilar

Taka-puka.

Yuksakdagi lochinga

Boqar uka,

Go’yo ko’kda jim qanot –

Qoqar uka (23-24).

Ukaning nigohi esa ko’kda parvoz qilayotgan lochinga tikilgan. Chunki ko’k ham, unda parvoz qilayotgan lochin ham aslida erk ramzlari, ukaning esa parvozi baland, nigohi istiqlolning yorishib kelayotgan porloq nurlariga tikilgan. Shu bois uka yosh kitobxon ko’z o’ngida Lochin yanglig’ Erkin, erki uchun kurashga tayyor Inson timsoli sifatida namoyon bo’ladi.

”Uchinchi polapon” she’rida ”Aka-uka”dagi mavzu davom ettiriladi, yanada rivojlantiriladi. She’rda erkin qush – Lochin farzandlarining yovuzlik timsoli Oqilon bilan hayot – mamot jangi qalamga olinadi. Yovuz Oqilon onasini yordamga chaqirib chinqirgan ikkita polaponni bir zumda qoniga bo’yaydi. Lekin inda Lochinning uchunchi polaponi ham bor. Garchi u norasida go’dak bo’lsa-da, uzoqlardagi onasini yordamga chaqirib yig’lashdan manfaat yo’qligini tushunib yetadi va o’zini o’zi himoya qilib, qattol dushmanni cho’qib tashlaydi. She’r kelajakka ishinch ruhi bilan sug’orilgan:

Ajdod qoni, o’ch hissi

Berdi unga kuch, dalda

Cho’qib oldi raqibin

Bo’yin cho’zgan mahalda.

Cho’chib o’tli nigohdan

Yov to’lg’anar dovdirab,

Mag’rur turar yosh Lochin

Boqmas ko’kka jovdirab (59),

satrlarida erki uchun kurashgan, dushmanga qarshi doimo omonsiz kurashib kelgan ajdodlar ruhi mard farzandlarga bir umr kuch dalda berishi tuyg’ulari yetakchilik qilsa, she’r:

U biladi,

Onasi –

Hozir olis bir joyda.

Bo’m-bo’sh ko’kka termilib

Qichqirmoqlik befoyda.

O’chkor boqar qotilga

Onaning mard Lochini...

Omon qolsa,

Bir kun u –

Yanchar Ilon boshini (59-60).

satrlari bilan tugar ekan, qotilga o’chkor boqayotgan uchunchi polaponning bir kun Ilon boshiga yetishi, dushmanidan ayovsiz o’ch olishiga ishonch ruhi yosh kitobxon qalbiga ham ko’chib o’tadi, hayot uchun, erk uchun kurash tuyg’ulari barhayotligiga ishonch tug’diradi.

”Yantoqlar haqida qo’shiq” ham ozodlik uchun kurash tuyg’ulari yetakchilik qilishi bilan e’tiborga molikdir. ”Suvsizlikdan so’lmasdan, garmseldan jon saqlab, yovuz sahroni yengib” yashayotgan ”yantoqlar” ham aslida xalq ramzi. Garchi u ”yovuz sahro”da ”suvsizlikdan so’lishga” , ”Garmsel”ning o’tli shamollari ta’sirida asta-sekin o’limga mahkum qilingan bo’lsa-da, biroq ”yantoqlar”ning chuqur o’rnashgan, mustahkam ildizi har qanday sharoitda ham yashash uchun kurashga chorlaydi, shu bois ham yantoqlar doimo gullaydi, meva tugadi, kelajak avlodni yaratadi. Binobarin, zukko kitobxonning sinchkov nigohi bu she’rda xalqimizning istibdod tig’i ostida o’tgan keyingi yuz yildan ortiqroq davr mobaynidagi tarixi ramziy yo’sinda aks ettirilganini darrov payqab oladi. Shoir:

Ezib o’tdi yilqilar,

Ezib o’tdi nortuya,

Tiklandingiz qaytadan

Olamda biz bor, deya,

Balli sizga yantoqlar!

Yancholmadi bo’ronlar,

Kuymadingiz otashdan.

G’animlar ham hayrondir

Bunday chidam, bardoshdan,

Balli sizga yantoqlar! (82)-

Der ekan, bu misralardagi ”yilqilar” va ”nortuya” ham yurtimizga bostirib kelgan turli g’animlar timsoli yanglig’ namoyon bo’ladi. Chingizxon suvoriylarining yilqilari va arablarning tuyalari oyog’i ostida ezilgan, toptalagan xalqimiz o’zini baribir tiklab olgani, uni turli taloto’plarning bo’ronlariyu otashlari ham yo’q qilolmaganidan hatto g’animlarning o’zlari ham hayronliklari ishonarli tasvirlangan. Ehtimol, yosh kitobxon bu imo-ishoralar, ramzlarni to’la tushunmas, biroq masal ko’rinishidagi (ramzlar, timsollarga asoslangan) asarlar shunisi bilan xarakterliki, ulardan har bir kitobxon o’ziga kerakli narsani uqib oladi. Barcha yoshdagi kitobxonlarga mo’ljallangan bunday asarlar shu boisdan ham mazmunan ko’p qatlamli bo’ladi.

”Yelpig’ichga yozilgan she’r”da esa shoir ramz vositasida hayotimizda uchrab turadigan irodasiz, birovlar qo’lida qo’girchoq bo’lgan shaxslar qiyofasini yaratadi. Bundaylarning g’animlar uchun ayni muddao, xohlagan ko’yga solishda qo’l keladigan yelpig’ich yanglig’ tuban ekanligini ta’kidlaydi. ”Bo’ron qo’zg’ay olmaydigan” bunday ma’naviy nogiron shaxslar uchun qorin tashvishi, xalqini sotish evaziga erishiladigan boyliklar, mansablaru omonat obro’-e’tibor tashvishidan kattaroq g’am, bundan ulkanroq orzu-umid yo’qligi tasviri ushbu to’rtlik mohiyatini to’la aks ettiradi:

Sendaylarni saqlashar

Omon,

Chunki qo’zg’ay olmaysan

Bo’ron.

Anvar Obidjonning tengsiz iqtidori yosh bola tabiatining o’ziga xosliklarini tasvirlashda o’zini yanada yorqinroq namoyon qiladi. ”Oyim sezmasin” she’rida ana shunday yorqin tasvirning guvohi bo’lamiz:

Cho’pillatib

Jajji labin,

Shokoladga

Dedi Nabi:

- Sekin ochay

Qog’ozingni,

Chiqarmay tur

Ovozingni! (30)

Yosh bola nazarida hatto oddiy shokolad ham jonli mavjudot. U shokoladga ”ovozingni chiqarmay tur, oyim sezib qolmasin” deb murojaat qilar ekan, bu gapni faqat yosh bola ayta olishi mumkinligiga shak-shubhasiz ishonasiz, ko’z o’ngingizda shokoladning qog’ozini avaylab ochayotgan bolakay qiyofasi namoyon bo’ladi.

”Guldor pufakcha” she’rida esa shoirning taqlidiy so’zlar vositasida badiiy san’at yaratish mahorati namoyon bo’lgan. She’r Ninachining guldor pufakcha topib olishi va undan o’ziga g’aroyib uycha qutib olishi tasviri bilan boshlanadi:

Topib oldi Ninachi

Guldor pufakcha.

Undan shinam uy qurdi

Urinib picha.

Bu g’aroyib uychani ko’rgan barcha jonivorlar hang-mang bo’lib qolishadi. She’r ana shu hayratlar ifodasi o’laroq maydonga kelgan. Uychani ko’rgan Chigirtkaning hayrati ”Chir-r-roylik – ku ja” deyish bilan ifodalansa; Ho’kiz ”Mo’- o’-o’jiza qarang!” deydi; Eshak esa hangu mang bbo’lib ”E-ha, e-ha” deyishdan boshqa so’z topolmaydi. Shu tarzda shoir boshqa jonivorlarning hayratini ham har birning o’ziga xos unlari bilan ishonarli ifodalaydi. Chunonchi:

Ko’zi kuyib der Baqa:

Vaq-tim sal chatoq.

Qur –r-r-volardim men ham uy

Bundan durustroq.

Mushuk kelib,

Tomga bir-

Purkab ko’rdi suv,

Xo’roz boqdi ichkari:

Qup-quruq-ku bu...

Kalondimog’ Xo’rozga

O’qraydi G’ulg’ul:

Muhimi ,

Uy bo’lsa bas,

Topilar ul-bul.

E-e...

Be- e...

Echki ta’rifga

Topolmadi so’z.

I-r-r...

Bir- r uyga kiray , - der

Jilpanglab To’rtko’z.

Mezbon uni to’xtatdi:

Axir xona tor.

Mayli kirsin Itpashsha,

Itga nima bor? (53)

Voqea yakkamohov, birovning xursandchiligini ko’rolmaydigan Qarg’aning aralashuvi bilan davom etadi va oxiri voy bo’lib tugaydi:

Qarg’a dedi:

Qar – r- r....

Qarshi bo’lmasang agar,

Kengaytirib ber-r-rayin

Uyingni jigar.

So’ng pufladi pufakni –

Qarg’avoy

”Qag’- qag’....”

Uy tarvuzdek bo’lgan choq

Portlab ketdi – ”Paq!” (53-54)

Tovush o’xshatishlari asosida yaratilgan ushbu she’rda shoir avvalo, yosh kitobxon ko’z oldida turli jonivorlarning jonli qiyofasini namoyon qila olgan bo’lsa, ikkinchidan ularning tabiati, xarakteriga tegishli bir-ikki so’z, imo-ishora bilan har bir jonivorning portretiga ham chizgilar chizishga erishgan.

Hamza Imonberdiyevning “Lofchilar-aldoqchilar” she’rida yana shu kabi xushchaqchaq bolakaylar bilan uchrashish mumkin. Ularning beg’ubor loflaridan maza qilasiz:

Ali, Vali lofchilar –

Xushchaqchaq aldoqchilar

Rosa lofni urishar

Ko’pikdan uy qurishar,

maza qilib kulishar.

Ali debdi- Vali, kel,

rasmimga baho ber.

Qushcha chizdim ajoyib,

ajoyibu g’aroyib.

Ana u don yeyapti

Menga rahmat deyapti.

Vali boqsa varaqqa,

shakl yo’q hech qanaqa.

Aldabsan-ku, qani don?

- qush yeb qo’ydida, nodon!

Yo’qotdingmi hushingni,

ko’rmayapman qushingni?!

- to’ygach, qushcha chirq etdi,

“Rahmat” deb uchdi-ketdi!

Ali, Vali lofchilar –

Xushchaqchaq aldoqchilar

Rosa lofni urishar

Ko’pikdan uy qurishar

Maz-za qilib kulishar

Ushbu misralarni o’qishingiz bilan o’z yoshligingiz ko’z oldingizda “yarq” etib namoyon bo’lishi turgan gap. Chunki deyarli har bir yosh bola aslida ana shunday ozgina lofchiroq, ozgina aldoqchiroq, ozgina vahimachiroq bo’lishi turgan gap. Shu bois ham yosh bolaning beg’ubor nigohi oddiygina tol chiviqdan chopqir ot, oyoq botmas ko’lmakdan bepoyon ummon yaratadi va aslida olamshumul kashfiyotlar ham ana shu beg’ubor nigoh mahsulidir. Shu sababli bu loflar-yolg’onlar ham kitobxonga zarracha malol kelmaydigan, bolakaylarning had-hudud bilmas hayolot olami bilan oshno qiladigan g’aroyib topilmalar sifatida sizni beixtiyor ishontiradi. O’sha oppoq qog’ozda hozirgina don yeb yurgan qushchaning oyoq izlarini ko’rasiz.

Shunisi qiziqki, “Lofchilar-aldoqchilar”ni o’qib, Ali bilan Valining yolg’onlaridan xafa bo’lmaysiz, chunki ular yolg’on aytib birovni aldamaydilar, balki xayollariga kelgan loflarni bir-biriga aytish bilan go’yoki kim zo’rroq lof aytishga bahslashadilar. Ularning loflari beg’ubor, bu loflarning yolg’onligini ularning o’zlari ham bilib turadilar, faqat mana shu kim o’zarga aytilgan loflardan bolakaylar o’zlaricha zavq topadilar:

Ali boshin qashlaydi,

jiddiy turib boshlaydi:

aqlli bir itim bor,

misolni shart ishlaydi

ruchkani qanday ushlar?

Tishi bilan tishlaydi.

Xo’jayin o’ynab qol, der.

Tortinma, bemalol, der.

She’r yodlashmi, masala,

deydi menga qo’yib ber.

Nazarimda, Ali – Valilarning hangomalari bu she’rda yanada ishonarliroq mohiyat kasb etgan. Chunki yolg’onni rostga aylantirb yuboradigan “azamatlar” odatda kiprigini qoqmay, ko’zini yummay yolg’onni to’qishi hammaga ma’lum. Xullas, “Lofchilar-aldoqchilar” she’rlaridagi yolg’onni suv qilib ichib yuboradigan Ali-Valilar aslida barcha tengdoshlari singari oddiy bolalar, faqat ularning xayolot olami cheksiz-chegarasiz va shu sababli ham ular qatrada dengizni ko’ra oladigan bolakaylar bo’lgani sababli ham yosh kitobxonlarga qadrdondir.





II. 1. Hajviylikning shakliy izlanishlardagi badiiy-estetik ahamiyati

So’nggi davr bolalar she’riyatida, ayniqsa, hajviy xarakterdagi eksperiment she’rlar ko’paydi. Shoirlar nafaqat harf va tinish belgilari, balki matematik amallar, husnixat, darslikda mavjud bo’lgan va dars jarayonida faol qo’llanadigan so’z va rasmlardan, raqam va har xil shakllardan ham foydalanib she’rlar yozdilar. Bu she’rlar o’quvchilarni topqirlikka, bilimdonlikka undaydi, zehnini oshirib, tasavvur olamini kengaytiradi, ”yaxshi o’qi, chiroyli yoz” degan quruq-pand nasihatdan ko’ra ko’proq ta’sir ko’rsatadi.

Shu jihatdan Tursunboy Adashboyevning ”To’rt amaldan – bir amal”, ”O’n ikki varaq daftar”, H.Imonberdiyevning ”2 sentyabr”, ”Qiyin misol”, ”G’alati Omon”, A.Obidjonning ”Kulchalar”, ”Siz eshitmagan qo’shiqlar” turkumiga kiruvchi she’rlari, Q.O’tayevning ”Fil, Karkidon, Begemotlar”, ”Ho’kiz”, ”Xo’roz”, ”Echki bilan suhbat”, D.Rajabning ”Sport maydonida”, ”Minnatdorlik”, ”Guvoh”, ”Topishmoq she’r”, ”Futbol” kabi ko’plab ”shakl” she’rlari, A.Akbarning raqmli she’rlari xarakterlidir.

Bolalarning ma’rifiy-estetik didlarini, adabiy tafakkurini kamol toptirish bo’yicha jiddiy ijodiy izlanishlar olib borilmoqda. Abdurahmon Akbar ijodiga mansub turli shakldosh, raqamli, jumboqli she’r va ertaklar shular jumlasidandir. Ular, bir tomondan, yosh kitobxon fikrlash doirasining o’sishiga yordam qilsa, ikkinchi tomondan, go’zallik va nafosat bilan bog’liq ma’naviy-axloqiy tushunchalarning shakllanishiga hissa qo’shadilar.

D.Rajabning rasm-she’rlari shakliy-struktural izlanishlar samarasi o’laroq maydonga kelgan. Shoir narsa-poetik obrazini yaratar ekan, so’zlar vositasida ularning shakli-suratini chizadi. U ”Tanbeh”, ”Sport maydonida”, ”Minnatdorlik”, ”Topishmoq she’r”, ”Chivinga talangan bola”, ”Futbol” kabi she’rlarida shu usuldan foydalanib, yumoristik xarakterdagi o’ziga xos original obrazlar yaratgan. Jumladan, ”Chivinga talangan bola” she’rida labida murabbo yuqi bilan og’zi ochiq holda uxlab qolgan yalqov bolaning ochiq og’zi shakli ko’z namoyon bo’ladi:

Labda murabbo yuqi –

Yuvmay qo’ygan qotirib.

Yotar og’zidagini

Chivinlarga oldirib.

Uyg’on tingla gapimni,

Ko’zing ochib, bola-ey,

Talar, hatto chivinlar

g’ z

o i bolani

ch i q

Shoirning topqirligi va mahorati shundaki, bu she’rda faqat shakl yaratibgina qolmay, uning o’ziga xos ko’rinishiga moslab poetik obraz ham yaratmoqda. Eng muhimi, ushbu tasvirda voqelik bolalar tasavvurida jonlanib, o’ziga xos quvnoq kulgi hosil qiladi.

Adabiyotshunos Rahmatulla Barakayev Dilshod Rajabovning bu tipdagi she’rlari haqida fikr yuritar ekan, uni bolalar she’riyatidagi shakliy o’xshatishlar asosida manzara yaratish san’ati sifatida baholaydi va ijodkorning poetik mahorati shakliy o’xshatishga mos mazmun bilan boyitilganiganida deb biladi7. Ushbu qarashlarni qullab-quvvatlagan holda, mazkur she’rlar mohiyatiga quvnoq qahqaha singdirilganini ta’kidlash lozim. Shoir yaratayotgan manzarasi favqulodda yumorga boyligi bilan ahamiyatlidir. Zero, yuqoridagi she’rda shoir shunchaki she’riy shakl yaratmasdan, balki shunga mos yumoristik ohangga ega badiiy ma’no-mazmunni ham she’r mag’ziga joylay olgan. Bu poetik topilma bolalarda so’z san’atining ufqlari naqadar keng ekanligi xususida tasavvur uyg’otadi hamda ularning ma’rifiy-didaktik, estetik didlari shakllanishida xizmat qiladi.

Bugungi o’zbek bolalar adabiyoti namunalariga ko’z tashlar ekanmiz, ular orasida navqiron avlod namoyondalari asarlari alohida o’rin tutishidan ko’z quvonadi. Zero, bu ulush dastavval, soni bilan emas, sifati bilan salmoqlidir. Bolalar adabiyotimiz kelajagidan umidbaxsh etadigan navqiron avlod vakillari, yaratganga shukrki, madhiyabozlik, shiorbozlik ruhida qalam tebratish majburiyatidan xolidirlar. Ularning asarlari kitobxonni o’ylashga, mustaqil fikrlashga majbur qiladi, qadriyatlar deb kelingan narsalarni qayta baholab, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratishga o’regatadi. Abdurahmon Akbar she’rlarini o’qir ekansiz, uning ham ana shu safda sobit ekanligiga guvoh bo’lasiz.

Abdurahmon Akbarning izlanishlari Respublikamiz bolalar matbuoti hamda ”Kichkintoy va paxtaoy” (1987), ”So’zlovchi yomg’ir” (1990), ”Ehtiyotkor toshbaqa” (1991), ”Yozning tug’ilgan kuni” (1992), ”Kuylayotgan bog’” (1994) to’plamlari orqali yosh kitobxonga yetib borgan.

Bolalar adabiyoti, ayniqsa maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalarga mo’ljallangan asarlarning o’ziga xosliklari xususida gap ketganda, avvalo hayrat tilga olinadi. Zero, bu ko’hna olamdagi barcha narsalar – hayvonlaru nabotot, bani Odam va insoniy munosabatlar silsilasining har bir zarrasi har bir bolakay uchun qayta yaraladi. Shu sababli ham bolakay qishda so’ppayib turgan daraxtlarning bahorda birdan yam-yashil barg chiqarib, oppoq qorga burkanishidan cheksiz hayratga tushadi. Shu sababli ham uning savollari hadsiz-hududsiz, bitmas-tuganmas. Ana shu bijir-bijir savollari bilan sizni gangitib qo’yadigan bolakay ayni zamonda eng buyuk tilshunos hamdir. U har bir narsaning nomini o’rganar ekan, uni shunchaki qabul qilib qo’ya qolmaydi, balki har bir ism-jismga mos bo’lishini talab qiladi.

Shoirning she’rlarini o’qir ekanmiz, ana shu bijildoq bolakay har qadamda oldingizdan chiqaveradi. Ulardan biri Shuhratjon degan yigitcha. U ”Bir daftar savol” tuzib, ularni o’zicha ”Bekatda tug’Ilgan savollar”, ”Yo’lda tug’ilgan savollar”, ”Maktabda tug’ilgan savollar”, ”Uyda tug’ilgan savollar” singari turli guruhlarga ham ajratib olgan. O’sha savollardan ba’zilariga quloq tuting:

”Gulzor” deb atalgan bu keng bekatning

Atrofida nega gul o’smas? –

deb o’z- o’ziga savol beradi bolakay bekatda turganida. Chunki uning nazdida (va aslida ham) ism jismga mos bo’lishi kerak edi-da!

Bobongizdan so’raganmisiz

Bobosining kim bo’lganini? –

deb o’ylaydi bola maktabda.

Dada, dada, o’zbek degani

O’ziga bek deganlarimi? –

Deb so’raydi bola dadasidan.

Bu savollar shunchaki savol emas, aslida ularning har biri katta ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi. Chunki aslida ham bobosining bobosi kim ekanligini biladigan bolalar yurtimizda necha dona ekan?

”O’zbek o’ziga bek deganlarimi?” savoli esa ommaviy axborot vositalari – gazeta-jurnal va radio-televedeniye mahsuli. Bugungi – ma’naviy uyg’onishimiz tongi bolakaylar ongini ham uyg’otyapti. Zero, bobomizning bobosi kim bo’lganini bilish bizning millat sifatida kamol topishimizga yordam bersa, o’zbekning kimligini aniqlash shajar daraxtining o’q ildizi qurib qolmasligi kafolatidir.

Binobarin, yuqorida tilga olingan she’rlar ham kelajagimiz yaratuvchisi bo’lmish yosh avlodni xalqimizning mangu barhayot an’analari ruhida tarbiyalashga, ma’naviy-kamolot sari yetaklashga xizmat qilishi bilan qadrli va bugungi istiqlol ma’naviyati manfaatlariga xizmat qilishi bilan zamonaviy bolalar adabiyotida o’z o’rniga egadir.

Biroq A.Akbar she’rlarining asosiy qahramonlaridan bo’lmish bu bijildoq bolakaylar sizning hamma gapingizga ishonib, orqangizdan ergashib ketaveradigan ammamning buzog’i ham emas. Ular biz bilan sizning nasihatimizdan darrov o’ziga kerakli xulosani chiqarib ola biladi, kerak bo’lsa, chiroyli ”qand qog’ozga o’rab” o’zimizga qaytarib bera oladi. Mana , eshiting:

Kattalarga joy berish

Bolalarga farz derlar,

Bersakmikan ularga

Dalani ham bo’shatib? -

Deyiladi bolaning ”Paxtazorda tug’ilgan savol”ida.

”Dalalarda javlon urib fidokorona” mehnat qilayotgan, shaxarlik teng-to’shlaridan bo’yi kamida bir qarich past norasida qishloq bolasining o’y-fikrlari Shoirni ham jiddiy o’ylatadi. Shu bois uning she’rlari orasida ushbu mavzuga bag’ishlanganlari alohida ajralib tursa ham ajab emas. ”Insholardan ko’chirmalar” she’rida yosh shoir o’quvchilar insholaridan olingan bir-ikki satr iqtibos bilan o’zgacha qiyofa yaratadi, turlicha fikrlovchi - biri sizu bizning yolg’on madhiyalarimizni to’tiday yodlab olib takrorlovchi, ikkinchisi hayotga tiyrak nigoh bilan boquvchi, kundalik turmush tashvishlaridan hayotiy saboq chiqaruvchi - bolakaylar timsollariga chizgilar chizadi:

Barno depti: ”Paxtamiz,

Momiq parga o’xshaydi”,

Ra’no debti: ”Paxtamiz:

Xuddi zarga o’xshaydi”,

Uni oppoq bulutga

Qiyos qilibdi Davron.

”Muzaymoqning o’zi u”,

Depti hazilkash Omon.

Kimdir ”Paxta – non” depti,

Kim yozibdi ”kunduz”deb.

”tun oy terimchi-yu,

Lo’ppi paxta – yulduz”deb.

Inshosini shundayin

Tugatibdi Shouzoq:

”...Asli paxta qordekmas,

Dadamning sochidek oq” (24).

Darhaqiqat, paxta momiq, paxta zar oltin va hokazo ta’riflar qanchalik chiroyli bo’lmasin, aslida paxtaning mohiyatini to’la aks ettirolmaydi. Zero, o’sha biz ta’riflayotgan oppoq momiqday paxta ota-onalarimizning mashaqqatli og’ir mehnati, peshona teri evaziga yraladi, o’zi oppoq oqarib pishib yetilgunicha uni yetishtiruvchi dehqonning ham sochini oqartiradi. Binobarin, farzandlarimiz rizq-ro’zimiz bo’lmish paxtaning qadriga yetishlari uchun uning erta bahordan kech kuzgacha qanchalik mashaqqatli mehnat evaziga yaratilganini ham idrok etishlari lozim. Ana shundagina u don qadar aziz, non qadar tabarruk bo’ladi. Abdurahmon Akbarning ”Insholardan ko’chirmalar”, ”Ketmon haqida she’r” singari she’rlari ana shunday achchiq haqiqat mevasi ekanligi bilan ham yosh kirobxon qalbidan o’rin topadi. Chunki birinchidan, bu she’rlarda ana shu bolakaylarning fikr-o’ylari, quvonch-tashvishlari realistik badiiy ifodasini topgan bo’lsa, ikkinchidan kasalni davolovchi shifobaxsh dori aslida achchiq bo’lishi ham e’tirof etilgan haqiqatdir.

Pedagogika tavsiyasiga ko’ra yosh bola uchun mehnat jarayoni ham o’yinga aylantirilishi kerak. Ana shundagina u bolaning kundalik hayoti tasviriga aylanadi va o’z jozibasiga ega bo’ladi. A.Akbarning ”Yoz mo’jizasi” she’rida tasvirlangan, o’yin tasviri bilan omixtalashib ketgan ana shunday oddiygina mehnat jarayoni – ko’rpa-yostiqlarni oftobga yoyishdan yosh bolaning tiyrak nigohi mo’jiza yaratadi:

Tushmasin desang, ko’rpaga kuya,

Qurmasin desang, o’rgimchak uya,

Kun tandirdayin, qizigan mahal

Yoygin ularni, oftobga Asal.

Shunday degandi- buvim tunov kun.

Ish boshladilar, oyimlar bugun.

Berdim ularga erinmay yordam.

Hovliga chiqib, ”semirdi” ko’rpam.

Kun kulgach, atrof, ziyoga to’ldi.

Yostiqlarim ham, nurga ”cho’mildi”.

Oyimlar yuvib – bo’lgach talay kir.

Yoyganlarimiz, yig’dik birma-bir.

Shoshmay kiydirib toza jildlarin,

Taxmonga yana joyladik barin.

Xo’sh nima bo’pti- deb surarsiz o’y?

Hamma mo’jiza oqshom berdi ro’y.

Osmon seryulduz garchi tun edi

Kelardi uydan quyoshning hidi (11-12)

Birinchidan, she’rda buvisining nasihatiga amal qilib, oyisiga ko’rpa-yostiqlarni oftobga yoyishda ko’maklashgan bolaning mehnat ritmi (harakati) tasviri bor (she’rning ohangi xalq og’zaki ijodidagi o’yin qo’shiqlari ritmini eslatadi), ikkinchidan esa ”semirtirilgan”, ”nurga cho’milgan” ko’rpa-yostiqlardan faqat tom ma’nodagi SHOIR va YOSH BOLA kashf etishi mumkiin. Ana shu hayratomuz ”mo’jiza”dan esa yosh kitobxon zavq-shavq topadigan, bolalarni yaratuvchilik mehnatiga undaydigan haqiqiy she’r olamga kelgan.

Abdurahmon Akbar she’rlarining qahramonlari qanchalik beg’ubor, sodda, musaffo bo’lsalar, shunchalik insoniy tuyg’ularga to’la, dili pok insonlardir. Ularning beg’ubor dillarida pinhoniy nish urayotgan musaffo insoniy tuyg’ular xatti-harakatlarda, gap-so’zlarda barq urib ko’rinadi va xuddi shu pokligi, musaffoligi bilan beixtiyor sizni ham sehrlab qo’yadi. Yoshi dadajonisidan ancha kichik bo’lsa-da, sochlari oppoq oqarib ketgan rangpar tog’asi va ertaklardagi sarvqomat parilardan ham go’zal Lobaroy kennoyisining bitta ham farzandi yo’qligidan kuyinib ketadigan, ularga o’g’il bo’lib, dardlariga darmon bo’lishga qaror qilgan, ko’ngli rahm-shafqat tuyg’ulari bilan to’la jiyan (”Iltimos”), a’lochi sinfdoshlari Nigora xastalanib dunyodan bevaqt ko’z yumganida qalbini armon , g’am-anduh to’ldirgan o’quvchi bola (”Armon haqida she’r”) ana shunday qahramonlardandir. ”Nodira” she’rida esa qalbida bir beg’ubor tuyg’u chechak ochayotgan bolakayning izhori dili tasviri ko’nglingizga farah bag’ishlaydi.

Abdurahmon Akbar izlanishlari orasida ”Shoir dadam haqida she’riy hikoyalar” deb nomlangan turkum ham alohida e’tiborga sazovordir. Besh she’riy hikoyadan tashkil topgan turkum shoir dadaning armonu iztiroblarini, dardu tashvishlarini eshitib qolib, jajji yuragiga sig’dira olmay to’lqinlanib so’zlayotgan bolakay tilidan hikoya qilinadi.

Ma’lumki, bolalarga bag’ishlangan asarlar mazmun jihatidan ham bir necha turkumlarga ajratiladi va bunday toifalashda tasvir uslubi asosiy o’rin tutadi. Zero, bolalarga mo’ljallangan asarlarning bir qismida ijodkorlar katta hayot tajribasiga ega bo’lgan yoshi ulug’ kishi sifatida o’z qarashlari bilan uyg’unlashtirib ifodalasalar, yana bir qismida bevosita bolalar nomidan hikoyalash (go’yoki bolalikka qaytish) uslubi ustivor va hokazo. ”Shoir dadam haqida she’riy hikoyalar” turkumida bola tilidan hikoya qilish uslubi yetakchilik qiladi. Fikr dalili sifatida turkumga kirgan ba’zi she’riy hikoyalarni ko’zdan kechiraylik. Jumladan, ”Dadamning qalbi” she’riy hikoyasida shunday deyiladi:

Armon uyasimish dadamning qalbi. Dadamning qalbida kularmish sevinch. Dadamning qalbida ummon bor emish. Bor emish qalbida ilinj. Yozgan uch-to’rt she’ri dadam qalbining topgan quvonchiyu ozori emish. Dadamning yuragi dunyo ko’rmagan sonsiz fikrlarning mozori emish...” (”Yozning tug’ilgan kuni, 19)

E’tibor berilsa, bunday hikoyalash uslubi mumtoz adabiyotimizdagi saj’ (qofiyali nasr)ni eslatadi. Ichkari qofiyalanishga uyg’un bo’lgan so’z takrorlari ushbu turkumga mansub she’riy hikoyalarning shaklan va mazmunan mukammalligini ta’minlaydi. Bunday tasvir uslubini deb aslida she’riy hikoyalarning shaklan va mazmunan mukammalligini ta’minlaydi. Bunday tasvir uslubini aslida she’riy shaklga sig’magan fikrlar deb ham atash mumkin. Olti jumladan tarkib topgan she’riy hikoyada ”dadamning qalbi” ifodasi olti marta takrorlanadi va ushbu takrorlar uyg’oq inson qalbining notinch to’lqinlari yanglig’ jaranglaydi. ”Dadamning fikri”, ”Ari”, ”Supacha”, ”Dadamning hazili” she’riy hikoyalarida ham ana shunday mag’zi to’q fikr saj’ yo’sinida hikoya qilingan va ular ham yosh kitobxon qalbida badiiyatga oshnolik hissini uyg’otishga xizmat qiladi.

Shoirning 80-yillar o’zbek bolalar adabiyoti she’riyatining qo’shgan o’ziga xos yangiliklaridan biri yosh shoirning raqamli va sonli she’rlaridir. Fikr dalili uchun ”Salom xat” she’rini birgalashib o’qiylik:

-Tushlarimga bu kecha

Akang kiribdi, Rahmat.

Vaqt topib yozib yubor

Yana ikki enlik xat.

Sog’inibman chamasi,

3 ayapti ko’zim ham.

Buvim salom aytdi deb

Qo’shib qo’y, xo’pmi, bolam?

She’r armiyada yigitlik burchini o’tayotgan nevarasini sog’inish hissi ko’ngliga tinchlik bermayotgan, ”ko’zlari ham uchayotgan” buvining topshirig’i bilan akasiga maktub bitayotgan Rahmatjon degan bolaning shu haqdagi ”axborot”i bilan boshlanadi. Bola bola-da, hatto ana shu jiddiy holatda ham uning o’ynab-kulgisi keladi, o’zicha so’zlar orasidan raqamlar, sonlar qidirib topadi. ”Qisqagina” ma’nosidagi ”ikki enlik” iborasidagi ”ikki” so’zini raqam bilan yozib ko’radi. Qarasaki, o’zgacha bir ifoda, g’ayritabiiy bir shakl paydo bo’ldi. Ana shu g’ayritabiiylikdan bola o’ziga xos zavq tuyadi va boshqa so’zlardan ham harf va raqamdan tashkil topgan yangicha ifodalar ”yarata” boshlaydi:

”Aka, qanday yuribsiz.

Soz ketyaptimi xizmat?

Askarlikka k10nikib

Ketgandirsiz batamom.

Buvim, q10i-qo’shnilar

Sizga yo’llashdi salom.

Q3oq-q3oq ch3moma

Terib qaytsak adirdan.

Ko’chamizni nomlashib

Ketishibdi yangidan.

”ul. Zarechnaya” emas,

Bilib qo’ying, aka siz.

Endi bizning uy-hovli

1lik ko’cha, 18!

”Paxtakor” ham ketma-ket

Q3ib turibdi zafar.

1mas, 3ta to’p urdi

Ilhom kechagi safar.

Ha, aytmoqchi, sal bo’lsa,

Unutay debman, qarang,

Ra’no opamlar bilan

Ishlar bo’ldi vadavang.

Tunov kun 4.30 da

Chiqib turib yo’liga.

Xatingizni tutqazdim

Shaxsan o’zim qo’liga.

shunaqa... akam sizni...”

E, gapniyam d10dirdim.

Xullasi, xat yozishga

Yangam”larni k10dirdim.

Bir qarashda, askarlik burchini o’tayotgan nevarasini sog’ingan buvining topshirig’i bilan akasiga yozgan odatdagi salom xati. Maktubda qishloq hayotidagi barcha o’zgarish va yangiliklarni akasiga yetkazish uchun to’lib-toshib, sevinchi ichiga sig’mayotgan yosh bola timsoli bor bo’yi bilan aks etadi. Sinchkov bolaning tiyrak nigohi bahorda tabiatning gul ochib, yangilanishi, adirlardan bolalarning zavq bilan quchoq chuchmomalar terib kelishlari bormi, Istiqlol sharofati bilan ko’chalarimiz nomlari ham milliylashib borayotgani (”Zarechnaya” emas – ”Birlik”) bormi, ”Paxtakor”ning ketma-ket zafar quchyotgani bormi, bo’lg’usi ”yanga” - Ra’no opasiga akasining maktubini shaxsan topshirgani bormi (Ishlar bo’ldi vadavang!!!) – xullas, barcha-barchasini maktubida erinmasdan, ba’zan go’yoki parishonxotirlik qilganday (Ha, aytmoqchi, sal bo’lsa, Unutay debman, qarang!!!), aslida ataylab, akasiga birinchi navbatda yetkazilishi kerak bo’lgan xushxabarni shunchaki gap aytganday bitadiki, bu ham aslida yosh bola qiyofasiga musavvir shoirning g’aroyib mo’yqalami chizayotgan turfa chizgilardir. She’rda yosh bolaning samimiy nigohi, qiyofasi tabiiy, ishonarli chizilgan. Yosh kitobxon bu asarni shakliy jimjimalarsiz ham maza qilib o’qishi shubhasiz. Yosh shoir ana shu samimiyatga g’aroyib ”to’n” kiygiza olgani esa nur ustiga nur, bu shakliy topilma she’rning yanada qiziqarli bo’lishiga olib kelgan.

Bunday she’riy usul o’zbek bolalar adabiyoti uchun yangilik. Bu she’rlarning o’ziga xosligi haqida fikr yuritilganda dastavval, shakliy izlanish mahsuli sifatida baholash joiz. Aslida bunday usul ham bola sifatida baholash joiz. Aslida bunday usul ham bolalar adabiyotining o’ziga xosliklaridan biri. Zero, yosh kitobxon she’r o’qir ekan, hatto uning g’ayritabiiy shaklidan ham zavq topadi. Harflar raqamlar bilan uyqashib ketgan bunday she’riy usul yosh kitobxon (boshlang’ich sinf o’quvchisi yoki bog’cha tarbiyalanuvchisi) bunday she’rni ”mehnat” qilib, boshqotirma (krossvord) yechganday o’qiy olganidan zavqqa to’ladi. A.Akbar ijodidagi raqamli she’rlarning mazmun jihatidan mukammalligi esa o’z-o’zidan, shakl va mazmun jihatidan mukammalligi esa o’z-o’zidan, shakl va mazmun uyg’unligini ta’minlaydi.

80-yillar bolalar adabiyotimiz she’riyatidagi shakliy izlanishlar haqida so’z ketar ekan, iste’dodli yosh shoir Dilshod Rajabov she’rlari ham e’tiborni o’ziga tortadi. Uning ”Otamning bog’i” (”Cho’lpon”, 1996) to’plamiga ”Tanbeh”, ”Sport maydonida”, ”Minnatdorlik”, ”Guvoh”, ”Topishmoq she’r”, ”Chivinga talangan bola”, ”Futbol” she’rlarida o’ziga xos shakliy izlanish samaralari ko’zga tashlanadi. ”Tanbeh” she’riga ko’z tashlaylik:

To’plaganing bor-yo’g’i

Ikki uyum xas-xashak,

Darrov cho’zilib olib

Yotganing ne, xasxashak?

Shuncha yerni ag’darib,

O’tirmasdan yana, ko’r ;

Ishlayman, deb,

B

E

L

K

U

R

A

T I K K A

U N

U A

R K

A O’

R

Yosh shoir shakliy o’xshashlik asosida yosh kitobxon ko’z o’ngida o’ziga xos manzara yaratishga erishgan. Zero, xas-xashak to’plashda ishlatiladigan Xaskashni birov ushlab turmasa, yerga yiqilib tushadi. Ijodkor ana shu tabiiy holatdan jonli manzara yaratgan (Darrov cho’zilib olib Yotganing ne, Xasxashak?). Belkurakni esa yerga sanchib qo’ysangiz, xohlagancha tikka turaveradi (shoir aytmoqchi, charchash nimaligini bilmaydi). Ushbu tashqi ko’rinish – holat ijodkorning o’ziga xos manzara yaratishga sabab bo’lgan: zero, she’rning oxirgi satri tikka turgan belkurakning harflardan yasalgan suvratidir. Yosh kitobxon ko’z oldida bu manzara darrov jonlanadi, uning qiziqishini orttiradi.

”Sport maydonida” she’rida shu usuldan ”oyog’ini kerib turgan turnik”ning, ”Guvoh” she’rida ”oppoq yuzida qat-qat chang”i bor Oynaning, ”Topishmoq” she’rida ”Oq, oppoq qalpoq”ning, ”Chivinga talangan bola” she’rida ”Og’zi ochiq bola”ning ochiq og’zining suvratlari harflar vositasida mahorat bilan chizilganki, bu shakliy vositani Dilshod Rajabning shakliy va mazmuniy uyg’unlikdan o’zida jamlagan maqtashga arzugulik izlanishi sifatida e’tirof etish joiz. Bular singari shaklan g’aroyib, mazmunan izchil, ma’nodor she’rlar kichik yoshdagi bolalarga mo’ljallangan she’riyatimiz izlanish-intilishda, kamolot sari ko’tarilishda ekanidan dalolat beradi, kelajagidan umidbaxsh qiladi.

Shuni ham qayd etish kerakki, aslida mumtoz she’riyatimizda shakliy va ma’naviy san’atlarning yuzlab go’zal namunalari, rang-barang usulu shakllari qadimul ayyomdan mashxur edi. ”Muvashshah” san’atiga asoslangan so’zlarning dastlabki harflari yoki ma’lum qismlaridan kishi nomlarining yasalishi, ”Ta’rix” san’atiga asoslangan ma’lum harflar yoki so’zlar vositasida ma’lum harflar yoki so’zlar vositasida ma’lum bir voqeaning ro’y bergan vaqti aks ettirilishi va hokazo san’atlar fikrimiz dalilidir. Ustoz shoir Abdulla Oripovning: ”Harf o’yin aylay desam, o’zga erur imlo bu kun” – satrlari esa mumtoz adabiyotmizdagi turli san’atlarning yo’qolib ketayotganidan afsuslanish ramzi sifatida yangraydi. Binobarin, bugungi o’zbek bolalar adabiyoti she’riyatida yaratilayotgan yuqoridagilar singari kichik yoshdagi bolalarga mo’ljallangan shakliy izlanishlar mahsuli bo’lmish yangicha she’rlar she’riy san’arlarning shakl va turlari doimo behisobligidan, tinimsiz izlanish, hamma narsadan yangilik axtaradigan yosh bolaning o’zi yanglig’ olamga yangidan tanish, kashf qilish nigohi bilan qarash ular uchun yaratilajak she’riy asarlarda ham yangidan-yangi shakliy topilmalar yaratish imkoniyati hamma vaqt mavjudligidan dalolat beradi.







II. 2. Hajviy she’riyatda majoziylik va majoziy obraz

Ma’lumki, mumtoz she’riyatimizda lutf san’ati mavjud. Bu san’at so’zning bir joyning o’zida bir necha ma’noda kelishiga asoslanadi. A.Obidjon she’rlaridagi „bo’lingan“ so’zlar bir jihatdan ushbu badiiy san’atga o’xshab ketadi. Zero, biz tahlilga tortgan parchalarda ham bir so’z vositasida ikki tushuncha anglatiladi. Ikkita poetik maqsadga erishiladi. Faqat bunda ikkinchi ma’noni berishda so’zning butkul o’zi emas, ma’lum bir qismi, bo’lagigina ishtirok etadi. Masalan, Xo’kiz tilidan: ”Mo’-o’o’ji-za”, - deyilishi bilan so’zning birinchi bo’g’ini ayni paytda xo’kizning ”mo’-mo’“ lashini ham ”suratlantirib” kelmoqda. Ko’rinadiki, lutf san’atida so’zning yozuvdagi shakli, ya’ni, uning shoir tomonidan ”kesib” yozilishi asosiy jihat hisoblanadi. Zero yuqoridagi she’riy parchalarda keltirilgan ”kesik” so’zlar ”yaxlit” xolda yozilganida ularning ikkinchi vazifasi bajarilmay qolardi. Chunonchi, ”mo’-o’-o’jiza” so’zi ”mo’jiza” tarzida yozilganda, u obraz (xo’kiz)ning tabiiy tovushini aks ettira olmasdi. Bu o’rinda shoir mahorati, ta’bir joiz bo’lsa, so’zdan foydalanishdagi kashfiyotchiligi (novatorligi) so’zni poetik maqsad taqozosi bilan ”parchalab” yozganida ko’rinadi.

Ma’lumki, bolalar adabiyotining, xususan, she’riyatining o’ziga xos muhim jihatlaridan biri – majoziylik, ya’ni ko’chimdir. Adabiyotshunoslikka majoziy obraz, uning yetakchi belgilari xususida turli bahs-munozaralar kechmoqda. Ayrim adabiyotshunoslar bolalar adabiyotida yaratilgan har qanday obraz – predmet majoziy obrazdir, degan qarashni ilgari sursalar, ba’zilari faqat hajviy xarakterdagi obrazlargina allegorik obrazga aylanadi, degan fikrni bayon etadilar.

Majoziy obrazlarning birinchi muhim xususiyati ularning aniq tasvirga ega bo’lgan predmetligidir. Chunki bolaning yosh ongi mavhum narsa-hodisalarni yaxshi qabul qila olmaydi.

Majoziy obrazlarga xos ikkinchi muhim xususiyat ularning jonlantirilishi, aniqrog’i, insoniylashtirilishidir. Bu xususiyat ham bolalar olamiga, ularning tabiatiga mos. Bolalik har bir narsa-hodisadan inson xarakteriga xos ma’no-mazmun izlaydi.

Majoziy obrazlarning uchinchi muhim xususiyati ularning real hayotdagi o’zlariga xos bo’lgan xususiyatlar, belgi-jihatlarni saqlab qolishlaridir. Chunki ular qanchalik insoniylashmasin, predmet sifatidagi qiyofalari ham yorqin, aniq ko’rinib turishi lozim. Yuqorida sanab o’tilgan uch muhim xususiyat bolalar she’riyatida majoziy obraz yaratishning asosiy omillaridir. Bu xususiyatlar mujassamlashgan she’rlar faqat poetik mukammal bo’libgina qolmay, ayni chog’da ijodkorning estetik konsepsiyasini, hayotiy – falsafiy xulosalarini ifoda etish uchun ham imkoniyatlar yaratadi. Masalan, A.Obidjonning ”Shippak qo’shig’i” she’rini olib ko’raylik. Dastlab shippakka xos jihatlar uning o’z tilidan shunday ifodalanadi:

Yuraman uy ichida,

Ship-ship-ship.

Gilam yumshog’-ey juda,

Ship-ship-ship.

Qoqilmayman hech toshga,

Ship-ship-ship.

Bu satrlarda garchi shippak jonlantirilgan bo’lsa-da, xali predmet sifatida namoyon bo’ladi. So’nggi misrada:

Lekin zorman quyoshga,

Ship-ship-ship, -

deyilishi bilan shippak to’la majoziylashtiriladi.

Shippak chindan ham uy ichida kiyiladigan poyabzal turi, unga quyosh nuri tushmasligiga ham ishonsa bo’ladi. Shoir shippakka xos shu xususiyatlardan kelib chiqqan holda, uni oddiy predmetlikdan majoziy obraz darajasiga ko’taradi. Endi u shunchaki oddiy bir buyum emas, balki moddiy to’kinlikda, tashvishlardan xoli yashasada, ma’naviy tutqunlik, ruhiy erksizlikdan ozor chekkan, qalbi zada, dilgir inson qiyofasida namoyon bo’ladi. She’rda hurlikning, ozodlikning har narsadan ulug’ligi kuylanayotir. Shoir oddiy bir shippak obrazi orqali katta hayotiy, falsafiy xulosani sodda va ishonarli tarzda bolalar diliga singdiradi.

Bunday yirik ijtimoiy-falsafiy fikrlarni, katta hayotiy haqiqatlarni konkret detallar, yorqin va lo’nda obrazlar orqali ifodalash A.Obidjonning ”Qopqonga yozilgan she’r”, ”To’p”, ”Tomir qurti qo’shig’i”, ”Qaxratonning saratonga yozgan xati”, ”Kitning tarjimai holi” kabi qator she’rlariga ham xosdir.

Shu o’rinda, tanqidchilikdagi bir bir fikrga e’tiborni qaratish zarurati seziladi. ”Xozirgi yoshlar she’riyatining to’qson foizini majoziy xarakterlar tasvirini chizish, qolgan besh-o’n foizini esa hajviy qaharamonlar xarakterini aks ettirish ta’min etmoqda. ... she’riyatimizda bugungi o’zbek bolasining ham fojieaviy, ham ayanchli, murakkab ruhiyati, xarakteri o’z aksini topmayotir” 8, - deb yozadi tanqidchi Q.Qahramonov. Darhaqiqat, bugungi o’zbek bolasining intellektual olamidagi murakkabliklar, og’ir mehnat, kasallikka yoki ma’naviy buzlishga mahkum ekanligi hayotiy muammolardan biridir. Nazarimizda, bu holatning bolalar she’riyatida, ayniqsa, 80-yillar she’riyatida aks etmasligi tasodifiy xol emas.

Bu davr adabiyotida majoziy she’rlar, majoziy xarakterlar nisbatan ko’p yaratilganining birinchi sababi – yosh kitobxonlarning tabiati, fe’l-atvoridagi qiziquvchanlik, borliq narsa-hodisalariga bo’lgan ishtiyoq bo’lsa, ikkinchisi davr, sharoit omili bilan izohlanadi. Ma’lumki, inson erki cheklangan, to’g’ri so’zni to’g’ridan-to’g’ri, ochiq oshkor aytish mushkul bo’lgan, mumkin bo’lmagan davrlarda badiiy adabiyot ko’proq majoziylik kasb etadi. Bunga adabiyot tarixida ham, sho’ro davri adabiyotida ham misol ko’p. Lekin biz bu bilan majoziy asarlar faqat shunday sharoit – muhitdagina yaratiladi degan fikrni aytmoqchi emasmiz, faqat badiiy adabiyotga, unda majoziy asarlarning ko’proq yaratilishiga mavjud ijtimoiy-iqtisodiy tuzumning ham ta’sir qilishini aytmoqchimiz. 80-yillarda ham, ayniqsa, uning birinchi yarmida hali hukmron siyosat, qizil mafkuraning adabiyotga zug’umi kuchli edi. Turgan gap, bunday sharoitda bolalar shoirlari ham hayot haqiqatlarini, haqqoniy g’oyalarni ko’proq majoziy obrazlar qatiga singdirdilar. Bu davrda yaratilgan majoziy she’rlarda ko’pincha, ERK va OZODLIK, MUSTAQILLIK g’oyalari ulug’lanishi ham majoziy she’rlar yaratishda davr omilining ta’sirini ko’rsatadi.

Bolalar she’riyatida inson erki tushunchasi yosh shoirlar ijodida ham aks etishi quvonarli holdir. A.Akbarning ”Eskirmaydigan ertak”, R.Nazarning ”Xamrohlar”, ”Arava”, ”Maymun” kabi she’rlari shu jihatdan xarakterli.

Umuman olganda, bu mavzu xuddi kattalar adabiyotida bo’lgani kabi bolalar she’riyatida ham 80-yillarda yetakchi mavzulardan biriga aylana bordi. Istedodli shoirlar – A.Obidjon, Q.O’tayev, H.Imonberdiyev singari ijodkorlar bu mavzuning o’ziga xos boshlovchilari bo’ldilar.

Lirik xarakter, ayniqsa, ijobiy qahramon muammosi adabiyotshunosligimizda ko’p ishlangan mavzu. Bu tadqiqotlarda ko’p o’rinda bolalar adabiyotida ijobiy qahramon yaratish masalasini zaruriy shartlardan biri qilib qo’yiladi.

80-yillar bolalar she’riyatida qahramon muammosi 70-yillarda yaratilgan lirik qahramonlar bilan qiyosan tadqiq etildi va o’ziga xos xususiyatlari aniqlandi. Bunda 70-yillar adabiyotida, jumladan, she’riyatida ham qizil mafkuraning salbiy ta’siri beqiyos bo’lganligi, oqibatda real hayotdagi haqiqatlar aytilmaganligi va shu boisdan ham bir qolipdagi soxta qahramonlar ko’plab yaratilganligini ko’rishimiz mumkin.

80-yillarning lirik qahramoni haqida gapirganda, mavjud ijtimoiy –siyosiy muhit haqida ham gapirish joiz. Zero, qahramon garchi badiiy tafakkur mahsuli bo’lsa-da, u ma’lum bir davr farzandi ham. Davr esa o’zining dolg’alari, siyosiy-iqtisodiy va ma’naviy o’zgarishlari bilan har qanday ijodkorga, uning qahramoniga, albatta, u yoki bu darajada ta’sir ko’rsatadi.

80-yillardagi keskin o’zgarishlar, tub burilishlar, qayta qurish va oshkoralik siyosati deb atalmish voqealar barcha sohalarda bo’lganiday, badiiy adabiyot sohasiga ham yangicha nazarlar, o’zgacha fikrlash tarzlarini olib kirdi. Adabiyot o’z chekingan o’zaniga – hayot haqiqatlarini, real voqelikni yanada yorqinroq tasvirlashga tomon shitob bilan qayta boshladi.

Katta adabiyotning uzviy qismi bo’lgan bolalar she’riyati ham ”poetik ko’klar”(Ozod Sharafiddinov) dan tushib, real zaminga oyoq qo’ydi. Bolalar she’riyatida realizm chuqurlashdi, zamonaviy ruh kuchaydi. Endi bu davrda yaratilgan lirik qahramonlar 70-yillardagidek hayot haqiqatlaridan ko’zlarini chirt yumib ”partiya bergan baxt” ni kuylamadi. Ular juda realist, kurashchan, fikr-mulohazali, hayotdagi voqea-hodisalarga, o’zgarishlarga o’z nuqtayi nazarlari bilan razm soladilar.

80-yillar bolalar she’riyatida bolaga shu nuqtayi nazardan qarab, uni faqat tarbiya obyekti, jamiyatning passiv a’zosi sifatida emas, balki ma’lum darajada SHAXS, FAOL INSON sifatida tasvirlash tendensiyasi kuchaya bordi. Shoirlar ijobiy qahramon yaratishdagi siyqa sxemalar, sotsialistik realizmning tor qoliplaridan voz kechib, INSON-BOLA obrazini yaratishga intildilar. Bu jihatdan A.Obidjon, S.Barnoyev, R.Nazar, A.Akbar, H.Imonberdiyev kabi shoirlarning ijodi xarakterli.

80-yillar bolalar she’riyati lirik qahramonning intellektual qiyofasi ijtimoiy hayot masalalariga, davr muammolariga faol munosabatida ham aniq ko’rinadi. Bu davrda kattalar she’riyatida bo’lgani kabi bolalar she’riyatida ham publisistik ruh kuchaydi. Bu hol lirik qahramonning ijtimoiy voqelikka faol munosabati bilan belgilanadi. Taniqli rus bolalar shoirasi A.Barto fikricha: ”Bolalar yozuvchisining mahorati davrining ulkan fikrlarini bola qalbiga yetkaza olishda namoyon bo’ladi”. Bu jihatdan M.Kenjaboyevning ”Otalar va bolalar” turkumi xarakterlidir. Unda lirik qahramon bilan davr o’rtasidagi turli ziddiyatlar qalamga olinadi. Bu ziddiyatlar shunchaki qarama-qarshilik bo’lmay, ijtimoiy hayot mohiyatini ochadigan, davrni xarakterlaydigan badiiy konfliktlardir. Ular zamirida katta hayotiy muammolar yalang’och ritorik nutq bilan emas, balki lirik qahramonning iztiroblari, qalb kechinmalari orqali ifodalanadi. Jumladan, ”Kuz oylari” she’rining lirik qahramoni yilda bir bor kundalik daftarini ko’rishga vaqt topolmaydigan otasiga shunday deydi:

Dada, dada, dadajon,

“Ona tili bizlarni

Qiynab turgan pallada,

Axir, nima qilasiz

Kecha-kunduz dalada?!

Bu parchada qishloq bolalari va otalarining achinarli ahvoli, fojieali hayoti aks etgan. Lirik qahramon – maktab o’quvchisi “Ona tili” fanidan o’zlashtira olmayotganini aytar ekan, bu shunchaki uchrab turadigan hol emas. Balki bu hodisa zamirida katta xayotiy muammolar yotadi. Ilgari ham biror fandan o’zlashtira olmagan “2” chi bolalar haqida ko’plab she’rlar yozilgan. Biroq u she’rlarda bu hol fojea darajasida baxolanmas, o’quvchining qobiliyatsizligi, dangasaligi kabi shacsiy illatlari, nuqsonlari bilan izohlanar edi. M.Kenjaboyev esa bu masalaga chuqur yondoshadi, uni ijtimoiy hayotdagi muammolar bilan bog’laydi. Axir, o’quvchi o’zi gapirib yuradigan tilni – “Ona tilini yaxshi bilmasa, bu fojea emasmi? Bu hol hayotimizdagi mavjud sharoit bilan izohlanadi.

Intellektualizm, fikriy boylik Z.Isomiddinovning “Og’riqli savol”, “Orol”, Q.O’tayevning “Yer tashvishi”, “Bolalikni xotirlab”, H.Imonberdiyevning “Orol”, “Ta’msiz olmalar”, A.Akbarning “To’yda”, “Iltimos”, R.Nazarning “Bayroqlar”, “Norozilik”, “Rost so’z” kabi she’rlarida ham qahramonning davr muammolariga, hayotiylik masalalariga faol munosabatda ko’rinadi.

Yuqoridagi misollardan ayon bo’ladiki, 80-yillar bolalar she’riyatida intellektualizm, fikriy boylik lirik qahramon yaratishda muhim vositalardan biriga aylanadi. Intellektualizmning chuqurlashuvi poetik umumlashma va xulosalarning salmoqdor bo’lishiga , mazmunning teranlashuviga xizmat qildi. Shu bilan birga, lirik qahramon xarakterida davr bolalarining tipik sifatlarni aks ettirish imkonini yaratdi.

80-yillar bolalar she’riyatida lirik xarakter yaratishdagi tendensiyalardan yana biri ruhiy tahlilning chuqurlashganidir.

Avvalo shuni aytish kerakki, bolalar adabiyotshunosligida psixologizm masalasiga ikki xil munosabat mavjud. Ayrim adabiyotshunoslar bolalar uchun yaratilgan qahramonlar sodda, aniq tasvirga ega bo’lishi lozim, ularning ruhiy holatlarini aks ettirish shart emas, deb hisoblasalar, boshqalari kolliziya bolalik olamini butun murakkablari bilan ochishda asosiy vositalardan biri, degan xulosani bayon etadilar. Chunonchi, adabiyotshunos olim S.Mamajonov yozadi: “Psixologizm – tasvirda hayotiylikka erishish, deganday gap. Yoshlarning boy qalbi, ong oqimi, ruhiy dunyosi, rango-rang kechinmasi, murakkab ruhiy holati xarakteridagi ziddiyatlar, kuchli va kuchsiz tomonlar ko’rsatilmas, tahlil qilinmas ekan, jonli qahramonlar, erkin xarakterlar dunyoga kelmaydi”. Darhaqiqat, psixologizm qahramon ichki qiyofasini yoritib, uni jonli inson sifatida gavdalantiruvchi omillardan biridir. Bolalar adabiyoti ham san’at ekan, uning ijodkorlaridan ham jonli, to’laqonli xarakterlar yaratish talab etiladi. Buning uchun ijodkor o’z asarlaridagi inson obrazi ichki olamini, ahvol ruhiyasini, xissiyotlarini chuqur ochishi lozim.

80-yillar bolalar she’riyatini kuzatganda, lirik xarakter yaratishda ruhiy tahlilning kuchayganini kuzatish mumkin. Xususan, K.Turdiyevaning “Oyim bilan arazlashdim”, “Yodlasam bo’lmasmidi?”, R.Tolipovning “Kechir og’ayni”, “Ko’ngil”, Z.Isomidinovning “Eh men, eh Botirov”, R.Nazarning “Arava”, “Burchakda”, “Hamyon” kabi she’rlarida qahramon ruhiyatining turli qirralari mohirlik bilan chiziladi. Bu she’rlar shoirlarning bola ichki dunyosiga, ruhiyatiga chuqur kirib borgani va uni bor murakkabliklari, nozik jihatlari bilan aks ettira olganidan dalolat beradi.

Shunisi ahamiyatliki, 80-yillar bolalar she’riyati lirik qahramonining ruhiy qiofasi faqat “bolalar muhitidagi” voqea-hodisalar ta’sirida yuzaga keladigan “mayda” kechinmalar bilan emas, balki yanada kengroq ma’naviy olami va ijtimoiy pozitsiyasi bilan bog’liq holda namoyon bo’ladi.

80-yillar bolalar she’riyatida lirik xaraktter yaratishda psixologizmda intilishning paydo bo’lishi tasodifiy xol emas. Adabiyot tarixiga nazar solsak, qachonki inson omiliga e’tibor kuchaysa, xalq xayotida tub burilish ro’y bersa, badiy adabiyotda ham insonning ichki dunyodsiga qiziqish, tashqi dunyo bilan turli murakkab aloqalrini ochishga intilish tendensiyasi kuchayishini ko’ramiz. Bu hol eng hozirjavob va sezgir adabiy turlardan biri hisoblangan lirikada, ayniqsa, tez yuz ko’rsatadi.

Bu davrda ijodkorlar so’zga nisbatan juda ma’suliyat bilan munosabatda bo’ldilar. Zero, so’z – badiiy adabiyotining birinchi elementi. Uning sehri jozibasi esa, xususan, she’riyatda yanada yorqinroq namoyon bo’ladi. A.Obidjon, S.Barnoyev, A.Akbarlar ham so’zning doimiy yozilish tarzini o’zgartirish orqali muayyan poetik mukammalikni ta’minladilar. Xususan, bolalar she’riyatining kenja avlodiga mansub A.Akbarning tajriba (eksperiment)lari e’tiborga molikdir.

80-yillar bolalar she’riyatida so’zning ko’proq tashqi “qiyofasini” o’zgartirish bilan ham badiiy originallikka va she’rda ifodalanayotgan g’oyaning ta’sirchanligiga erishildi.

80-yillar bolalar she’riyatida lirik qahramon obrazini yaratish borasida ham ancha yutuqlar qo’lga kiritildi. Xususan, 80-yillarda siyosiy hayotda yuz bergan o’zgarishlar, keskin burilish ham bolalar she’riyatida realism chuqurlashuviga, zamonaviy ruhning kuchayuviga sabab bo’lgan omillardan biridir.

Shoirlar bu davrda imkoni boricha ijobiy qahramon yaratishdagi siyqa sxemalar, sotsialistik realizmning tor qoliplaridan voz kechib, o’z nuqtai nazariga, mustaqil fikriga ega bo’lgan INSON-BOLA obrazini yaratishga intildilar.

Bolalar she’riyatida qahramon intellektual olamining turli tomonlarini qamrab olish, uni ijtimoiy harakat fonida ko’rsatishga intilish kuchaydi. Jamiyat va inson hayotida sodir bo’lgan va bo’layotgan murakkab jarayonlar, o’zgarishlar o’ziga xos talqin qilina boshladi, yosh kitobxonni ijtimoiy voqelikning barcha muammolari bilan ro’y-rost tanishtirish, uning fikrlash tarzidan kelib chiqib tadqiq etish teranlashdi. Bolalar she’riyatida publisistik rux kuchaydi. Ayniqsa, M.Kenjaboyev, Q.O’tayev, Z.Isomiddinov she’rlarida lirik qahramonning davr va uning turli muammolariga, fojealariga nisbatan faol qarashlari, zamonning ba’zi og’riqli masalalariga keskin munosabati ifodalandi.

80-yillar bolalar she’riyatida lirik xarakter yaratishdagi yangi tendensiyalardan biri ruhiy tahlilning chuqurlashganidir. Bu davrda shoirlar bolaning ichki dunyosini, uning turli ruhiy-hissiy holatlarini bor murakkabligi, nozik jihatlari bilan aks ettirishga harakat qildilar.

80-yillar bolalar she’riyatida lirik xarakter yaratishda psixologizmga intilishning ma’lum sabablari bor. U adabiyotimizning insonparvarlik mohiyati chuqurlashganidan, insonga uning inson sifatidagi sifatlariga, xis-kechinmalar va ichki olamiga katta yangilanishlar va ijobiy o’zgarishlar bilan izohlanadi.

Xullas, 80-yillar bolalar she’riyatida badiiy mahorat borasida bir qator yutuqlarga erishildi. Bu davrda mahorat bilan yaralgan badiiy barkamol asarlar she’rlar barchasi bir maqsadga – kelajak egalari, yangi dunyo bunyodkorlari bo’lgan bolalarni ma’naviy yetuk inson qilib tarbiyalashga qaratilgan.

















UMUMIY XULOSALAR

XX asr bolalar she`riyatining yillik badiiy merosimiz chashmalaridan suv ichgan, xalq og`zaki ijodi va mumtoz adabiyotning an`analarini o`zida mujassamlashtirgan, mavjud eng yaxshi an`analarni davom ettirgan, shu bilan birga, ularni yangicha tafakkur va poetik mazmun bilan boyita olgan she`riyatdir. T.Adashboev, R.Tolipov, Q.O`taev, A. Obidjon, A.Ko`chimov, H.Imonberdiyev, A.Akbar, D. Rajab, K.Turdiyeva kabi ko`plab iste`dodlar tomonidan asarlar ushbu davr bolalar she`riyatining yangi pog`onaga ko`tardi.

Bolalarga atalgan asarlarning kattagina qismini satirik va yumoristik she`rlar tashkil qiladi. Satira va yumor adabiyot hamda san`atning doimiy, ajralmas hamaroxidir. Bu adabiyot go`zallikni ulug`laydi hamda kulgi vositasida bolalarning ma`rifiy-estetik didini shakllantiradi.

O`tgan asrning 80 – 90 –yiilarida bolaalar shoirlari tomonidan ko`plab hajviy she`rlar yaratilishi o`sha tarixiy o`tish davri poetik tafakkuni maxsuli hisoblanadi. Bu davr bolalar she`riyatida satirik va yumoristik asarlar mavjud ijodiy an`ana va tamoyillarning qonuniy davomidir. Bitiruv malakaviy ishida bolalar she`riyatida satirik obraz yaratishda shartlilik va majoziylikdan qanday foydalanilganligi masalalari alohida yo’nalish sifatida taxlilga tortildi. Bunda satirik kulgu hosil qiluvchi vositalar muayyan she`riy asarlarning aniq tahlil va talqini asosida ko`rsatiladi.

Yumoristik obraz yaratishda shoirlarning imkoniyatlari satirik obraz yaratishga nibatan kengroqdir. Muammo yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijasida yumoristik kulgu yaratishning vosita va usullari ijodkor mahorati bilan chambachas bog`likligi o`z isbotini topdi.

Satirik va yumoristik asarlarning ma`rifiy-tarbiyaviy hamda badiiy-estetik qimmati hamisha dolzarb bo`lib kelganligi haqida tegishli hulosalar chiqarildi.

Tadqiqot muammosi bo`yicha olib borilgan tahlil va talqinlar asosida quydagi xulosalarga kelindi:

  1. 80-90-yillar bolalar she`riyatida hajviy obraz yaratishdagi eng yaxshi an`analar davom ettirilishi bilan birga, yaratilayotgan satirik va yumoristik poetik kashfiyot darajasiga ko`tarildi.

  2. Bolalar she`riyatida satira hamda yumor obrazlari va badiiy vositalarning aniq badiiy-estetik maqsad yo`lida xizmat qilishini ta`minlaydigan, asarning ta`sirchanligini oshiradigan omil vazifasini bajaradi.

  3. Bu davr she`riyatida satirik obraz yaratishda bolalar xulq-atvorida uchrab turadigan quydagi salbiy xususiyatlar satirik kulgu vositasida fosh etilgan:

  1. g`iybat, chaqimchilik, yog`onchilik, mish-mishlar, ig`vo, ochofatlik kabi salbiy xulqlar bolalar tabiatiga mos ravishda satirik yo`sinda tasvirlangan;

  2. insonlarni tabiatga bolgan shafqatsizlarcha munosabatlar satirik obrazlar talqini orqali bolalar ruhiyati bilan bog`liq ravishda ko`rsatilgan;

  3. satirik va yumoristik obrazlarning harakter-xususiyatlari turli majoziylashgan shartli badiiy detallar, o`xshatishlar, so`zlarni ko`chma ma`noda qo`llash, jonlantirishlar vositasida yaratilgan;

  1. Bu davr bolalar she`riyatida yumoristik obraz yaraatishda shoirlar folklor unsurlari va quvnoq kugidan samarali foydalanib, asosiy e`tiborni quydagilarga qaratganlar:

  1. bolalar tabiatida uchrab turadigan ba`zi qusurlarni beg`araz quvnoq kulgi ostiga olish;

  2. turli tuman tabiat hodisalari, havonlar, jonivorlar, parrandalar, o`simlik va sabzavotlarni majoziylashgan yumoristik obrazlar vositasida hayot bilan chuqurroq tanishtirishga harakat qilish bilan asarlarning badiiy-estetik qimmatini oshirish.

  1. 80 -90-yillar bolalar adabiyotidagi satirik va yumoristik she`rlarda ma`rifiy-didaktik va badiiy-estetik ruh ustuvorlik qiladi. Jumladan:

  • o`quvchilar kundalik hayotga faol qo`llanadigan harf va tovushlar, raqamlar jonlantirilib, ular vositasida yumoristik xarakterdagi ma`rifiy xulosalar chiqariladi. Alifbo tartibidagi she`rlarda harflarning badiiy talqini misolida ma`rifiy- tarbiyaviy g`oya ilgari suriladi;

  • bolalarning turli o`yinlari tasviri misolida kichik kitobxonlarni ma`rifiy-didaktik tarbiyalash nazarda tutiladi;

  • yumoristik obrazlar turli raqam va shakllardan keng foydalaniladi. Bu tipdagi she`rlarda bolalar tasavvurini, nutqi va talaffuzini yaxshilashga katta e`tibor qaratilgan.

  1. Bolalarga bag`ishlangan satirik va yumoristik she`rlarda kichkintoylarning fe`l-atvoridagi mayda-chuyda illatlardan ko`ra ijtimoiy taraqqiyotdagi yangilanishlar bilan bog`liq ma`naviy-ahloqiy muammolarga ko`proq e`tibor berilgan. Ayni shu xususiyatlar estetik tamoyillaga aylanib, istiqlol davri o`zbek bolalar adabiyotining yangicha taraqqiyot tendensiyalarini yuzaga keltirmoqda.




















Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.

  1. I.Karimov. Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch. Toshkent. Ma’naviyat. 2008

  2. I.Karimov. Adabiyotga e’tibor- ma’naviyatga, kelajakka e’tibor. O’z.A.S. 2009, noyabr

  3. Adabiyot nazariyasi.Ikki tomlik.1-tom.-Toshkent: Fan,1979.

  4. Alisher N.Badoyiul - bidoya. Mukammal asarlar to’plami.20 jildlik, 1 – jild.-Toshkent. “Fan”.1987.

  5. Avaz Chori. Baxtiyorlik shu emasmi?. Qarshi. Nasaf. 1992.

  6. Jome us – sag’ir. Hadislar to’plami. II jild. Toshkent. Ma’naviyat. 2001.

  7. Normatov U. Ijod sehri. Toshkent. Sharq. 2007.

  8. Qur’oni Karim. O’zbekcha izohli tarjima.- Toshkent. G’. G’ulom nomidagi nashriyot birlashmasi. 1992.

9. Rasulov A. Betakror o’zlik. – Toshkent: Mumtoz so’z, 2009. – B. 191.

10. Rahimjonov N. Mustaqillik davri o’zbek she’riyati. Toshkent. Fan. 2007.

11. Safarov O. Bolalik kuychisi. – Toshkent: Fan, 1978. – B.67.

12. Yunosov M. Bolalar qalbining bayrami. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1984. – B. 61-62.

13. Barakayev R. Jonajonim, she’riyat. – Toshkent: Cho’lpon., 1997. – B. 68-70.


14. Qahramonov Q. Bir munozara bahonasida// O’zbekiston adabiyoti va san’ati. -1989. 19mart.

15.Normatov.U. Janr imkoniyatlari. Gafur Gulom nomidagi Adabiyot va sanat nashriyoti. T. 1970.

16.Sarimsoqov.B.I. Badiiylik asoslari va mezonlari. T. Universitet. 2004.

17.Juraqulov.U. Xududsiz jilva. T. Fan. 2006.


18.Sulton I. Adabiyot nazariyasi. T. O‘qituvchi. 1980.

19.Fitrat A. Adabiyot qoidalari. T. Cho‘lpon. 1994.

20. Hamdam U. Badiiy tafakkur tadriji. T. yangi asr avlodi. 2002.

21. Xudoyberganov.N. O‘z dunyosi, o‘z qiyofasi: Adabiy o‘ylar. T. 1986.

22. Sultonova.I. Yozuvchi uslubiga doir. T. Fan. 1973.

23.Aristotel. Poetika. Yangi asr avlodi. T. 2005.

24.Cholpon. Adabiyot nadir?. T. Cho‘lpon. 1994.

25.Yoqubov.X. G‘oyaviylik va mahorat. T. Fan. 1963.

26.Normatov.U. Janr imkoniyatlari. G‘afur Gulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. T. 1970.















1 Karimov I.A. Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor. – Toshkent: O’zbekiston, 2009. – B. 11-12.

2 Rasulov A. Betakror o’zlik. – Toshkent: Mumtoz so’z, 2009. – B. 191.

3 Imonberdiyev H. G’aroyibkent hangomalari. – Toshkent: Cho’lpon, 1994. – B.63.

4 Safarov O. Bolalik kuychisi. – Toshkent: Fan, 1978. – B.67.

5 Yunosov M. Bolalar qalbining bayrami. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1984. – B. 61-62.

6 Rasulov A. Betakror o’zlik. – Toshkent: Mumtoz so’z, 2009. – B. 214.

7 Barakayev R. Jonajonim, she’riyat. – Toshkent: Cho’lpon., 1997. – B. 68-70.

8 Qahramonov Q. Bir munozara bahonasida// O’zbekiston adabiyoti va san’ati. -1989. 19mart.

62