Huquqiy ong va huquqiy madaniyat
Автор:
8-sinf O’zbekiston davlati va huquqi asoslari fani 21-mavzu
Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlaridagi muvaffaqiyatlar aholining, har bir fuqaroning huquqiy ongi va huquqiy madaniyat darajasiga bog‘liqdir.
Huquqiy ong insonning o‘z ma’rifat va ma’naviyat darajasiga tayangan holda jamiyatda amal qilayotgan huquqiy talab va normalarning mazmunini tushunish va mohiyatini anglashidir.
Huquqiy ongning yuksakligi shaxsning fuqarolik jamiyatining to‘laqonli a’zosi va huquqiy demokratik davlatning haqiqiy fuqarosi bo‘lishi uchun kamlik qiladi.
Shaxsning huquqiy madaniyati deganda fuqaroning o‘z haq-huquqlarini huquqiy ongiga tayangan holda o‘zgalar manfaatiga zid kelmaydigan tarzda amalga oshirishi tushuniladi.
O‘z huquqiy madaniyatini shakllantirish uchun shaxs:
— o‘z huquqiy bilimlarini muttasil oshirib borishi;
— amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tanish bo‘lishi;
— huquqiy faoliyatda ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelgan ijtimoiy qoidalarni ham e’tiborga ola bilishi;
— hokimiyat organlarining funksiyalari va vazifalarini bilishi va ular bilan o‘zaro munosabatlarga kirisha olishi;
— huquq-tartibot sohasining jamiyatdagi o‘rnini to‘g‘ri idrok qilishi va ularning vazifalarini to‘g‘ri anglashi zarurdir.
Yuksak huquqiy madaniyatga ega insonni tarbiyalash qanday vositalar orqali amalga oshiriladi, insonning huquqiy madaniyatiga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi qabilidagi savollarga javob huquqiy ta’lim va ma’rifatni kuchaytirish, huquqiy targ‘ibotni yanada yaxshilash zamirida yotadi.
2019- yilning 9- yanvar kuni Prezidentimiz tomonidan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” gi farmonga imzo chekildi.
Unda har bir inson mamlakatimizda istiqomat qilar ekan, uning manfaatlari shu jamiyatning boshqa a’zolari tomonidan hurmat qilinishiga erishish lozimligi ta'kidlanadi.
Davlat organlari, jamoat va fuqarolik jamiyatlari institutlari hamkorlikda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirishlari lozim bo‘lgan ishlar ham farmonda belgilab berilgan.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs – oila – mahalla – ta'lim muassasasi – tashkilot– jamiyat” prinsipi bo‘yicha tizimli va uzviy tashkil etilishi ham farmonda belgilab qo‘yilgan.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida muvofi qlashtiruvchi davlat organi etib O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan.
Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim, Xalq ta'limi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari, Adliya vazirligi bilan birgalikda tarbiyalanuvchilar, o‘quvchilar va talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etish borasidagi chora-tadbirlar belgilangan.
Huquqiy ta’lim, tarbiya, targ‘ibot, tashviqot borasidagi davlat tomonidan yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish va o‘z huquqiy ongi ni o‘stirib, huquqiy madaniyatini shakllantirish mamlakatimizning har bir fuqarosining burchidir.
Savol va topshiriqlar:
1. Huquqiy ong nima?
2. Huquqiy madaniyat deganda nimani tushunasiz? Uning inson hayotida qanday ahamiyati bor?
3. Huquqiy madaniyatni shakllantirishda Konstitutsiyamiz qanday rol o‘ynaydi?
4. Huquqiy madaniyatni oshirishda muhim hisoblangan yana qanday huquqiy hujjatlarni bilasiz?
5. “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmonida qanday masalalar keltirilgan?
6. Farmonda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha kimlarga, qanday vazifalar yuklatilgan?
7. Farmonga binoan qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan?