Mavzu: Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasi.
Dars maqsadlari:
Ta’limiy maqsad: Mavzu haqida tushuncha berish orqali zarur ma’lumotlarni izlab topa olishni, saralashni, qayta ishlashni, saqlashni, ulardan samarali foydalana olish konpetensiyasini shakllantirish;
Tarbiyaviy maqsad: Vatanga sadoqatli, insonlatga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadryatlarga e’tiqodli bo’lish, badiiy va san’at asrlarini tushunish konpetensiyasini shakllantirirsh;
Rivojlantiruvchi maqsad: O‘qigan badiiy matn orqali mustaqil o‘qib o‘rganish, kognitivlik ko‘nikmalarini va hayotiy tajribani mustaqil ravishda muntazam oshirib boorish, o‘z xatti-harakatini muqobil baholash va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallash kompetensiyasini shakllantirish.
Fanga oid konpetensiyalar:
Adabiy-nutqiy kompetensiyalar- tinglab tushunish, fikrni og‘zaki bayon qilish, o‘qish, fikrni yozma bayon qilish;
Badiiy asarni tahlil qilish kompetensiyasi.
Dars metodi: interfaol
Dars jihozi: darslik, ko‘rgazma materiallari, test, “Rag‘bat, jarima, balli” kartochkalari, Maqsud Shayxzoda va Jaloliddin Manguberdi portretlari, marker, stiker.
DARSNING BORISHI
Salomlashish o‘tkaziladi, davomat aniqlanadi, uyga vazifa so‘raladi.
O‘tilgan darslar mobaynida biz, aziz o‘quvchilar, Maqsud Shayxzodaning hayoti va ijodi bilan tanishgan edik. Topshiriqlarni bajarishdan oldin Maqsud Shayxzoda haqidaquyidagi xotirani o‘qib bermoqchiman:
O‘zbekning buyuk aktyori Shukur Burxonov hikoyasi:
Shayx aka umrini umrday qilib yashagan edi. Hamma gap anashunda. Shunday umrlar bo‘ladiki, yillar va asrlar o‘tib, necha-necha avlodlarga ibrat namunasi bo‘lib qoladi. Shayx aka yashagan va bugun ham ko‘z oldimizda kechagidek yorqin bo‘y berib turgan umr ana shunday umrlar sirasidan. Shayx aka, avvalam bor, barchaga barobar, dilkash, qadrdon o‘rtoq, istarasi issiq, hamisha dilga yaqin inson edilar. Hamisha to‘g‘risini, ko‘pincha tagdor qilib, lekin samimiy gapirguvchi edilar.
Uyga vazifa qilib, ijodkor faoliyati haqidagi ma’lumotlarni o‘rganib kelishtopshirilgan edi. Hozir esa buni tekshirib olishimiz uchun quyidagi topshiriqlarni bajaramiz:
“SHAXMAT DOSKASI” TOPSHIRIG‘I
Maqsud Shayxzodaning hayotiga doir ma;lumotlarni oq katakka, ijodiga doir ma’lumotlarni esa ko’k kataklarga joylashtiring.
“3 USTUN” TEST SHAKLI
Bunda o‘quvchilarga 10 ta savoldan iborat va 15 ta javob variantli test beriladi. Jadvalning chap tomonida savol, o‘rtada kalit uchun joy, o‘ng tomonda javob variantlari ko‘rsatiladi.
t\r | Savol | Kalit | Javoblardan birini tanlang |
1. | M.Shayxzoda qanday oilada tug‘ilgan ? | | “Yangi devon” 1928-yil “O’n birlar” 1927-yil Shifokor Roman 1929-yil “Ko’ngil deydiki” “Hamlet” Doston “Olqishlarim” “Sarob” 1958-yil “Otello” 1959-yil |
2. | M.Shayxzoda Toshkentga qachon surgun qilingan ? | |
3. | M.Shayxzodaning dastlabki ijod namunalari nechanchi yilda chop etilgan ? | |
4. | 30-yillarda chop etilgan sheriy to’plamini toping. | |
5. | II jahon urushi yillarida chop etilgan to’plami qaysi ? | |
6. | Urushdan so’nggi tinchlik davrida chop etilgan to’plami qaysi ? | |
7. | M.Shayxzodaning liro-epik janrda yozilgan asari qaysi ? | |
8. | M.Shayxzoda Shekspirning qaysi asarini o’zbek tiliga tarjima qilgan ? | |
9. | “Toshkentnoma” dostoni nechanchi yilda yozilgan ? | |
10. | M.Shayxzodaning “Iskandar Zulqarnayn ” asari qaysi janrda yozilgan ? | |
Yangi mavzu haqida o‘qituvchi ma’ruzasi tinglanadi:
“Xalqimizning mehnat qahramonligi, kurash va jang, ozodlik va do‘stlik, baxt va alam, yurtning go‘zal manzaralari va insonning ma’naviy jamoli mening qalamimga oshno, dilimga mazmun bo‘lib keldi”, degan edi Maqsud Shayxzoda.
Jaloliddin Manguberdi shaxsi, uning taqdiri hozirgi kungacha kishilarni hayratga solib kelyapti. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida qatnashadi va o‘zining jasur jangchi, iste’dodli sarkardalik qobiliyatini namoyish etadi. Mo‘g‘ul istilochilarining haybatidan cho‘chigan otasi Muhammadshoh dushmanga qarshi kurashish o‘rniga, go‘yo mamlakat xalqi hayotini saqlab qolish bahonasida Samarqandni tashlab orqaga chekinadi. Kaspiy dengizi bo‘yidagi Obeskun shahriga yo‘l oladi, u yerdan panoh topadi. O‘g‘li Jaloliddinning da’vat-u undovlari ham foyda bermaydi. Yosh sarkarda kuchli mo‘g‘ul qo‘shiniga qarshi bir o‘zi kurashga otlanadi. O‘ziga yaqin xon-u beklar va lashkarboshilarning boshini qovushtirib jangga kiradi. Jaloliddin o‘z qo‘shini bilan eng kuchli mo‘g‘ul lashkar-larini yengib, dushmanga qiron keltiradi, umrining oxirigacha Vatanimiz hududini yovdan tozalashga harakat qiladi. Sohir sarkarda, haqiqatgo‘y, vatanparvar Jaloliddin o‘z davrida, keyingi davrlarda tarixchi olimlar, shoir va adiblar tomonidan sharaflandi.
Taniqli yozuvchi Maqsud Shayxzoda “Jaloliddin Manguberdi” tragediyasini 1944- yilda, ikkinchi jahon urushining qizg‘in bir davrida yaratdi. Asar o‘tmishda chet el bosqinchilariga qarshi xalqimiz olib borgan mardonavor kurashning yorqin sahifalarini sahna asari shaklida yoritish va uni xalqimizning fashizm bilan olib borgan kurashi o‘rtasidagi mushtaraklikni ko‘rsatish borasida muhim targ‘ibiy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etdi.
Tragediya mazmuni bilan tanishar ekanmiz, unda M.Shayxzodaning shoirlik, zukko olimlik mahorati to‘liq namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. Asar she’riy shaklda yozilgan. Bu usul esa spektakldagi voqealarni aniq-oydin, personajlar xarakterini ta’sirchan, jozibador tasvirlash imkonini bergan. Tragediya matni bir nafasda o‘qiladi va u kishiga chuqur ta’sir qiladi, epizodlar va eng murakkab sahnalar ham o‘quvchi ongiga borib yetadi. Asarning bosh qahramoni Jaloliddin Manguberdi obrazi, uning insoniy qiyofasi – halol-pokligi, dushmanga shafqatsizligi, mardona xarakteri o‘quvchida ham, tomoshabinda ham zo‘r taassurot qoldiradi.
Asar o‘zining falsafiy ruhi va badiiy tasvirdagi til jozibadorligi bilan kishi e’tiborini tortadi. Tragediyada asar qahramoni tarixiy haqiqat va badiiy to‘qimaning o‘zaro munosabati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, muallifning tarixiy shaxs va uning badiiy obrazi tasviri hayotiy ko‘rinish olgan. Jaloliddin Manguberdi xatti-harakati, uning gap-so‘zlari, muomala tarzi tarixiy muhit bilan uyg‘un ravishda namoyon bo‘ladi. Jaloliddinning otasi Muhammadshoh, amir Badriddin, Yaroqbek kabi Vatanga xiyonat yo‘liga o ‘tgan kimsalarga nafratli murojaati, onasi va singlisi Sultonbegimlarga nisbatan mehribonona muomalasi aks etgan sahna epizodlari nihoyatda ta’sirchan, hayotiy chiqqan.
Tragediyada Jaloliddin Manguberdi qiyofasi ko‘proq asardagi boshqa obrazlar orqali ochilgan. Jumladan, zolim Chingizxon, o‘z yurtiga xiyonatkor Shoh Muhammad, olchoq amir
Badriddin bilan bo‘lgan muloqotda uning mard, yurtiga vafodor, bosqinchi va xiyonatkor kishilarga nafrati haddan ziyoda inson sifatida namoyon bo‘ladi, ayni paytda Temur Malik, Muhammad Nasaviy, Elbors cho‘ponlar bilan so‘zlashlari xalqparvar, elga g‘amxo‘r yurt rahbari, volidasi va singlisi Sultonbegim bilan qilgan muloqotida mehribon farzand va tug‘ishgan inisi uchun qayg‘uradigan kishi qiyofasida ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi.
Vatanimizning ming yillik tarixi el-yurtimizni bosqinchi, yovuz kuchlardan himoya qilish, millatimizning ozodligi va or-nomusini asrash yo‘lidagi buyuk voqealarni, buyuk shaxslarning jasorati va marligini asrlar davomida o‘z yorqin xotirasida saqlab kelmoqda. Jalolidin Manguberdi – ona Vatan himoyachisi, jasur sarkarda va davlat arbobidir. U o‘zidan o‘chmas iz qodirgan xalqimizning milliy qahramonidir. Jaloliddin Manguberdining xalqimiz oldida qilgan mardonovor jasorati barchamiz uchun sharaf va g‘urur bag‘ishlaydi. Bu buyuk siymo hayoti haqida juda ko‘plab asarlar yozilgan. Shunday asarlardan biri Maqsud Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” dramasi hisoblanadi. Mazkur asar II jahon urushi davrida yozilgan. Manbalarda ko‘rsatilishicha, Manguberdining kishida hayajonli faxr tuyg‘usini junbushga keltira oladigan qahramonliklari aks etgan mazkur drama urushga ketayotgan askarlarga maxsus namoyish etilib, frontga jo‘natilgan ekan. Bu esa askarlarda jangovar ruh va shijoat uyg‘otib, dushmanga nafratni kuchaytirgan.
Ana shunday vatanparvarlik tuyg‘usining kuchayuviga sabab bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz, xususan, Jaloliddin Manguberdining jasoratlari asrlar o‘tsa hamki, o‘z qadr-qimmatini va ahamiyatini yo‘qotmaydi. Maqsud Shayxzoda qalamiga mansub dramada ham Sulton Jaloliddinning vatan uchun qilgan xizmatlari aks etgan. Dramada vatanparvarlikka, millatparvarlikka chorlovchi motivlari juda ko‘p. Asarda Jaloladdin quyidagicha ta’riflanadi. Jaloliddin zamonadagi voqealarni chuqur o‘ylovchi siyosiy va harbiy arbob sifatida fikr yuritadi. U otasining uni valiahdlikdan mahrum etish haqidagi qaroridan zarracha afsuslanmaydi:
Kishi tug‘ilmaydi boshda toj bilan,
Tug‘ilar erklikka ehtiyoj bilan…
El-o‘lka sog‘ bo‘lsin, toj kelib-ketar…
Odamlar o‘ylarki bo‘lmasa tojim,
Qalandar bo‘lurman, qolmas ilojim. Jaloliddin taxtga egalik qilish uchun emas, balki, saltanat butunligi, el osoyishtaligi uchun kurashadi. Jaloliddin va uning safdoshlari yovni yanchishga, vatan tuprog‘ini xalos etishga jahd-u jadal qiladilar, janglarda ko‘p fidokorlik ko‘rsatadilar.
G‘urbatlarga yo‘l olmoq ulug‘ musibat
G‘urbatda ham armondir: Vatanga xizmat!
Bir bo‘lsaydi saltanat, el-urug‘lar bir,
Dahshat sochib bo‘lardik jangda olamgir.
Mangulikdan joy olgan – yashar abadiy,
Men-ku mangu berdiman,olam biladi.
Ko‘klardanmi, suvdanmi, yo yer tagidan,
Balki sahro bag‘ridan, tog‘ etagidan.
Bir kun paydo bo‘laman shu yurt, shu yerda,
Yurt shaydosi ko‘milmas g‘urbatda, go‘rda.
Ulug‘vor niyatlarga kor qilmas ajal
Kim yurtdan yovni quvsa- mendurman o‘shal!
Bu so‘zlarda Jaloliddin xarakteriga xos bo‘lgan mardlik va el-yurtga sadoqat ro‘yirost bo‘rtib turibdi. Jaloliddin obrazini mardlik va sadoqat timsoli sifatida tasavvur etgan Maqsud Shayxzoda, el-yurt daxlsizligi uchun kurashgan, o‘z jasorati bilan o‘zgalarni kurashga ilhomlantirgan odam xalq xotirasida mangu yashaydi, degan g‘oyani ilgari suradi. Jaloliddin obrazini ulug‘vorlik va chin insoniylik xislatlarini kitobxon tasavvurida yaqqol jonlantiradi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak asar so‘ngida sulton Jaloliddin yurtni g‘animlarda qutqara olmasa ham, yuksak vatanparvarlik ko‘rsatib barchaga o‘rnak bo‘la olgan. Umuman olganda dramada Jaloliddin tomondan aytilgan har bir so‘z o‘zida vatanparvarlik va millatsevarlikni aks ettiradi.
Uyga vazifa: Asardan berilgan parchani o’qib kelish.