СДЕЛАЙТЕ СВОИ УРОКИ ЕЩЁ ЭФФЕКТИВНЕЕ, А ЖИЗНЬ СВОБОДНЕЕ

Благодаря готовым учебным материалам для работы в классе и дистанционно

Скидки до 50 % на комплекты
только до

Готовые ключевые этапы урока всегда будут у вас под рукой

Организационный момент

Проверка знаний

Объяснение материала

Закрепление изученного

Итоги урока

Методы развития ритмических навыков у студентов через ритмические упражнения и танцевальные движения в высшей школе.

Категория: Музыка

Нажмите, чтобы узнать подробности

Статья написана на узбекском языке. Археологические раскопки в ряде районов Узбекистана свидетельствуют о глубоких корнях духовности и культуры, в частности, искусства. В традиционном анализе культуры, в частности, искусства нашей страны важную роль играют памятники Тупраккала и Койкирилдыкала, одного из крупных центров великого государства Хорезмшахов. По результатам исследования в статье описаны методы развития ритмических качеств у студентов посредством ритмических упражнений и танцевальных движений в высшей школе.

Просмотр содержимого документа
«Методы развития ритмических навыков у студентов через ритмические упражнения и танцевальные движения в высшей школе.»

Oliy ta’lim muassasasida ritmik mashqlar va raqs harakatlari orqali talabalarda ritm hususiyatlarini rivojlantirish metodikasi


Ma’rufjon Ashurov Abdumutalibovich

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti

San’atshunoslik fakulteti Musiqa ta’limi kafedrasi

San’atshunoslik fanlari dotsenti

(O’zbekiston)

mail: [email protected]


Annotatsiya: O`zbekistonning qator hududlarida olib borilgan arxeologik qazilmalar bu yerlarda ma’naviyat va madaniyatning, xususan, san’atning chuqur ildizga ega ekanligidan dalolat beradi. Yurtimiz madaniyatini xususan, san’atini an’anaviy jihatdan taxlil etishda buyuk Xorazmshoxlar davlatining yirik markazlaridan bo`lgan Tuproqqal’a va Qo`yqirildiqal’a yodgorliklari muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqolada tadqiqod natijasiga tayangan holda Oliy ta’lim muassasasida ritmik mashqlar va raqs harakatlari orqali talabalarda ritm hususiyatlarini rivojlantirish metodikasi yoritib beilgan.


Kalit so’zlar: ezgulik, musiqa san’ati, yosh avlod, musiqa savodi, ritmik harakat, raqs harakati, ma’naviy mulk, buyuk ijodkor.


KIRISH. Mustaqillik qo`lga kiritilgach, o`z davlatchiligimizni shakllantirishda madaniyatimiz sarchashmalariga, hali chuqur o`rganishni taqozo etuvchi ulkan ma’naviy merosimizga murojaat qilish, bag`oyat boy tarixiy o`tmishimizda mavjud bo`lgan barcha ezguliklarni yuzaga chiqarib, rivojlantirish borasida tarixiy imkoniyatlar ochildi.

O`zbekistonda demokratik, huquqiy davlatning bosqichma-bosqich qurilishi o`sib kelayotgan yosh avlodga milliy an’analar va xalqimiz xususiyatiga xos bo`lgan yangi rivojlanish yo`llarini ochib bermoqda .

Bugungi davrimiz, milliy qadriyatlarimizning qayta tiklanish jarayoni madaniy merosimizni, shu jumladan, ko`p asrlar davomida shakllangan badiiy merosimizni, an’analarimizni har tomonlama o`rganishni taqozo etmoqda. Xalqimizning bebaho ma’naviy mulki bo`lgan milliy kuy-qo`shiqlarimiz hamda raqslarimiz muhim va qimmatli manbalardan biridir .

Ularni keng miqyosda tadqiq etish masalasi hozirgi vaqtda alohida ahamiyat kasb etadi.

Xususan, raqs san’atining buyuk ijodkori tarixini har tomonlama o`rganish va bu borada chuqur izlanishlar qilib xalqimizga yetkazish uchun keng imkoniyatlar ochildi.

Mavzuning o`rganilganlik darajasi: Musiqa san’ati turi barcha davr daholari e’tiborini o`ziga jalb qilib kelgan. Arastu «Musiqa ko`ngilga axloqan muayyan ta’sir ko`rsatuvchi quvvatga ega. Musiqa shunday xislatga ega ekan, u yoshlarni tarbiyalash vositalari qatoriga qo`shilmogì lozim »,-deb ta’kidlaydi. Darhaqiqat, insonni estetik tarbiyalashda, uning estetik didini o`stirishda musiqa tengsiz ahamiyat kasb etadi. Musiqa san’ati Sharqning buyuk allomalari Beruniy, Forobiy, Ibn Sinolarni ham qiziqtirib kelgan. Bu haqda ular maxsus asarlar ham bitganlar. Masalan, Ibn Sinoning «Al-muddohil ila san’atal musiqiy» asari fikrimizning dalilidir. U mazkur asarda shunday yozadi : »Musiqa hayotbaxsh olijanob axloqiy xususiyatlarni rivojlantiradi, u insonga xizmat qiladi. Uning ruhiy va axloqiy qiyofasini shakllantiradi. » Olimning musiqaning tarbiyaviy ahamiyati haqidagi qarashlari Arastu fikrlari bilan hamohangdir. Bundan tashqari, Ibn sino o`zining tibbiyotga oid «Kitob an-Najot», «Kitob ash-Shifo», «Donishnoma» kabi asrlarida ham musiqa nazariyasi va amaliyoti xususida nodir fikrlarni bayon etib qoldirgan .

O`rta Osiyo olimlari Forobiy, Ibn Sino, Najmiddin Kavkabiy, Darveshali Changiy kabi allomalarning musiqa haqidagi kitoblari dunyoning turli tillariga tarjima qilingan va musiqa ilmi rivoji uchun hozir ham xizmat qilib kelmoqda.

Sharq va G`arb tillaridagi ko`pgina manbalarda Farobiyning musiqa nazariyasiga bag`ishlangan qomusiy xarakterdagi «Kitob al musiqiy al kabir» ( «Buyuk musiqa kitobi») yaratilganligi va bu kitob so`nggi davrlargacha O`rta va Yaqin Sharqda musiqa nazariyasi va san’atining rivojlanishida muhim qo`llanma bo`lib xizmat qilganligi aytilgan.

Prezidentimiz o`zining «Halol yashash va halol mehnat qilish –burchimiz» asarida «Inson shaxsini, uning yuksak ma’naviy fazilatini kamol toptirish, milliy istiqlol mafkurasini shakllantirish, yosh avlodni boy madaniy merosimiz hamda tarixiy qadriyatlarimizga hurmat-e’tibor, mustaqil Vatanimizga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash oldimizga muhim vazifalarni qo`ymoqda »-deb uqtirib, yosh avlodni shaxs sifatida kamol toptirish sohasida amalga oshiriladigan ishlarni yanada aniq belgilab berdi.

Mavzuning metodologik asosi: Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish jarayonida maktab ta’limi, ayniqsa, umumta’lim maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga e’tibor kuchaytirildi . Shu maqsadda yurtimizda Kadrlar tayyorlash milliy dasturining uzviy va mantiqiy davomi bo`lmish 2004-2009-yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy davlat dasturi qabul qilindi.

Ushbu dasturga muvofiq, yurtimizda mavjud bo`lgan o`n mingga yaqin umumta’lim maktabining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim jarayonining mazmunini tubdan takomillashtirish, o`qituvchilarning mehnatini moddiy va ma’naviy rag`batlantirish bo`yicha katta ishlar qilinmoqda .

Insonning ruhiy kamoloti haqida gapirar ekanmiz, albatta bu maqsadga musiqa san’atisiz erishib bo`lmaydi . Xalqimiz hayotida musiqa azaldan beqiyos o`rin tutib keladi.

Mustaqillik yillarida, ulug` bobolarimizning ana shunday an’analarini davom ettirgan holda, mamlakatimizda musiqa san’atini keng rivojlantirishga qaratilgan dastur va rejalar amalga oshirilmoqda .

Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 20-oktyabrda chiqargan : «O`zbekistonda teatr va musiqa san’atini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Farmoni musiqa san’atini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo`ldi .

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 7-yanvardagi «Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo`yicha 2009-2014-yillarga mo`ljallangan davlat dasturini tayyorlash chora-tadbirlari to`g`risida »gi farmonida maktab ta’limi, ayniqsa, badiiy ta’lim mazmunini oshirish borasida yangi yo`nalishlarni ochib berdi. Zero, bu Farmonda ta’lim va tarbiya masalalari bilan bir qatorda «san’at maktablarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, soha uchun o`qituvchilarni tayyorlash» asosiy vazifalardan biri sifatida e’tirof etilgan .

Mavzuni o’rganishdagi ob`ekti: Davlat ta’lim standartiga muvofiq o`quvchilarni milliy musiqiy qadriyatlarimiz bilan tanishtirib borish, musiqa san’atining durdonalari, O`zbekiston bastakor va kompozitorlarining asarlari namunalari orqali milliy hamda jahon musiqalariga bo`lgan ijobiy munosabatni shakllantirish ham ko`zda tutilgan.

Yosh avlodning kamolotida barcha omillar qatori qo`shiq kuylash, raqs, folklor ansamblini tuzish, bir so`z bilan aytganda musiqiy to`garaklar faoliyati ham muhim ahamiyatga ega .

Kuy-qo`shiq inson ruhiyatiga ta’sir etib, u insonni faqat yaxshi sifatlarga chorlaydi . Bu haqda Ibn Sino shunday deydi :

«San’at –mo`jizadir» . Yurak va miyaning shunday xilvat joylari borki, unga faqat san’at vositasidagina kirib borish mumkin .

Barchamizga ayonki, kuy-qo`shiqqa, san’atga muhabbat, musiqa madaniyati xalqimizda bolalikdan boshlab, oila sharoitida shakllanadi . Maktabgacha ta’lim muassasalarida, umumta’lim maktablarining «musiqa madaniyati »darslari hamda musiqa to`garaklari faoliyatida, musiqa va san’at maktablari faoliyatlarida mashg`ulotlarning to`g`ri tashkil etilishi, bu fanga ikkinchi darajali qaramaslik, o`qitishda innovatsion texnologiyalardan foydalanib qiziqarli mashg`ulotlar jarayonini tashkil etish, zamonaviy texnika vositalaridan foydalanish, milliy, an’anaviy, klassik, zamonaviy, estrada kuy-qo`shiqlardan, raqslardan foydalanib mashg`ulotlarni tashkil etish maqsadga muvofiq bo`lar edi.

Asosiy qism. Musiqa madaniyati darslarida va boshqa faoliyat turlarida ritmik mashqlardan foydalanish.

Arastu kitobida yozishicha, jismoniy baquvvat, sog`-lom, ko’rkam yoshlar har qanday davlatning boyligidir. Bunday fazilatlarga qanday erishiladi? Oila,maktab muhitida jismoniy tarbiya bilan shug’ullanish ayni vaqtda o’z-o’zini tarbiyalash,aqliy tarbiyani ahloqiy tarbiyaga muvofiqlashtirish yo’li bilan barkamol insonlar voyaga yetkaziladi.

Xoreografik mashqlar ham inson harakatlarini bir maromda nafis va ma’nodor tarzda bajarilishiga qo’l keladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalarining musiqa mashg`ulotlarida hamda Boshlang`ich sinflar «musiqa madaniyati üdarslarida musiqiy-ritmik harakatlarni o`rgatish va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. O`rta maxsus kasb ta’limi Davlat ta’lim standartida ko`rsatilishicha, musiqiy ta’lim yo`nalishi talabalari musiqa fanlari qatorida ritmika fanini ham mukammal egallashi shart. Shu maqsadda birinchi bosqich talabalari uchun 80-soatlik amaliy va 34- soatlik mustaqil ta’lim jami 114-soatlik dars yuklamasi o`quv rejada belgilab berilgan. Bundan tashqari Boshlang`ich ta’lim hamda Maktabgacha ta’lim yo`nalishlarida «Musiqa savodi va ritmika» darslari uchun ma’lum soatlar ajratilganini o`quv rejadan ko`rishimiz mumkin.

Shuningdek, «Musiqa madaniyati» darslarida asosiy faoliyat turlari qatoriga kiritilgan, ya’ni :

Bundan ko`rinib turibdiki, ritmika orqali o`quvchilarning musiqiy-ritmik qo- biliyatlari rivojlanadi. Ularda ritmni xis qilish xususiyatlari shakllanadi va oshib boradi. Davlat ta’lim standartlari talablariga asosan o`quvchilar :

Metroritmni, qo`lning asosiy xolatlarini, oyoqlarning asosiy xolatlarini, raqsning asosiy elementlarini, raqs mahoratining badiiy faolligini oshirishni, musiqiy kompozitsiyaning serqirra tomonlarini oshirishni, musiqiy asarning tuzilishini bilishi kerak.

Maktabgacha ta’lim muassasalarining har-xil guruhlariga xos musiqiy ritmik harakatlarni o`rgata olishi va rivojlantira olishi ko`zda tutilgan. Unga ko`ra musiqa rahbarlari hamda musiqa o`qituvchilari :

1. Musiqaning xarakteriga mos ravishda harakatlar bajarishga o`rgatib borish ;

2. Musiqiy rivojlantirishning yanada yorqin omillari : ritmni xis qilgan xolda hara- katlar bajartirishi, musiqiy o`yinlar o`ynatishi, xorovodlar o`rgatishi, boshqa badiiy havaskorlik mashg`ulotlari paytida va boshqa faoliyat turlari paytida raqslar ijro ettirish ;

3. Bolalar bilan ishlashning tizimliligi, tashkillashning xilma-xil turlaridan foydala- nishi;

4. Tarbiyachilar bilan birga mashq qilish barobarida ularning musiqiy darajalarini oshirish borasida maslahatlar olib borishi kerakligi haqida alohida ta’kidlab o`tiladi.

Shuningdek, musiqa fani darsliklarida ham raqslar haqida qisman ma’lumotlar berilgan. Misol uchun : uchinchi sinf darsligida xalq musiqasi raqslariga alohida to`xtalib o`tilgan. To`rtinchi sinf musiqa darsligida ham xalq raqslari haqida bir muncha ma’lumotlar bor. Lekin bu juda kam ma’lumotlar bo`lib, o`quvchilar raqs haqida yetarlicha tushunchaga ega bo`la olmaydilar. Musiqa o`qituvchisining izlanishlari, o`z ustida tinimsiz ishlashi va pedagogik mahorati o`quvchilarga ritmika va raqs haqida yetarlicha ma’lumot olishiga yordam beradi. Milliy, qardosh, qadimiy, jahon xalqlari raqslari haqida ma’lumotlarni berishda zamonaviy usullardan foydalanish, zamonaviy texnika vositalaridan unumli foydalanish samara beradi .

Bunday usullar ularning ritm xususiyatlarini rivojlantirishda juda qo`l keladi. Mashg`ulotlar hamda dars paytida yoki darsdan tashqari faoliyatlarida ham qarsak usuli, ritmik harakatlar va raqs elementlaridan ustamonlik bilan foydalanish ularning ritmni his qilishida yanada samara beradi.

Raqs san’ati O’rta Osiyo hududida yashagan xalqlarda turmush sharoiti, marosimlar,bayramlar bilan bog’liq holda qadim zamonlardan beri rivoj topgan. Qoyatoshlardan topilgan rasmlar, arxeologik materiallar buni tasdiqlaydi. Xoreografiya-raqs yaratish san’ati va raqsli spektakl degan ma’noni anglatadi.

XIX – asrdan boshlab raqs san’atini «Xoreografiya» deb atala boshlangan. Ma’lum shartli belgilar yordamida raqs harakatlarini yozish ma’nosini ham beradi. Xoreografiya termini fransuz raqs o`qituvchisi R. Fyoye (1700-yil) tomonodan kiritlgan.

O`zbekistonning qator hududlarida olib borilgan arxeologik qazilmalar bu yerlarda ma’naviyat va madaniyatning, xususan, san’atning chuqur ildizga ega ekanligidan dalolat beradi. Yurtimiz madaniyatini xususan, san’atini an’anaviy jihatdan taxlil etishda buyuk Xorazmshoxlar davlatining yirik markazlaridan bo`lgan Tuproqqal’a va Qo`yqirildiqal’a yodgorliklari muhim ahamiyat kasb etadi. Olib borilgan tekshi- ruvlar natijasida binoning ikkinchi qavatidagi xonalarda sozanda va raqs tushayotgan ayollarning suratlari bus-butunligicha saqlanib qolgan. Eramizning III-asriga oid bu topilmalar san’atning boshqa turlari qatori raqs san’ati ham juda qadimdan mavjud bo`lganligi va yuksakligidan darak beradi. Shuning uchun bo`lsa kerak in- sonlar raqs san’atini juda qadrlashadi. Ularning biror-bir bayrami yo`qki, san’atning bu turi ishtirok etmagan. Milliy urf-odatlarimiz, marosimlarimiz raqs bilan chambarchas bog`liqdir.

«Raqs - keng ommalashgan, nafis harakatlar va ma’lum bir ritmik tuzi- lishlar bilan badiiy obrazlar yaratishga asoslangan san’atning bir turidir . Raqsdagi bu plastik va ritmik harakatlar musiqa bilan chambarchas bog`liq xoldadavom etadi»,- deya ta’rif beriladi «musiqa lug`atida».

Raqs musiqasi-aniq o`lchovga ega raqsga jo`r bo`lishga mo`ljallangan musi- qa. Raqs musiqasi aniq ritmga ega bo`lishi, har bir raqsning o`ziga xos xarakteri, ritm va sur’atiga munosib bo`lishi shart. Har bir raqs uchun turlicha musiqalar ya-ratiladi. Ularning ritmi ham turlicha bo`ladi : lekin bu ritm raqsdagi ritmga bo`ysu- nishi, bog`lanishi shart. Bu ritm doimiy qaytariluvchi yoki variatsion o`zgaruvchi holatga ega bo`ladi. Raqs musiqasining aksari cholg`u tarzda bo`ladi. Xalq raqslari esa ashula va xorlar bilan ijro etiladi. Raqs musiqasi faqat cholg`u asboblarida chalinib yoki ashula qilib aytish yo`li bilangina emas, balki buning ritmi doira va boshqa urma sozlarda chalinishi hamda qarsak bilan bajarilishi ham mumkin. Raqs musiqasi baletda, konsertlarda qo`llanilganidek, yengil musiqa va jazlarda ham salmoqli o`rin egallaydi. Raqs musiqasi ritmlari yirik musiqa asarlarining ayrim qismlarini ham tashkil etadi. Aksariyat syuita, siklli sonata shaklining ayrim qismlari raqssimon yaratiladi. O`zbek xalq kuylaridan «Mirzadavlat », «Dilxiroj », «Ufor », «Qashqarcha» va boshqalar cholg`u raqslari misiqasi, «Gul o`yin », «Qari navo» va boshqa yallalar ashulali raqs musiqasi namunalaridandir. Doira va nog`oralar ritmida ijro etiladigan raqslar O`zbekiston va Tojikistonda juda keng tarqalgan.

«Zang », «Chor qars », «Duchava », «Gul o`yin» va boshqalar doira jo`rligida ijro etiladigan raqs o`yinlaridir.

Shunday ekan raqslarning asosi ritm bilan chambarchas bog`liqdir. Ritmik mashqlar esa raqsni o`rganish uchun poydevor vazifasini o`taydi.

Ritm-yunoncha rythmos so`zidan olingan bo`lib, bir tekis oqim degan ma’no- ni anglatadi. Ritm musiqa asarlaridagi tovushlarning uzun-qisqaliklari jihatidan bo`lgan munosabatlaridir. Har bir musiqa asarining o`ziga xos ritmi bor. Musiqa tovushi bilan ritm o`zaro bog`langan bo`ladi. Ritmsiz kuy bo`lmaydi. Ritm turlariga metr va o`lchovlar kiradi. O`zbek xalq kuylari va raqslari, ayniqsa, doira usullari ritmning rang-barangligi jihatidan juda boy va murakkabdir.

Doira usullari- xonanda, sozanda, xalq cholg`u asboblari yoki raqsga jo`r bo`- lib, chalinadigan doira zarblardir. Ular turlicha :

1. Raqs uchun chalinadigani, bunda doira usullari ancha murakkab bo`lib, «yakka qars », «qo`sh qars », «zang» va shunga o`xshash nomlarga ega. Bulardan bir nechasi qo`shilib, to`la bir raqs o`yini hosil bo`ladi. Keng tarqalgan raqs zarblari «Oqsatma », «Gul o`yin », «Chor qars» va boshqalardir.

2. Xalq ashulalariga jo`r bo`luvchi doira usullari. Ular turlicha bo`lib, ayrimlarining o`lchovi bir turli bo`lgan ashulalarda qaytarilishi mumkin.

3. Maqom yo`llariga jo`r bo`luvchi usullardir.

Usul zarb-Sharq xalqlarining musiqasida ijroning murakkab yol`laridir. Usul zarb turli zarblarning tez-tez almashib kelishidir. O`zbek musiqasining turli janrlarida turlicha usul zarblar qo`llaniladi. Xalq ashulalarida ko`proq oddiy usullar qo`llanilsa maqom usullari bir muncha murakkabdir. Raqs musiqasining usullari esa boy, murakkab va rang-barangdir. Raqs usullari doira va nog`oralarda ijro qilinadi. Raqs usullari usuli lang, usuli ufor, ufori soxta kabi nomlar bilan ataladi.

Shu o`rinda to`rtinchi sinf musiqa darsligida berilgan «Damli va zarbli» cholg`ular mavzusidan doira haqidagi rivoyatni eslatib o`tish, rivoyatni badiiy jihatdan ifodali qilib so`zlab berish va doira asbobi bilan tanishtirish, unda usullar ijro etib berish, usullarga mos oyoq va qo`l harakatlarini bajartirish orqali o`quvchilarda ritm xissini shakllantirish va yanada rivojlantirish uchun qiziqarli mavzu topib, ularni yanada boyitib borish, innovatsion texnologiyalarning mos tushadigan usullaridan foydalanib, dars jarayonini hamda darsdan tashqari faoliyat turlaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Masalan : to`rtinchi sinf musiqa darsligida 4/4 hamda 6/8 o`lchovlari haqida ma’lumotlar berilgan. Biz dars paytida bu o`lchovlarga dirijorlik qilib ko`rsatib berishimiz ham mumkin. Lekin, bolalarning yanada qiziqishini oshirish maqsadida darsni o`yin tarzida tashkil etishimiz ham mumkin bo`ladi. Bunda har bir qatorni bittadan o`lchovlar guruhiga bo`lamiz :

1- guruh- 2/4 o`lchovi ;

2- giruh- 3/4 o`lchovi ;

3-guruh- 4/4 o`lchovi ;

4- guruh- 6/8 o`lchovi guruhlariga.

Cholg`u asbobi jo`rligida har-xil o`lchovdagi kuylar ijro etiladi va guruhlar o`zlariga tegishli bo`lgan o`lchovni zudlik bilan aniqlashi lozim va unga jo`r bo`lishi yoki ritmik harakatlar bajarishi kerak bo`ladi.

Shu tariqa o`yin davom etadi. O`z o`lchovini bila olmagan guruhdan ball olib

tashlanadi. Dars so`ngida balllar hisoblanib, g`oliblar aniqlanadi. Faol ishtirokchilar yoki guruhlar bo`yicha baholanadilar.

Shuningdek, pedagogika yo`nalishidagi o`rta maxsus kasb-hunar kollejlari- ning jismoniy madaniyat darslarida yoki boshlang`ich ta’lim va maktabgacha ta’lim yo`nalishlarining musiqa savodi va ritmika darslarida hamda musiqiy ta’lim yo`nalishlarining ritmika darslarida ana shunday o`yin turlaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo`ladi. Misol tariqasida «Jismoniy madaniyat» darslarining milliy harakatli o`yinlar bobida musiqa jo`rligida qiziqarli o`yin tashkil etish mumkin 

Musiqa jo`rligida. O`yinning tavsifi : O`yinchilar bir necha qatorga bittadan bo`lib saflanadilar. Qatorlar maydonchaning ma‘lum joyida yonma-yon (2-3 qadam oraliqda) joylashadi. Har bir qator muayyan nom bilan, masalan, piyoda askarlar, dengizchilar, tankchilar deb nomlanadi. Har bir qator uchun o`z nomiga mos keladigan kuy (Marsh, syuita, tankchilar marshi kabi) tanlab olinadi. O`yinni cholg`u asbobida (royal, bayan akkordeon) chalinadigan kuylar jo`rligida o`tkazsa ham bo`ladi.

Chalinadigan kuyni o`qituvchi yoki ijrochi o`z ixtiyori bilan o`zgartirib boradi. Har bir qator o`z kuyini eshitgach, ashula aytib yura boshlaydi. Kuy o`zgarishi bilan yurib borayotgan qator to`xtaydi va boshqasi yura boshlaydi. Har bir qator istagan tomoniga qarab yuradi, natijada qatorlar har-xil holatga kelib qoladi va bir-biriga aralashib ketadi. Ma’lum vaqtdan keyin o`qituvchining ishorasi bilan bo`linib-bo`linib akkord chalinadi. Shu kuyni eshitishi bilan bolalar har tarafga yugurib tarqalib ketadilar va o`yin boshlangan davrdagi joylariga, ya’ni tezroq o`z qatorlariga turishga harakat qiladilar. Hammadan keyin tizilib bo`lgan qator o`yinchilari yutqazgan hisoblanadi.

O`yin qoida

1. O`yinchilar qator bo`lib yurishda bir tegishli oraliqni (oldinga uzatilgan qo`l uzunligidagi masofani) saqlashlari lozim.

2. O`yin qatnashchilari harakatlarni aynan musiqaga moslab bajarishlari kerak. Eslatma : kuylarni tez-tez o`zgartirish yaramaydi. Musiqali jumlani bo`lib qo`yish tavsiya etilmaydi. Agar o`yinchilar qatordagi o`z o`rinlarini egallab, tinch turgan bo`lsalar, qator to`g`ri turgan hisoblanadi. G`olib komandani aniqlashda mana shuni nazarda tutish lozim.

O`yinning o`ziga xosligi- bir maromda yurish, tez va qisqa-qisqa yugurishdan iboratdir.

Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalarida ham shunga o`xshash o`yin mashg`ulotlari juda qo`l keladi. «Stulchalar raqsi» deb nomlangan bu o`yin bolalarni ziyraklikka, chaqqonlikka, epchillikka va uddaburonlikka undaydi. O`yin uchun musiqa zali tanlanadi. Mashg`ulot davomida bir oz bolalarni chalg`itib, o`yin tashkil etiladi. Bunda o`rtacha to`rtta stulcha aylantirib qo`yiladi. Ishtirokchilar soni esa beshtadan iborat bo`lishi kerak. Bolalar o`yin sharti bilan tanishtiriladi :

1. O`yin boshlanganda berilgan kuyga mos ravishda raqsga tushish kerak.

2. Kuy to`xtashi bilan stulchalardan birini egallashi kerak bo`ladi. Stulcha yetmagan ishtirokchi o`yinni tark etadi va tomoshabinlar qatoridan joy oladi.

3. Shu tariqa o`yin davom etadi va oxirgi stul qolganda ikki ishtirokchi o`yinni davom ettiradi. So`ngi stulchani egallagan bola g`olib hisoblanadi va besh qarsak bilan taqdirlanadi.

Eslatma : ijro etilayotgan kuylar raqsbop va har-xil mavzuda, turli tempda va rang-barang bo`lishi shart. Kuylarni frazada yakunlamaslik asosiy shartlardan biridir.

Ma’lumki, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning faoliyatini turli o`yinlar tashkil etadi. Kichik yoshdagi bolalarning o`ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, ular xatto bir o`yinni oxiriga yetkazmay boshqasini boshlashga harakat qiladilar.

Umuman katta yoshli kishilarning rahbarligisiz tashkil etilgan o`yinlar tartibsiz, maqsadsiz va ma’lum bir sistemaga solinmagan bo`lsada, o`zlari uchun qiziqarli bo`ladi. O`quvchilarning maktabdagi hayoti qiziqarli o`tishiga erishish uchun ularning yosh xususiyatlariga mos bo`lgan harakatli, didaktik o`yinlar, shuningdek, ritmik harakatlarni bajarishi zarur.

Harakatli o`yinlar.

Bolalarni yurish, yugurish, sakrash va tirmashib chqish faoliyatiga undaydi. O`yin orqali ularda sezgirlik, chopqirlik, bir-birini himoya qilish va yordam berish, xullas jismoniy chiniqish va hamjihatlik hislatlari tarkib topadi.

Didaktik o`yinlar. Didaktik o`yinlar ta’lim xarakteriga ega bo`lib, ko`proq o`quvchilarni fikrlashga, hisoblashga, topqirlikka undaydi. O`quvchilarning darsdan olgan bilimlarini mustahkamlashda yordam beradi. Har bir didaktik o`yinning ma’lum bir maqsadi, topshiriqlari bo`lib, o`quvchilarga quvnoq kayfiyat bag`ishlaydi.

Harakatli o`yinlarning ham, didaktik o`yinlarning ham bola hayotida ularga ta’lim-tarbiya berishda ahamiyati beqiyosdir. Shuni unitmaslik kerakki, o`yinlarni to`g`ri, sharoitga moslab tashkil eta bilish kerak. Ob-havo noqulay bo`lgan sharoitda ya’ni qishda bolalar ko`proq xonada bo`ladilar. Bunda ko`proq didaktik o`yinlar qo`l keladi. Bolalar o`quv faoliyatiga o`yin ko`rinishlarini kiritish ularning ijodiy rivojlanishini muvaffaqiyatli amalga oshiradi, bilim jarayonini faollashtiradi. Bolalarda ahloqiy va estetik sifatlarni oshiradi. Ularning aql-idrokini, tasavvurini o`stiradi. Masalan : o`qituvchi ritmik jumlalarni chertib ko`rsatadi yoki maxsus ko`rgazmadagi ko`rinish faoliyatini tashkil qiladi. O`quvchilar esa chapak chalib, yoki ritmik cholg`u asboblarini chalib takrorlaydilar. Bolalar ritmik topshiriqlarni jon dillari bilan bajaradilar ya’ni, o`qituvchi ma’lum bir qo`shiq kirish qismining ritmini beradi. O`quvchilar esa raqs harakatlarini bajaradilar yoki kuyning ritmiga jo`r bo`ladilar.

Musiqiy-ritmik tarbiya vositasida quyidagi vazifalar bajariladi :

1. Bolaning jismoniy faoliyati va salomatligini mustahkamlashga qaratilgan. Tana tuzilishini har tomonlama rivojlantirish ;

2. Musiqali harakatli malaka va mahoratlarni shakllantirish ;

3. Ma’naviy-estetik va iroda sifatlarini tarbiyalash ;

4. Xotira va diqqatini, aqliy dunyoqarashini hamda umumiy ahloq madaniyatini shakllantirish.

Musiqaviy-ritmik tarbiyaning omili musiqa va harakat hisoblanadi. Musiqaviy-ritmik tarbiya berishning quyidagi vositalari mavjud :

1. Musiqa savodi ;

2. Harakatning musiqa bilan mosligini ta’minlovchi mashqlar ;

3. Musiqaviy o`yinlar ;

4. Raqsga mos mashqlar

5. Yurish va yugurish ;

6. Anjomlarsiz bajariladigan mashqlar ;

7. Milliy va zamonaviy raqs ko`rinishlari

8. Ritmik badantarbiya mashqlaridan iborat.

Shu kabi o`yinlar va ritmik mashqlar, ertalabki badantarbiya mashqlari ham musiqa jo`rligida ritmik gimnastika sifatida olib borilsa maqsadga muvofiq bo`lar edi. Bunday mashqlar insonning ruhiyatini ko`tarib, kun bo`yi ularga a’lo kayfiyat bag`ishlaydi. Ularning sog`ligini, tashqi ko`rinishini yaxshilab, ichki organizmlaк faoliyatini yanada faollashtiradi. Bir so`z bilan aytganda bolalarning to`g`ri rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.





Xulosa.

Raqs – bu san’atning bir turi bo`lib, unda insoniy tuyg`ular, ma’lum bir voqealar qo`l, oyoq va tana harakatlari orqali ifoda etiladi. Har bir xalqning sevimli kuy-qo`shiqlari bo`lgani kabi, milliy raqslari ham bor.

O`zbek milliy raqslarini umumta’lim maktablarining «musiqa madaniyati» darslarida, musiqiy to`garaklari jarayonida hamda maktabdan tashqari faoliyat jarayonlarida o`quvchilarga o`rgatib borish, ularga milliy qadriyat sifatida qarash va ezozlash, ularning qalbiga singdirib borish bizning oldimizda turgan vazifalar- dan biridir. Milliy san’atimiz bilan bir qatorda jahon san’ati turlari bilan tanish- tirish, ularni o`rgatib, namoyish qilish biz musiqa o`qituvchilarining ham oldimiz- dagi dolzarb vazifalardandir.

-»Barchamizga ayonki, kuy-qo`shiqqa, san’atga muhabbat, musiqa madaniyati xalqimizda bolalaikdan boshlab, oila sharoitida shakllanadi. Uyida dutor, doira yoki boshqa cholg`u asbobi bo`lmagan, musiqaning hayotbaxsh ta’sirini o`z hayotida sezmasdan yashaydigan odamni bizning yurtimizda topish qiyin, desak, mubolag`a bo`lmaydi.

Eng muhimi, bugungi kunda musiqa san’ati navqiron avlodimizning yuksak ma’naviyat ruhida kamol topishida boshqa san’at turlariga qaraganda ko`proq va kuchliroq ta’sir ko`rsatmoqda », - deb yozadi prezidentimiz I. A. Karimov o`zining «Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch» asarida.

Yana shunin ham ta’kidlaydilarki,-»xalqimiz doimo ma’naviy jasorat hissi bilan yashagan va bu ulug`tuyg`u uning hayotidagi yillar, asrlar o`tgani sayin tobora kuchayib, yuksalib boradi. Chunki xalq ma’naviyati shunday bir buyuk ummonki, har qaysi avlod undan kuch-qudrat, g`ayrat va ilhom olb, o`zining naqadar ulkan ishlarga qodir ekanini namoyon etadi».

Bu fikrlarni biz bo`lajak o`qituvchilar ham o`z oldimizga dasturul amal qilib qo`yib, milliy san’atimizni boqiy qadriyatlarimizni yosh avlod qalbiga singdirib borishda, ajdodlarimizning bardavomchisi bo`lishda o`z mehnatimizni ayamaymiz. O`zbek san’atining yanada rivoj topib, yuksalishiga o`z xissamizni qo`shamiz deya ishontirib ayta olamiz. Asrlar osha yashab kelayotgan milliy qadriyatlarimizni hamda jahon san’atining bebaho durdonalarini kelajak avlodga bezavol yetkaza olsak, o`z oldimizdagi mas’uliyatimizni his qilgan, ko`zlagan maqsadlarimizni hech shubhasiz amalga oshirgan bo`lar edik.





Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati.


  1. Botirxon Akramov. «Fasohat ilmining sohibqironi». T., «O`zbekiston»,1991 yil 244 bet.

    1. Akbarov. «Musiqa lug`ati». T. , G`afur G`ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987 yil, 448 bet.

  2. M. Kamoldinov, B. Vaxobjonov. «Innovatsion pedagogik texnologiya asoslari». T. , «Talqin» 2010 yil 128 bet.

  3. M. Karimov, T. Usmonxo`jayev «Xoreografiya mashqlari, badiiy gimnastika va xalq harakatli o`yinlari». T. , «Ilm-Ziyo» - 2005 yil 160 bet.

  4. Olmaxon Xayitova «Xorazm qo`shiq ijrochilik an’analari». T. , «Cho`lpon». 2006 yil 144 bet.

  5. R. Ishmuhammedov «Tarbiyada innovatsion texnologiyalar». T. 2010 142 bet.

  6. U. Qoraboyev. «O`zbek xalq bayramlari». T. , 2002 yil, 37-bet.



Скачать

Рекомендуем курсы ПК и ППК для учителей

Вебинар для учителей

Свидетельство об участии БЕСПЛАТНО!