O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI
XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
SIRDARYO VILOYATI SHIRIN SHAHAR
1 - SON UMUMIY O’RTA TA’LIM MAKTABI
INFORMATIKA VA AXBOROT
TEXNOLOGIYALARI FANI O’QITUVCHISI
RAXIMOV G’AYRAT AXMATQULOVICHNING
INFORMATIKA VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI FANIDAN
TO’GARAK A’ZOLARI UCHUN
“YOSH DASTURCHILAR”
MAVZUSIDA TAYYORLAGAN
Shirin sh
Fan: Informatika va hisoblash texnikasi asoslari.
Sinf: IX-sinf.
Darsning mavzusi: Dastur va dasturlash tillari.
Dars maqsadlari: o'quvchilarga dastur va dasturlash tillari haqida tushuncha berish va usullari bilan tanishtirish.
Ta'limiy maqsad: o'quvchilarda dastur va dasturlash tillari haqidagi bilim va ko'nikmasini shkllantirish.
Tarbiyaviy maqsad: dastur va dasturlash tillarini o'rgatish orqali o'quvchilarni kasb tanlashishiga ko'maklashish.
Rivojlantiruvchi maqsad: o'quvchilarning kompyuterdan foydalanish haqidagi bilim va tasavvurlarini kengaytirish
Dars turi: Yangi materialni o’rganuvchi dars
Darsda foydalaniladigan jihozlar: Elektron resurslar, darslik, plakatlar; tarqatma materiallar.kompyuterlar va ulani qurilmalari, ko’rgazmali qurollar va boshqa manbalar. Informatika va hisoblash texnikasi asoslari darsligi. O‘qituvchi tomonidan kompyuterlar ishga tayyorlanadi. Informatikadan 9–sinf elektron darsligi va mavzuga mos elektron qo‘llanmalar kompyuterga yuklab ishchi holatga keltiriladi.
Darsda qo'llaniladigan metodlar: Ma'ruza va amaliyotning uyg'unligi, Aralash, amaliy, muammoli-izlanish, induktiv va reproduktiv
DARSNING BORISHI:
I-BOSQICH: Darsni tashkil qilish jarayoni va ajratilgan vaqt 3 min
O'quvchilar bilan salomlashish, yo'qlama qilish, o'quvchilarni diqqatini jalb qilish.
II-BOSQICH: O'tgan o’quv yili yuzadsidan takrorlash jarayoni va ajratilgan vaqt 10 min
O'quvchilarning o’tgan o’quv yilida o’tilgan darslar yuzasidan bilimlarini tekshirish bo'yicha tushunmagan savollariga javob berish va taxlil qilish.
Qanday algoritm chiziqli algoritm deb ataladi? Misollar keltiring.
Qanday algoritm tarmoqlanuvchi algoritm deb ataladi? Misollar keltiring.
Qanday algoritm takrorlanuvchi algoritm deb ataladi? Misollar keltiring.
Chiziqli, tarmoqlanuvchi va takrorlanuvchi algoritm laming bir-biridan farqini tushuntiring.
Uchta sondan kattasini (UKT) aniqlab beruvchi algoritm tuzing.
III-BOSQICH: Yangi mavzu mazmunini tushuntirish jarayoni va ajratilgan vaqt 20 min
Hurmatli o’quvchilar kompyuter texnikasidan samarali foydalanish ikki qismning – texnik va dasturiy ta’minotning uzviyligini talab etadi. Bu uzviylik kompyuter texnik ta’minotining jadal sur’atlar bilan takomillashib borishiga mos dasturiy ta’minotni ham keskin sur’atlar bilan rivojlanishiga sabab bo‘ladi, va aksincha. Buning sababi ma’lum, mos dasturiy ta’minotsiz har qanday kompyuter «qimmatbaho o‘yinchoq» bo‘lib qolaveradi.
Avvalgi darslarda masalalarni kompyuterda hal qilishda kerak bo‘ladigan ob’yekt, model va algoritm tushunchalari haqida ma’lumot oldingiz. Ma’lumki, kompyuterda biror masalani hal qilish uchun avval uning modeli va algoritmi tuziladi, so‘ng mazkur algoritm ma’lum bir qonun-qoidalar asosida kompyuter tushunadigan ko‘rsatma va buyruqlar shaklida yoziladi. Hosil bo‘lgan matn kompyuter tilida yozilgan dastur deb ataladi. Demak, dastur – biror masalani yechish uchun kompyuter bajarishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatmalarning izchil tartibi ekan.
Kompyuter uchun dastur tuzish jarayoni dasturlash va dastur tuzadigan kishi dasturchi deyiladi. Kompyuter tushunadigan «til» esa dasturlash tili deb ataladi.
Dasturlash tillarini shartli ravishda quyidagi uch guruhga ajratish mumkin:
D
asturlash tillari tarixidan. Dasturlash tillari, asosan, ikkinchi jahon urushidan keyin yaratila boshlandi. Ammo uning boshlanishi tarixi ancha olis yillarga borib taqaladi.
Arxeologik qazilmalarda topilgan sopol taxtachada bundan 3800 yil oldin (eramizdan avvalgi 1800-yillar) Bobilda foiz bilan bog‘liq murakkab amallar algoritmi keltirilgan. Unda aniq masala ishlangan bo‘lib, agar bug‘doy hosili yiliga 20% dan oshib borsa, uning miqdori ikki marta o‘sishi uchun necha yil va oy kerak bo‘lishi algoritmi tuzilgan.
XIX asr fransuz kashfiyotchisi Jozef Mari Jakkard 1804 - yilda yupqa mato ishlab chiqish jarayonida to‘quv dastgohlari uchun perfokartani eslatuvchi tasma ishlatgan va shu bilan perfokartaga asos solgan edi.
1
836 - yilda ingliz olimi Charlz Bebbij hozirgi kompyuterlarning bevosita ajdodi bo‘lmish analitik mashina ishlab chiqishga kirishdi va bu masalani nazariy hal qildi. Bu mashinaning asosiy xususiyati uning dastur asosida ishlashi va hisob-kitob natijalarini «eslab» qolishida edi.
1843 yilda ingliz matematigi Ogasta Ada Bayron (Lavleys) — shoir lord Bayronning qizi analitik mashina buyruqlar asosida ishlashi lozimligini ta’kidladi. U berilgan shartlar bajarilmagunga qadar qadamlar ketma-ketligini ta’minlovchi buyruqlarni yozdi. Ana shu holat bilan u dasturlash tiliga asos soldi. Mazkur va boshqa kashfiyotlar kompyuter yaratilgach, ularni ishlatish uchun zarur bo‘lgan til yaratilishini talab etdi.
Quyi darajadagi dasturlash tillari kompyuter qurilmalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, buyruqlar maxsus raqamlar (kodlar) yordamida yoziladi. Bu kabi buyruqlardan tashkil topgan dasturlar katta hajmli bo‘lib, ularni tahrir qilish ancha mushkul ish hisoblanadi. Dastlabki elektron hisoblash mashinalarida («Eniak», «MESM» va boshqalar) masalalarni yechish uchun ana shunday buyruqlar yordamida dasturlar tuzilgan.
Misol tariqasida M-20 rusumidagi elektron hisoblash mashinasida qo‘llanilgan tilda tuzilgan dasturni (dastur doira yuzini hisoblash amallarini o‘z ichiga olgan) izoh bilan keltiramiz:
Buyruqning kodi | Buyruqqa izoh |
01 022 | R radiusning qiymati jamlagichga yuboriladi |
20 000 | Jamlagichdagi qiymatni (R ni) bosmaga chiqarish |
05 022 | Jamlagichdagi Rning qiymati o‘z-o‘ziga ko‘paytiriladi va natija yana jamlagichga yoziladi |
05 020 | 020—021—yacheykalardagi soniga jamlagichdagi qiymat (R2) ko‘paytiriladi |
20 000 | Olingan natija, ya’ni doira yuzasining qiymati bosmaga chiqariladi |
045 00 000 | Tamom (Stop) |
Ko‘rinib turibdiki, bu tilda dastur tuzish ancha mashaqqatli ekan. Buning asosiy qiyinchiligi – bir tomondan buyruqlarning raqamlar yordamida ifodalanishi bo‘lsa, ikkinchi tomondan dasturchidan har bir amalni bajarilishida jamlagichdagi sonli qiymatning qaysi o‘zgaruvchiga tegishliligini va boshqa o‘zgaruvchilarning qiymatlari qaysi adresda joylashganligini bilish talab etiladi.
Ta’kidlash joizki, dasturlash davomida yo‘l qo‘yilgan biror xato salbiy natijalarga olib kelishi ham mumkin.
1981 yil 10 - aprel. Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kanaravel kosmodromidan birinchi bor ko‘p marta qo‘llanilishga mo‘ljallangan «Shatll» rusumidagi kosmik kemani uchishga tayyorlash vaqtida uni boshqarishga mo‘ljallangan barcha kompyuterlar xatolik yuzaga kelganligi to‘g‘risida ma’lumot berdilar. Bu kabi xatolikni kema bortida o‘rnatilgan kompyuter ishini sinxron ravishda takrorlovchi boshqaruv Markazidagi kompyuter ham ko‘rsatdi. Bu holatda kosmik kemani fazoga uchirish xavfli, albatta. Kemadagi barcha jarayonlar kompyuter yordamida boshqarilishga mo‘ljallangan bo‘lib, ulardagi dastur 500 mingdan ziyod turli buyruqlarni o‘z ichiga olgan edi. Mutaxassislar tomonidan parvozni boshqarish uchun mo‘ljallangan o‘ndan ziyod sinxron ravishda ishlovchi kompyuterlarning amal bajarishi o‘rtasidagi vaqtning farqi 30 mks ekanligi aniqlandi hamda buning, umuman olganda, xavfli emasligini hisobga olib, ikki kunga kechiktirilgan holda kema parvozi amalga oshirildi.
Dastur tuzishni osonlashtirish maqsadida inson tiliga yaqin bo‘lgan buyruqlar tizimini tuzish va qo‘llash masalasi qo‘yildi va hal etildi. Bu kabi dasturlash tillari o‘rta darajadagi dasturlash tillari (ba’zan assemblerlar) deb yuritila boshlandi. Bunday tillarga AVTOKOD-BEMSH, AVTOKOD-MADLEN va boshqalar kiradi. Ular BESM-6, Minsk-22, Minsk-32, IBM-360 elektron hisoblash mashinalarida ishlatildi. Masalan, ST 5, BSUM ifodada 5 raqami BSUM deb nomlangan yacheykaga joylashtirilsin (ST-store—joylashtirish), degan buyruq berilgan.
Assembler tillarida buyruqlar qisqartirilgan so‘zlar yoki so‘zlar majmuidan iborat bo‘lib, ular mnemokodlar deb ham yuritiladi.
Yuqori darajali dasturlash tillaridagi ko‘rsatmalar inson tiliga yaqin bo‘lgan so‘zlar majmuidan iborat. Ular yordamida amallarni bajarish quyi darajadagilaridan ko‘ra yengil bo‘lib, biror maxsus ko‘rsatma bo‘lmasa, dasturchidan adreslar, qurilmalar bilan bevosita bog‘liq axborotlarni bilish talab etilmaydi. Bu tilda tuzilgan dasturlarni translyatorlar deb nomlanuvchi maxsus dasturlar kompyuterlar bajara olishi uchun raqamli ko‘rinishga o‘tkazib beradi.
Keyingi yillarda juda ko‘p yuqori darajadagi dasturlash tillari yaratilgan bo‘lib, ular qatoriga Paskal, dBase, Ada, KARAT, C++, Delphi, Visual Basic va boshqa tillarni qo‘shish mumkin. Hozirgi kunda yaratilayotgan dasturlash tillari biror yo‘nalishdagi masalalarni hal qilishga mo‘ljallangandir.
Quyidagi jadvalda dasturlash tili rivojlanishi tarixidan qisqacha ma’lumot berilgan.
Dasturlash tili | Yaratilgan yili | Dasturlash tili | Yaratilgan yili |
Plankalkyul | 1946 | PL/1,Beysik | 1964 |
Qisqa kod | 1949 | Algol W | 1965 |
Assembler «Edsak» | 1950 | Logo | 1967 |
AO | 1950 | Algol 68 | 1968 |
Avtokod «Madlen» | 1953 | APL | 1969 |
Tezkor kodlash | 1955 | Paskal | 1970 |
A-2, Flou-metik | 1956 | Fort | 1971 |
IPL-1, Mat-metik | 1957 | Prolog, Si | 1972 |
Fortran | 1958 | Ada | 1972 |
Algol 58 | 1959 | Smoltok | 1980 |
APT, LISP, Kobol, Algol-60 | 1960 | | |
Bugungacha yaratilgan dasturlash tillaridan keng tarqalgani va ko‘p foydalanilayotgani Paskal (Pascal) dasturlash tilidir.
Paskal dasturlash tili 1969 - yili N.Virt tomonidan ishlab chiqildi. Paskal tili dasturlashni o‘rgatish maqsadida yaratilgan bo‘lsa-da, yuqori malakali dasturchilar orasida keng tarqaldi. Odatda samarali dasturlash tillari o‘zgarishsiz qolmaydi.
Paskal sodda dasturlash tili bo‘lib, hozirgi kunda IBM PC turidagi kompyuterlarda keng qo‘llanilmoqda.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, turli rusumdagi kompyuterlar uchun Paskal tilining ularga moslashtirilgan naqllari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular Paskal tilining boshlang‘ich naqlidan farq qilishi mumkin.
Yuqori darajadagi dastlabki dasturlash tili «Plankalkyul» deb nomlanib, u 1946 - yilda olmon olimi Konrad Suzi tomonidan tuzildi. Bu til o‘z vaqtida ma’lum sabablarga (jumladan, ikkinchi jahon urushi oqibatlariga) ko‘ra keng jamoatchilikka tanish emas edi. U 1972 yildan amalda qo‘llanila boshlandi.
1949 - yilda amerikalik Jon Mouchli dasturlashda 8 ta va 10 ta raqamli sanoq sistemalaridan foydalanmaslik taklifi bilan chiqdi. Ana shunga asoslangan dasturlash tili «Qisqacha kod»nomi bilan Greys Holler tomonidan yaratildi va dastlabki EHM larda ishlatildi.
IV-BOSQICH: Yangi mavzuni mustahkamlash, amaliy va mustaqil ishlar bajarish ajratilgan vaqt 7 min
O‘quvchilarga darslikdagi savollar orqali murojaat etiladi va interfaol usulda mavzu mustahkamlanadi.
Dastur deb nimaga aytiladi ?
Dasturlash tili deganda nimani tushunasiz?
Dasturlash tilining asoschisi deb kim tan olingan ?
Quyi va yuqori darajadagi dasturlash tillari qanday xususiyatlari bilan o‘zaro farqlanadi?
Bugungacha ma’lum bo‘lgan eng qadimgi algoritmda qanday masala hal qilingan?
Dasturlash tillari elektron hisoblash mashinalarining turlariga bog‘liq bo‘ladimi? Javobingizni asoslang.
Yuqori darajadagi dastlabki dasturlash tilining nomi nima va u kim tomonidan yaratilgan?
V-BOSQICH: Darsga yakun yasash, baholash metodlari va ajratilgan vaqt 2 min
VI-BOSQICH: Uyga vazifa berish va ajratilgan vaqt 3 min
12-darsni o`qib konspekt qilish mavzuga oid mashqlar savol va topshiriqlarni bajarib kelish. 1. Darslikdagi 1-, 3-mashqlar. Elektron darslikdagi ushbu mavzular bo’yicha savol va topshiriqlarni bajaring? Amaliy mashg’ulot uchun o’qituvchi ko’rsatmasi bo’yicha nazorat ishlari olib boriladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. B.J. Boltayev, A.R. Azamatov, A.D. Asqarov, M.Q. Sodiqov, G.A. Azamatova “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” 9-sinf uchun darslik. Cho’lpon nomidagi nashriyot. Toshkent 2015-yil.
2. B.J. Boltayev, A.R. Azamatov, A.D. Asqarov, M.Q. Sodiqov, G.A. Azamatova “Informatika va hisoblash texnikasi asoslari” 9-sinf O’qituvchilar uchun metodik qo’llanma. Tafakkur nashriyoti. Toshkent 2011-yil.
3. N. Saidaxmedov. Yangi pedagogik texnologiyalar (nazariya va amaliyot).-T.,Moliya nashriyoti. 2003-yil.
4. A.A'zamov, A.Yusupov. O'quvchilarga bilim berishda innovatsion usullardan foydalanish. T. 2003-yil.
5. O'.Q.Tolipov, M.Usmonboeva-Pedagogik texnologiya: nazariya va amaliyot. T. «Fan» nashriyoti, 2005-yil.
6. Q.Tolipov, M.X.Usmonboeva, G.Ergasheva, F.Berdanova. O'quv tarbiya jarayoniga pedagogik texnologiyalarni joriy etish. T. O'zPFITI, 2004-yil.
7. G'.I.Muhammedov, X.A.To'raqulov. Zamonaviy pedagogik-tadqiqotlarning ilmiy-nazariy asoslari. T. «Fan»2004-yil.
8.Muammoli dars, u qanday tashkil etiladi?. T. Ma'rifat. 2006-yil. 8-aprel.
9. J.G'. Yo'ldoshev, S.A. Usmonov. Pedagogik texnologiya asoslari. T. 2005-yil.
10. ”Fizika, matematika va informatika” ilmiy-uslubiy jurnal.
11. Internetdagi axborot-ta’lim resurslari. Paskalda shakllar chizish imkoniyatlari.