СДЕЛАЙТЕ СВОИ УРОКИ ЕЩЁ ЭФФЕКТИВНЕЕ, А ЖИЗНЬ СВОБОДНЕЕ
Благодаря готовым учебным материалам для работы в классе и дистанционно
Скидки до 50 % на комплекты
только до
Готовые ключевые этапы урока всегда будут у вас под рукой
Организационный момент
Проверка знаний
Объяснение материала
Закрепление изученного
Итоги урока
Chirchiq shahar 4- umumiy o’rta ta’lim maktabi

K A S H T A C H I L I K
(Uslubiy qo`llanma)

Chirchiq - 2015
Mazkur uslubiy qo`llanma o`zbek milliy xalq amaliy san'atining asosi hisoblangan kashtachilik turi bo`lib, barcha "Tasviriy va amaliy bezak san'ati" fani o`qituvchi, kasb-hunar kollejlari, umumta'lim maktablari va to`garak o`quvchilarining ushbu san'at sohasidagi nazariy va amaliy bilimlarini shakllantirishga qaratilgan bo`lib, kelajakda yoshlarni avloddan-avlodga o`tib kelayotgan milliy an'analar asosida voyaga yetkazishni maqsad qilib qo`yadi.
INSON XALQ UCHUN, VATAN UCHUN, O`Z FARZANDLARI VA KELGUSI NASLLAR UCHUN
SAVOBLI ISHLAR QILIB ULGURISHI KERAK.
I. KARIMOV
QADRLI O`QUVCHILAR
Respublikamizning kelajakda buyuk mamlakatga aylanishi, jahonning rivojlangan davlatlar qatoriga qo`shilishida xalqimiz madaniyati, ma'rifati, san'ati va ma'naviyatining o`rni beqiyosdir. Xalqimiz ma'naviyatini boyitishda xalq hunarmandchiligi turlaridan kashtachilikning muhim o`rni bor. “Kashtachilik” qo`llanmasi avlodlarimizning hayotiy tajribalaridan foydalanish, urf-odatlar, moddiy va ma'naviy meroslarini o`rganish, tarixiy, etnik, milliy, mahalliy, hududiy jihatlarini amalda qo`llab, kashtachilik sirlarini yoshlarga singdirish, noyob turlarini, yuksak badiiy nushalarini tayyorlash, ularni xalq qadriyatlari, merosimizga bo`lgan hurmatlarini oshirishga qaratilgandir.
Mazkur o`quv qo`llanmada kashtachilik san'ati, uning tarixi, ishlatiladigan asboblar, iplar, gazlamalar, ranglar, naqshlar tanlash, naqshni ko`chirish usullari, bezak buyum turlari va ularni tikish texnologiyasi, milliy naqsh tili alifbosi, naqsh namunalarini chizish hamda kashta gul namunalari yoritilgan.
Keyingi vaqtlarda kashtachilik san'ati o`zining qiymatiga, ranglarda nazokatni chuqur his qilishga, milliy naqshlarning ayrim elementlari va kompozitsion tikilishiga talab kuchayib bormoqda. Chunki badiiy bezakka bo`lgan qiziqish tobora oshib bormoqda.
Kashtachilik hunarini qunt va tirishqoqlik bilan o`rganishingiz kerak. Tikilgan naqsh bezaklari orqali siz borliqni, go`zallikni, yaxshilikni, kishilarga tikkan kashtangiz orqali estetik zavq bag`ishlaysiz. Bular orqali siz kelajakda meros bo`lib qolgan milliy san'atimizni, an'analarimizni davom ettirib, nodir asarlar yaratib, kashtachilik san'atining xazinasiga, madaniyatimizga katta hissa qo`shgan bo`lasiz.
KASHTACHILIK SAN’ATI TARIXI
O`zbek milliy kashtado`zlik xalq hunarmandchilik san'atining eng qadimiy turlaridan bo`lib, u xalqning o`z turmushini go`zal qilish istagi natijasida yuzaga kelgan. Kashta kiyimlar va buyumlarni bezashda hamda ro`zg`or bezak buyumlari tayyorlashda qadimdan qo`llaniladi.
Kashtachiligimiz san'ati nafaqat mamlakatimizda, balki chet ellarda ham shuhrat qozongan. O`zbek chevar ustalari qo`llari bilan tikilgan kirpich, so`zana, zardevor, gulko`rpa, choyshab kabilar Fransiya, Italiya, Yaponiya, Germaniya, Belgiya, Amerika, Hindiston kabi xorijiy, shuningdek Respublikamizning Farg`ona vodiysida faqat xonadonlarda emas, balki amaliy san'at muzeylarida ko`p namunalari to`planib, doimiy ekspozitsiyaga aylanib qolgan.
Hozirgacha buyumlar o`ziga x
os go`zallik, nafis bezaklarning rang-barangligi bilan kishilarni hayratga solib kelmoqda. Badiiy kashtachilik uzoq tarixga ega, buni arxeologik topilmalar va yozma manbalar isbotlab bermoqda. O`zbek kashtachiligi iqlimi, tabiiy sharoit, muhit bilan bog`liq holda barcha kasb-hunarlari bilan birgalikda rivoj topgan. XIV - XV asrlarga mansub miniatyuralar orqali kashtachilikning juda qadimdan rivojlanganligini ko`rish mumkin. Ispan elchisi Rui Ganzalem de Klavixo Amir Temur saroyida o`zbek milliy kashta bezaklarini ko`rganini kundaligida yozib qoldirgan. Kamoliddin Behzod "Zafarnoma"ga ishlagan.
"Temur taxtda" miniatyurasida chodirga ishlangan kashtani ham aks ettirgan.
O`zbek kashtachiligi qo`shni xalqlar kashtachiligi ta'sirida boyidi va rivojlandi. O`zbek kashtalariga e'tibor bersak, unda hind, xitoy, rus, qozoq, qirg`iz va toj ik kashtachiliklarining usullarini uchratamiz.
Kashtachilik san'atida har bir millatning o`ziga xos eng ko`p qo`llaydigan naqshlari bo`ladi.
O`zbek kashtalarida o`simliksimon, geometrik shakl hamda gul naqshlari ko`p qo`llaniladi. Qadimiy an'analarga ko`ra, o`zbek qizlari-bo`lajak kelinchak seplari bo`lmish har xil kashtachilik buyumlarini ya'ni dastro`mol, choyxalta, parda, belbog`, sumka, nimcha, joynomoz, gulko’rpa, kirpich, zardevor, choyshab, so`zana, kiyim bezaklari va bosh kiyimlarini, sovg`alarni o`zlari tayyorlashgan. To`yda kuyovning qarindosh-urug`lariga kelin o`zi tikkan buyumlarini sovg`a qilgan. To`ydan oldin sep yoyib ko`rgazma qilinar, bu kelinning chevarligini, mehnatsevarligini namoyish etishi va kashta qanchalik nozik, chiroyli bo`lsa yuqori baholanar edi. Qizlar juda yoshligidan boshlab kashta tikishga o`rgatilib, ular uch, to`rt yildan keyin mustaqil kashta tikishni boshlaganlar. O`rta Osiyoda kashtachilik juda keng tarqalgan bo`lib, oilada kashta tikish bilan ayollar shug`ullanishgan. O`tmishda bu kashtalar oq va tabiiy malla shoyi, adras, hisoriga, baxmal matolarga tikilgan, keyinchalik satin, shoyi, baxmalga tikiladigan bo`ldi. Ish jarayonida ular o`z mahoratlarini oshirishgan, bir-biridan va kattalardan avlodlar tajribasini o`rganishgan. Xalq badiiy hunarmandchilik mahsulotlari faqat bizning mamlakatimizda emas, balki chet mamlakatlarda ham cheksiz talab qilinadi. Pliniyning aytishicha, Vavilon kashtachiligi qadimdan mashhur bo`lib, matoga turli rangdagi iplar bilan kashta tikishni o`sha yerda kashf etishgan.
Keyinchalik Vavilon Rim imperiyasi tarkibiga kirgach ipak, zar yoki jun ip qo`shib tikilgan rang-barang kashtachiligi bilan shuhrat qozongan. Kashtachilik san'atining an'analari Vizantiyada ham rivoj topgan.
XIII va XV asrlarda Kichik Osiyo doirasida paydo bo`lgan hamda Vizantiya imperiyasini barbod qilgan usmoniy turklar ham ushbu san'atga o`zlarining munosib ulushlarini qo`shganlar. Qrim va Kavkazning qayeridaki Vizantiya madaniyati uzoq vaqt kuchli ta'sir o`tkazgan bo`lsa, o`sha yerda kashtachilik rivojlanavergan. Qadimgi Rus ham Vizantiyaga taqlid qilib kashtachilik san'atini o`rgangan. Rus kashtasi gullarining xarakteriga va tikilish usullariga ko`ra juda turli-tumandir. Popok (yo`rma) chokli kashta tikish Olonets, Vologda oblastlari va Arxangelsk oblastining g`arbiy qismida keng tarqalgan. Hozirgi vaqtda Rossiyada ellikdan ortiq baxyasimon kashtado`zlik korxonalari bor. Ivanovo, Ryazan, Kalinin, Smolensk va boshqa oblastlarda kashtado`zlik markazlari bo`lib, u yerdagi korxonalarda turli kiyimlar va uy ro`zg`orni bezaydigan turli buyumlar ishlab chiqariladi.
XIX asrning ikkinchi yarmida kashta tikish mashinasining ixtiro etilishi kashtachilik korxonalarining vujudga kelishiga asos soldi.
Kashtado`zlikning yirik namoyandalaridan Andijondagi "Qizil bayroq" arteli rassom kashtado`zi X.Nazarov, Samarqanddagi "Xotin-qizlar mehnati" arteli kashtado`zi Usmon Shokirov, toshkentlik kashtado`z va chizmakash Xayri Sobirovalar kashta buyumlariga yangi turli xil naqsh kompozitsiya va tikish usullarini yaratdilar. X.Sobirova onasi Zaxira Mirxoliqovadan qo`lda, mashinada tikish sirlarini va chizmachilikni o`rgandi. X. Sobirova 15 yoshidan boshlab onasining kashtado`zlik hunarini davom ettirib, "Sharq guli" va "Ilg`or" nomli Stalin artelida 16 yil ishlab ko`p shogirdlar yetishtirishda o`z hissasini qo`shdi.
Yetishib chiqqan kashtachilar o`zining san'ati va tabiatiga ko`ra go`zallik xaqidagi orzularini ifodalashga harakat qilganlar.
Takrorlash uchun savollar.
1. Xalq hunarmandchiligi san'atining qaysi turlarini bilasiz?
2. Qadimda kashtachilik qayerlarda ishlatilgan?
3. Kashtachilikda qanday bezak buyum turlari bor?
4. Kashtalar qadimda qanday matolarga tikilgan?
5. Kashtado`zlardan kimlarni bilasiz?

1-rasm. Ustoz va shogirdlar
KASHTA TIKISH ASBOBLARI VA MOSLAMALARI
Qo`lda kashta tikish uchun o`ziga xos asboblar bo`ladi. Kashtachilikda ignalar, angishvona, qaychi, santimetr lenta, ilmoqli va ilmoqsiz bigizlar hamda chambarak ishlatiladi.
Kashtachilikda oq, kul rang, och sariq, och malla rangli surp, bo`z, karbos, shoyi, baxmal, chit yoki satin kabi matolar ishlatiladi. Bunday matolarda naqshlar chizilganda yaxshi ko`rinadi, rangli iplarning aksariyati unga mos tushadi.
Gul, rasm, naqshlar chizish uchun chizg`ichlar, yumshoq va qattiq qalamlar, daftar, albom, o`chirg`ich, millimetrlangan qog`oz, nusxa ko`chiradigan qog`oz va shaffof qog`ozlar kerak bo`ladi.
Chambarak gazlamani tarang tortib turish uchun ishlatiladi. 20-40 sm li ikkita gardishdan iborat bo`lib, bir- birini ichiga tushib turadi. Agar kichik gardish katta gardish ichiga qiyin tushadigan bo`lsa, katta gardishning ichki tomonini jilvir bilan tozalash kerak.
U juda kichik bo`lib, katta gardishdan tushib ketadigan bo`lsa atrofiga yupqa gazlama o`rab qo`yish mumkin.

2-rasm. Kashta tikish chambaraklari
Kashta tikiladigan gazlamani chambarakka tortishda uning kichik gardishi qo`yilib, iplarini qiyshaytirmasdan to`g`rilanadi. Katta gardishni uning ustiga qo`yib, bosib gazlama tarang tortib qo`yiladi. Chambarak tortilayotgan yupqa gazlama yirtilmasligi, shuningdek, kashta tikiladigan gazlama ish paytida kir bo`lmasligi uchun, uning ustiga o`rtasi chambarakning diametridan kichikroq doira qilib qo`yilgan boshqa gazlama qo`yiladi.
Chambaraklar stolga mahkamlab qo`yish uchun vintli bo`lishi ham mumkin. Kashtalarning ko`p xillarida umuman chambarak ishlatilmaydi. Kashta tikish uchun cho`ziqroq ko`zli kalta (1 va 2 tartibli) ignalar tanlanadi. Ignaning ko`zi katta bo`lsa, bir necha qavat ipni o`tkazish oson bo`ladi. Bunday ignalar sanama va oddiy choklarni tikishda, hamda ipni sanash va ajratib olish uchun qulay. Jun ipni ignaga o`tkazish qiyin. Bu ipni o`tkazish uchun ignalar komplektidagi ip o`tkazgichdan foydalanish mumkin. Uning bir qatim ipak yoki ingichka g`altak ip bilan o`tkazsa ham bo`ladi.
Ipakni ikki qavat qilib, hosil bo`lgan petlya ichiga jun ipi uchun kiritiladi, ipakning ikkala uchini igna ko`zidan o`tkazib, jun ip bilan birga tortib olinadi. Zich va yupqa (markizet, shoyi, batis, shifon) gazlamaga kashta tikishda, ko`zi kichik, ingichka igna kerak bo`ladi. Yo`g`on igna sanchilgan joylarda teshik qoladi. Katta ko`zda esa ingichka ipni yaxshi tutib bo`lmaydi. Buyumlarni biriktirib ko`klash uchun 1 va 3 tartibli ignalar ishlatish qulayroq.
Kashtani chambaraksiz tikishda, bir necha qavat gazlamaga igna sanchishda, buyumlar chetini buklab tikishda ignani gazlamadan o`tkazish uchun angishvona kerak bo`ladi. Ang- forscha angusht, ya'ni barmoq, vona, bona saqlovchi degan ma'noni bildiradi. Qo`lga igna kirib ketmasligi uchun barmoqqa qo`yiladigan metall g`ilof. Angishvonaning usti va yoni ignani qadashda toyib ketmasligi uchun chuqurchalar qilib tayyorlanadi. Angishvona o`ng qo`lning o`rta barmog`iga taqiladi, uni barmoqning yo`g`onligiga qarab tanlanadi, lekin u barmoqni siqib yoki undan tushib qoladigan bo`lmasligi kerak. Naqshlar uchun o`tkir uchi 10-12 sm uzunlikdagi qaychilar ishlatiladi. Ishlash uchun uch xil uchi ingichka kichkina qaychi gazlamadagi ipni qirqish va tortib olib tashlash uchun; uchi qayrilgan o`rtacha kattalikdagi qaychi-kashta tikayotganda ip uchini qirqish uchun; katta qaychi gazlama kalava iplarini qirqish uchun. Qaychilar yaxshi charxlangan, tig`larining uchi to`la yopiladigan bo`lishi kerak.
Santimetrli lenta tikish ishlarida buyum o`lchamlarini aniqlash, gazlamaga bezakni rejalash, tikish ishlarini bajarishda foydalaniladi. Kashtachilikda yog`och dastali ikki xil, ya'ni ilmoqli- ilmoqsiz bigizlar ishlatiladi. Kashta tikishda ilmoqli bigiz ayrim materiallarga masalan charm, kartonga ninani qiynalmay o`tkazish uchun, oldin ilmoqsiz bigiz bilan teshib olinadi, so`ngra kashta tikiladi. Millimetrli qog`oz-naqshlar, ayniqsa geometrik, sanama naqshlar tuzish kerak bo`ladi.
Kashta gulni gazlamaga ko`chirishga tayyorlashda shaffof qog`oz ishlatiladi. Naqsh avval shaffof qog`ozga ko`chiriladi, keyin qog`ozdan gazlamaga ko`chiriladi. Kashta gulni gazlamaga ko`chirish uchun nusha ko`chiradigan (kopirovka) qog`ozi ishlatiladi.
Takrorlash uchun savollar.
1. Kashtado`zlikda qanday gazlamalar ishlatiladi ?
2. Kashta tikishda qanday asboblardan foydalaniladi?
3. Qanday chambarak shakllari bor ?
4. Kashta tikishda qanday ignalar tanlanadi?
NAQSH VA UNING TURLARI
Kashta tikish uchun kashta gul, rasm bo`lishi zarur. Naqsh- arabcha tasvir gul degan ma'noni anglatadi. Kashtado`zlik san'atida har bir millatning o`ziga xos eng ko`p qo`llaydigan naqshlari bo`ladi. O`zbek kashtalarida o`simliksimon, geometrik hamda gul naqshlari ko`p bo`lsa, rus kashtachiligida geometrik, o`simliksimon shakllar, gullar, qush va mevalar ko`p tasvirlanadi, qozoq va qirg`iz kashtachiligida esa ko`proq hayvonlar, shox va tuyoqlarni eslatuvchi elementlar tasvirlanadi. Rang-tasvir vositalar yordamida ishlangan, nur va soyalar hajmni keltirib chiqaradigan, shu bilan birga o`ylamay-netmay tabiatdan aynan ko`chirishga intilmagan rasmchini naturadan yaqinroq bo`lishi mumkin. Kashta gulini yaratishda naturaga qarab rasmni chizib oladi, keyin uni naqshga va turli naqshdor kompozitsiyaga aylantiriladi. Naqsh bilan amaliy san'at buyumlari bezatiladi, shuning uchun u buyumning ajralmas qismi bo`lib, o`sha buyumning shakliga, vazifasiga va qanday materialdan tikilishiga butunlay bog`liq bo`ladi. Rasmni naqshga aylantirishda uning (guli va hokazo) xarakterli belgilari tanlanadi. O`simlik, qush motivlarini aniq ko`rsatishga intilmay, faqat asosiy chiziqlarigina bo`rttirib kontur qilib chiziladi.
Biror buyumni tikishdan oldin uning badiiy yechimini o`ylab ko`rish, bezakning undagi ayrim bo`laklarining buyum yuzasiga qanday joylashtirishni, elementlarning nisbatlarini, qanday rangda tikishni, ya'ni kompozitsiya tushunchasiga kiradigan hamma narsani aniqlab olish kerak. Kompozitsiya xarakteri ko`proq ritmga-naqshdagi alohida elementlarga bog`liq bo`lib, bu kompozitsiyaning ifodali bo`lishiga aniq idrok etilishiga yordam beradi.
Kompozitsiya (mujassamot) - lotincha "Kompositio" so`zidan olingan bo`lib, to`qish, tuzish, bir-biriga solishtirish, naqshni g`oyasi, xarakteri va vazifasiga, muvofiq uyg`un hamda mutanosib joylashtirish degan ma'noni anglatadi. Ritm-naqsh kompozitsiyasining ma'lum bir qismi ma'lum bir masofada doimiy ravishda bir tekisda takrorlanib kelishi bo`lib, naqshdagi harakatning uzluksiz va go`zal ko`rinishini ta'minlaydi. Simmetriya-grekcha so`zdan olingan bo`lib, o`lchovlarning bir-biriga munosibligi tushuniladi.
Bezakning simmetrik tuzilishi. Assimetriya-kompozitsiyada simmetrik qonun-qoidalarining muvozanatini buzilishidir.
Stilizatsiya-tabiatdagi o`simlik va boshqalarning tasviri, rangi, shakli va uzilishini badiiy usulda umumlashtirishdir. Naqshni tuzishda geometrik shakllar (uchburchak, kvadrat, yulduzcha, aylana va hokazolar) dan shuningdek, to`lqinsimon, siniq chiziqlar, spirallardan, o`simliklar (barglar, shoxlar, daraxtlar) dan, jonivorlar dunyosi (hashoratlar, qushlar, baliqlar, hayvonlar) tasviridan foydalanish mumkin. Naqshda geometrik shakllar bilan tabiatdagi o`simliklar qo`shilgan bo`ladi.
Kashta bezaklariga simmetrik, ya'ni asosiy chiziqlar, shakllar, ranglarning gorizontal yoki vertikal simmetriya o`qiga nisbatan qonuniy joylanishi xarakterlidir. Gul bitta, shuningdek, ikkita yoki bir necha simmetriya o`qiga nisbatan tuzilishi mumkin.

3-rasm. Bezakning summetrik tuzilishi
Kashtada gul ko`pincha yopiq yuzada, ya'ni qandaydir geometrik shakl bilan chegaralangan yuzada tuziladi. Bu kvadrat yoki to`g`ri to`rtburchak shaklidagi dasturxon, so`zana, palak, zardevor, kirpich, choyshab, belbog`, yostiq ustiga yopiladigan jildi, dastro`mol va hokazolar bo`lishi mumkin. Buyum shakliga va kashtado`zning mo`ljaliga qarab kashta gulning shakli va joy o`zgarishi, masalan, dasturxon, dastro`mollarning burchaklariga yoki o`rtasiga kashta tikilishi mumkin. Burchakdagi kashta gullarining tuzilishi har xil bo`ladi. Bezakda bargli va gulli novdalar burchakdan chap va o`ng tomonga yo`nalgan. Hamma bezaklarda aytilgan o`simliklarga o`xshashlik saqlanib, gul va barglari yangi shaklga kiradi.
Ularda tabiatda uchraydigan kamchiliklar: burishgan yoki singan barglar, buralgan gulbarglar, singan yoki zichlashgan shoxchalar yo`q. Bunday novdani ko`rish uchun barglarni surib tekislash, ulardan bir qismini uzib tashlash kerak. Rassom ham kashta bezagini yaratishda xuddi shunday qiladi. Gul va barglarning aniq shakllari rassom o`ylaganicha itoat etib, yangicha yo`l yoki yuzani to`ldiradi.
Bunday bezaklarda gullar, barglar va mevalar bir-biriga halaqit bermaydi, bir-birini ustiga o`tmaydi. Buyumni bezak elementlari shunday joylashtiriladiki, ular orasidagi bo`sh joylari bir tekisda taqsimlanib, bezakning bir qismi bo`lib qoladi.
Kashta uchun xalq orasida tarqalgan bezaklar va rassomlar yaratgan rasmlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Rasmlarning ba'zi qismlarini ixtiyoriy ravishda kompozitsiyalash ham mumkin, lekin tabiatni kuzatib, bezaklarni buyum yuzasiga joylashtirishni ham o`ylab topish yanada qiziqarliroqdir.
KASHTA TIKISHDA RANGLAR TANLASH
Kashta tikish rang bilan chambarchas bog`liq. Iplarni tanlashda ranglarning yo`g`onlashuvini, ular bir-biriga qanday ta'sir etishini bilish zarur. O`zaro mos ranglarni tanlashda berk spektr qatori ranglaridan iborat ranglar doirasi asos qilib olinadi.
Agar uch qirrali shisha prizmadan nur tarami o`tkazilsa, u tarkibiy qismlarga bo`linib ko`rinadi, rangli yo`l-spektr hosil bo`ladi.
Tabiatda ranglarning bunday qo`shilishini ko`pincha kamalakda, quyosh nuri shudring zarralaridan o`tishida ko`rish mumkin. Ko`zga ko`rinadigan spektr uzluksiz o`zgara boradigan qizil, to`q sariq, sariq, yashil, zangori, ko`k, binafsha ranglar qatoridan iborat. Bu ranglar bir-biridan oraliq tuslar gammasi bilan ajralgan bo`ladi. Agar spektr ranglarini o`sha tartibda doiraga joylashtirilsa, ko`k- binafsha va qizil ranglar orasida to`q qizil rang bo`ladi.
Ranglar doirasini diametri bo`yicha bir tomonda qizil to`q sariq va sarg`ish-yashil, ikkinchi tomonida zangori-yashil, ko`k, ko`kish-binafsha ranglar qoladigan qilib ikkiga bo`lish mumkin. Doiraning qizg`ish-sariq bo`lagidagi ranglari iliq va ularga qarama-qarshi hamma ranglar turlarini sovuq ranglar deyiladi. Ular ko`kimtir ufq, suv, muz ranglarni eslatadi. Har qanday rang o`zining tusi, och va to`qligi bilan xarakterlanadi. Rang tusi-qizil, ko`k, sariq va hokazo- rangdorlik.